Yaxyaev Umar Abdixakimovichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): “Elektrotexnika chiqindilaridan kumush nanozarrachalarini olish va keramik buyumlarga antibakterial qoplamalar texnologiyasini ishlab chiqish”, 02.00.15 – Silikat va qiyin eriydigan nometall materiallar texnologiyasi, 05.02.01 – Mashinasozlikda materialshunoslik. Quymachilik. Metallarga termik va bosim ostida ishlov berish. Qora, rangli va noyob metallar metallurgiyasi (texnika fanlari).  
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.PhD/T6125.
Ilmiy rahbarlar: Aripova Mastura Xikmatovna, texnika fanlari doktori, professor; Abduraxmonov Odiljon Eshmuhammad o‘g‘li, texnika fanlari nomzodi, dotsent. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent kimyo texnologiya instituti, DSc.03/2025.27.12.T.42.01. 
Rasmiy opponentlar: Babaxanova Zebo Abdullaevna, texnika fanlari doktori, professor;     Sharafutdinov Ulug‘bek Ziyatovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi: elektrotexnik chiqindilardan kumush nanozarrachalarini ajratib olish va keramik buyumlarga antibakterial qoplamalar qoplash texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
elektrotexnika chiqindilaridan Ag ni ajratib olishda sementatsiya jarayoni kinetikasi va mahsulot tozaligi o‘rtasidagi bog‘liqlik aniqlandi: Zn ning yuqori qaytaruvchanligi mayda Ag zarrachalarining jadal hosil bo‘lishini ta’minlab, 97,1 % tozalikdagi Ag olishga, Fe ning nisbatan sekin sementatsiyasi esa qo‘shimcha gidroksid cho‘kmalarining hosil bo‘lishini cheklash orqali 99,6 % tozalikdagi Ag olishga imkon berishi asoslangan;
sintez jarayoni uchun uzlyuksiz oqimli tizim joriy etilib, elektrolitning peristaltik nasos yordamida uzlyuksiz sirkulyasiyasi orqali massa almashinuvi va issiqlik taqsimotining barqarorligi ta’minlandi hamda PVP stabilizatorining samarali ta’siri kuchaytirilib, Ag nanozarrachalarining o‘sish jarayonini nazorat qilish imkoniyati  aniqlangan;
ilk bor elektrokimyoviy sintez jarayonida, aylana shaklga ega katod va anodning aylanma harakati ionlarni barqarorlashtirishi natijasida 20-50 nm o‘lchamdagi Ag nanozarralarni olish imkoniyati tasdiqlangan; 
Ag nanosuspenziyasini keramik yuzaga purkash asosida agregatsiyalanishi cheklangan, zich va mustahkam kristall qoplama hosil bo‘lish sharoitlari asoslandi; Ag nanozarrachalari o‘lchami–kuydirish harorati o‘rtasidagi qonuniyat aniqlanib, 5–50 nm diapazondagi zarrachalar uchun 500–750 °C optimal haroratlar belgilangan;
turli kuydirish rejimlarida SiO2 – Al2O3 – CaO – MgO – K2O – Na₂O tizimidagi shishasimon fazada kumushning nanostrukturaviy fazasi shakllanish qonuniyatlari ilk bor asoslangan;
Ag nanozarrachalari asosidagi qoplamalarning S. aureus (KOE106), gemolitik stafilokokk (KOE105) va laktoza-manfiy E. coli (KOE104) shtammlariga nisbatan biotsid faolligi aniqlanib, uning mikroorganizmlar hujayra membranasi yaxlitligining buzilishi hamda fermentativ jarayonlar va DNK faoliyatining izdan chiqishi bilan bog‘liq mexanizmi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Elektrotexnik chiqindilardan yuqori tozalikdagi kumush nanozarrachalarini olish, kumush nanozarrachalari va nanosuppenziyalari asosida keramik buyumlar uchun antibakterial qoplamalar olish texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan natijalar asosida: 
elektrotexnik chiqindilardan kumushni ajratish texnologiyasi “O‘zbekiston texnologik metallurgiya kombinati” AJi ishlab chiqarish amaliyotiga joriy qilingan (“O‘zbekiston texnologik metallurgiya kombinati” AJ ma’lumotnomasi). Natijada ortiqcha ionlardan tozalangan va yuqori barqarorlikka ega mahsulot ishlab chiqarish imkonini bergan;
elektrotexnik chiqindilardan kumush nanozarrachalarini olish texnologiyasi “O‘zbekiston texnologik metallurgiya kombinati” AJi ishlab chiqarish amaliyotiga joriy qilingan (“O‘zbekiston texnologik metallurgiya kombinati” AJ ma’lumotnomasi). Natijada elektroliz jarayoni kuchlanish (0,1-3,3 V) va tok kuchi (0,02-0,05 A) ning turli qiymatlarida, stabilizatorlar sifatida polivinilpirrolidon (PVP) va polivinil spirti qo‘llanilib, 5-25 nm diapozondagi nanozarrachalar olish ikoniyatini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish