Avalbaev Olimjon Narkuzievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «G‘arbiy Pomir-Oloy tizmasi Ferula L. turlarining bioekologiyasi va ulardan oqilona foydalanish usullarini takomillashtirish», 03.00.05–Botanika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/B13.
Ilmiy rahbar: Rahmonqulov Umarqul, biologiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jizzax davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, PhD.30.08.2018.B.02.08.
Rasmiy opponentlar: Raximova Tashxanim, biologiya fanlari doktori, professor; Xaydarov Xislat Qudratovich, biologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: G‘arbiy Pomir-Oloy tizmasi (Turkiston, Zarafshon, Hisor) tog‘larida uchraydigan Ferula L. turkumi istiqbolli turlari tarkibini, bioekologik xususiyatlarini aniqlash hamda muhofaza chora-tadbirlarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
G‘arbiy Pomir-Oloy tizmasi Ferula L. turlari tarkibi aniqlangan;
ilk bor tabiiy sharoitda F. foetida (Bunge) Regel, F. helenae Rakhmankulov et Melibaev, F. dshizakensis Korovin, F. angrenii Korovin turlarining bioekologik xususiyatlari ontogenezda aniqlangan;
Ferula L. turlarining gullash biologiyasi va urug‘ mahsuldorligi ochib berilgan;
o‘simliklarni urug‘idan ko‘paytirish usullari ishlab chiqilgan;
ayrim Ferula L. turlarining tarqalishini aks ettiruvchi GAT xaritalari tuzilgan;
ayrim kamyob va endem Ferula L. turlarining kamayib ketish sabablari aniqlanib, muhofaza choralari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
G‘arbiy Pomir-Oloy tizmasi Ferula L. turlarining bioekologiyasi va ulardan oqilona foydalanish usullarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Ferula L. turkumi istiqbolli turlaridan urug‘lik pitomniklarini tashkil etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar Jizzax viloyati Paxtakor tumani “Oq kovrak”, Arnasoy tumani “Shifo kovrak” va “Sardor Valijonov” fermer xo‘jaliklari, Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani “Chuchchiquduq” QFY dalalariga hamda Jizzax viloyati Baxmal tumani davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining 2019 yil 9 oktyabrdagi 05/06-351-son ma’lumotnomasi). Natijada mahalliy va xorijiy farmatsevtika bozorida xomashyosiga talab yuqori bo‘lgan F. foetida, F. kuhistanica, F. kokanica turlarining jami 300 gektar sanoat plantatsiyasini tashkil etish imkonini bergan;
G‘arbiy Pomir-Oloy tizmasida tarqalgan Ferula L. turkumiga mansub 10 turi populyasiyalarining hozirgi holati, tarqalish areali aks ettirilgan GAT xaritalar, F. nuratavica Pimenov turini “O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobi”ning keyingi nashriga kiritish bo‘yicha takliflar Jizzax viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining amaliy faoliyatiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2019 yil 22 oktyabrdagi 03-03/1-3848-son ma’lumotnomasi). Natijada Ferula L. turlarining tarqalgan areallarini, kamayib borish sabablarini aniqlash hamda muhofaza qilish chora-tadbirlarini ishlab chiqish imkonini bergan;
Ferula L. turkumi turlari urug‘larining dala sharoitlaridagi unuvchanligi va maysalarning yashovchanligini oshirish, ko‘chat tayyorlash va ko‘paytirishga oid amaliy tavsiyalar Jizzax viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2019 yil 22 oktyabrdagi 03-03/1-3848-son ma’lumotnomasi). Natijada Ferula L. turkumi turlari tabiiy populyasiyalarini qayta tiklash, saqlab qolish hamda tirik kolleksiyalarini yaratish imkonini bergan.