Rashidov Sardor Ulug‘bek o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): “Ko‘p kvartirali uylarning texnik holati monitoringi tizimini raqamli texnologiyalar yordamida takomillashtirish (Toshkent shahri misolida)”, 18.00.02 – “Rayonlashtirish. Shaharsozlik. Qishloq turar joylarini rejalashtirish. Landshaft arxitekturasi. Bino va inshootlar arxitekturasi” (texnika fanlari) va 05.09.01-“Qurilish konstruksiyalari, binolar va inshootlar” tutash ixtisosliklari.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/T5799.
Ilmiy rahbar: Xotamov Asadulla Toshtemirovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent arxitektura-qurilish universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent arxitektura-qurilish universiteti huzuridagi PhD.03/2026.09.01.T.03.M raqamli Ilmiy kengash negizidagi bir martalik Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Yunusaliev Elmurod Mahammatyakubovich, texnika fanlari doktori, dotsent.  Xaltursunov Erkin Berkinbaevich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: “Qishloqqurilishloyiha” DM
Dissertatsiya yo‘nalishi. Texnika yo‘nalishi. Nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi:
Toshkent shahrida ekspluatatsiyadagi ko‘p kvartirali uylarning texnik holatini real vaqt rejimida raqamli texnologiyalar yordamida samarali nazorat qilish tizimining ilmiy asoslangan modelini hamda uni joriy etish bo‘yicha amaliy tavsiyalarni ishlab chiqish. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
– ekspluatatsiyadagi ko‘p kvartirali uylarni seysmik barqarorlik darajasiga ko‘ra texnik holat toifalariga ajratuvchi, milliy meʼyoriy hujjatlarga asoslangan tasnif ishlab chiqilgan;
– ko‘p kvartirali uylarning modal parametrlarini chekli elementlar metodida hisoblash va ularni mikroseysmik tebranishlar usulidagi o‘lchov natijalari bilan taqqoslash orqali hisob modelining haqqoniyligini baholash hamda real vaqt rejimidagi monitoring uchun binoning bazaviy holatini asoslash usuli ishlab chiqilgan;
– binoning xususiy tebranish chastotasiga asoslangan shikastlanish indeksi bilan qavatlararo nisbiy ogʻish ko‘rsatkichini monitoring rejimiga qarab almashinuvchi yagona baholash shkalasida birlashtiradigan integral texnik holat indeksi (ITHI) hamda milliy meʼyorlarga bogʻlangan to‘rt darajali baholash shkalasi ishlab chiqilgan;
– shaharsozlik kadastrini raqamli boshqarish tizimida ko‘p kvartirali uylarning texnik holatini real vaqt rejimida kuzatuvchi yopiq siklli monitoring va kelgusi holatini prognozlash modeli hamda uni amalga oshiruvchi algoritm ishlab chiqilgan;
– bino darajasidagi monitoring natijalarini shahar darajasidagi boshqaruv qarorlariga aylantiruvchi besh qatlamli funksional sxema hamda shahar hududini seysmik xavf bo‘yicha ustuvorlik zonalariga ajratish va monitoring tarmogʻini bosqichma-bosqich joriy etish xaritalari shakllantirilgan;
– ko‘p kvartirali uylar monitoringini shahar miqyosida tabaqalashtirilgan tarzda joriy etish uchun integral texnik holat indeksi, seysmik xavf va iqtisodiy samaradorlik ko‘rsatkichlarini birlashtiruvchi optimallashtirish usuli ishlab chiqilgan. 
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Binolarning konstruktiv-tipologik xilma-xilligini hisobga oluvchi seysmik zaiflik matrisalari tizimi hamda binoning xususiy tebranish chastotasiga asoslangan shikastlanish indeksi bilan qavatlararo nisbiy ogʻish ko‘rsatkichini monitoring rejimiga qarab almashinuvchi yagona baholash shkalasida birlashtiradigan integral texnik holat indeksi (ITHI) ga oid echimlar Toshkent arxitektura-qurilish universiteti huzuridagi Seysmik xavfsizlik va barqaror qurilish milliy tadqiqot institutida joriy qilingan (2026-yil 6-iyundagi 04-son dalolatnoma). Natijada binolarni xavf darajasiga ko‘ra ustuvor monitoringga jalb etishga mo‘ljallangan geoinformatsion (GIS) platformani shakllantirishda foydalanilgan;
chekli elementlar metodi (FEM) va mikroseysmik tebranishlarni o‘lchash usulidagi instrumental natijalarni solishtirish orqali loyiha hisoblarining ishonchliligini baholash hamda binolarning keyingi texnik holatini prognozlash va ta’mir tadbirlarini rejalashtirishga oid echimlar «Konstruktorlik byurosi» MChJ faoliyatida joriy qilingan (2026-yil 25-iyundagi 54-26-son dalolatnoma). Natijada loyiha hisob modellarini instrumental o‘lchov bilan tekshirish va binolarning texnik holatini prognozlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan;
mavjud turar-joy fondiga tegishli binolarning seysmik xavfsizligini instrumental va uzlyuksiz nazorat qilish hamda normativ hujjatlardagi texnik-metodik bo‘shliqni to‘ldirishga qaratilgan natijalarning amaliy ahamiyati O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan tasdiqlangan (2026-yil 30-iyundagi 34-06/8978-son ma’lumotnoma).

Yangiliklarga obuna bo‘lish