Adenbaev Baxtiyor Embergenovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Quyi Amudaryoning gidrologik rejimi va suv bilan ta’minlanganligining hozirgi holati», 11.00.03–Quruqlik gidrologiyasi. Suv resurslari. Gidrokimyo (geografiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/Gr9.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Gidrometeorologiya ilmiy-tekshirish instituti, DSc.27.06.2017.G.47.01.
Rasmiy opponentlar: Chembarisov El`mir Ismailovich, geografiya fanlari doktori, professor; Raxmatullaev Arzimurad, geografiya fanlari doktori; Rafikov Vaxob Asomovich, geografiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Amudaryo quyi oqimi gidrologik rejimining irrigatsiya va suv xo‘jaligi tadbirlari ta’sirida o‘zgarish xususiyatlarini aniqlash va Orolbo‘yi hududining suv bilan ta’minlanishining hozirgi kundagi hamda kelajakdagi holatlarini baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Orol dengizi sathining pasayish tendensiyalarini belgilovchi gidrologik jarayonlarning unga quyiladigan Amudaryo va Sirdaryo oqimlari hajmlarining kamayishiga bog‘liqligi statistik baholangan;
Amudaryo suv resurslari gidrologik ko‘rsatkichlari miqdoriy qiymatlarining daryo uzunligi va vaqt bo‘yicha o‘zgarishlari shartli tabiiy gidrologik rejimli (1925–1954 yy.) va daryo oqimiga antropogen ta’sirlar kuchaygan (1955–2016 yy.) hisob davrlari uchun aniqlangan;
Amudaryo quyi oqimining gidrologik rejimi elementlari – suv sathi, suv sarfi, oqim hajmi shartli tabiiy va antropogen rejimli sharoitlar uchun hisoblangan va ularning miqdoriy qiymatlari yaqin kelajakdagi 10-15 yillik muddat uchun baholangan;
Quyi Amudaryo gidrokimyoviy rejimining o‘zgarishlari aniqlanib, uning hozirgi holati baholangan va kelgusidagi o‘zgarish tendensiyalari prognoz qilingan;
Quyi Amudaryo va Orolbo‘yi hududlarida daryo suvidan iqtisodiyotning turli tarmoqlarida foydalanish miqyoslarining oxirgi yillardagi holati baholangan va uning samaradorligini oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan;
iqlim o‘zgarishi va istiqbolda er-suv resurslaridan foydalanish miqyoslarini hisobga olgan holda Orolbo‘yi hududining kelajakdagi suv bilan ta’minlanish prognozlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Quyi Amudaryoning gidrologik rejimini o‘rganish va uning suv bilan ta’minlanganligining hozirgi holatini baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Orol dengizi sathining pasayish tendensiyalarini belgilovchi gidrologik jarayonlarning Amudaryo va Sirdaryo oqimlari hajmlarining kamayishiga bog‘liqligining statistik baholashlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida Orolbo‘yi hududida ekologik vaziyatning o‘zgarish xususiyatlarini yoritishda joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2018 yil 13 avgustdagi  TX-01/01-1-1922-son ma’lumotnomasi). Natijada Orolbo‘yi hududida ekologik vaziyatning o‘zgarish tendensiyalari tavsiflarini yangi ilmiy ma’lumotlar bilan boyitish imkonini bergan;
Quyi Amudaryo gidrologik ko‘rsatkichlarining daryo uzunligi va vaqt bo‘yicha o‘zgarishlarining tabiiy rejimli va daryo oqimiga antropogen omillar ta’siri kuchaygan hisob davrlari uchun aniqlangan qiymatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligida gidrotexnik inshootlar va irrigatsiya kanallarini ekspluatatsiya qilishda zarur bo‘lgan suv xo‘jaligi hisoblashlarida foydalanish uchun joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 7 avgustdagi 01/02-3-138-son ma’lumotnomasi). Natijada hududdagi mavjud suv inshootlari va kanallarni ekspluatatsiya qilish samaradorligini oshirish imkonini bergan;
Amudaryo quyi oqimining gidrologik rejimi elementlari (suv sathi, suv sarfi, oqim hajmi va boshqalar) turli hisob davrlari va ularning yaqin kelajakdagi 10–15 yillik davr uchun baholashlari Qoraqalpag‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligida amaliyotga joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 7 avgustdagi 01/02-3-138-son ma’lumotnomasi). Natijada respublikada suv resurslaridan samarali foydalanishning yaqin 10–15 yillikdagi perspektiv rejalariga aniqlik kiritish imkonini bergan;
Amudaryo gidrokimyoviy rejimi elementlarining baholangan hozirgi qiymatlari va ularning kelgusidagi o‘zgarishlari prognoz qilingan  ma’lumotlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida joriy etilgan  (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2018 yil 13 avgustdagi TX-01/01-1-1922-son ma’lumotnomasi). Natijada kelajakda turli xil maqsadlarda foydalaniladigan suvlarning sifatini baholash mezonlariga aniqlik kiritish imkonini bergan;  
Orolbo‘yi hududining kelajakdagi suv bilan ta’minlanishini iqlim o‘zgarishi va istiqbolda mintaqada er-suv resurslaridan foydalanish miqyoslarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan prognoz natijalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligida ilmiy-amaliy asos sifatida joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 10 maydagi 01/05-1203-son ma’lumotnomasi). Natijada respublika qishloq xo‘jaligida er-suv resurslaridan kelajakda samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan rejalarga aniqlik kiritish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish