Gulomjonov Davron Dilshodovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): “Chirchiq daryosi suv havzalari baliqlarining morfo-biologik xususiyatlari va ularga gelmintlarning ta’siri”, 03.00.15 - Ixtiologiya, 03.00.06 - Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/V1354.
Ilmiy rahbar: Safarova Feruza Ergashevna, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti huzuridagi PhD.08/2025.27.12.B.02.04 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Kuzmetov Abdulaxmet Raymberdievich, biologiya fanlari doktori, professori; Abdug‘aniev Oybek Abduxamidovich, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Chirchiq daryosi suv havzalarida tarqalgan baliq turlarining morfo-biologik xususiyatlari, ularda parazitlik qiluvchi gel`mintlarning tur tarkibi, zararlanish darajasi va gel`mintozlarning tarqalishiga ta’sir etuvchi gidroekologik omillarni baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Chirchiq daryosi suv havzalarining o‘rta va quyi oqimlarida ovlanish ahamiyatiga ega bo‘lgan baliqlarning 6 ta turi, ularning populyasion tarkibini kumush tovon baliq (Carassius gibelio) o‘rtacha 29,7 %, oq do‘ngpeshona baliq (Hypophthalmichthys molitrix) 23,7 %, oq amur (Ctenopharyngodon idella) 16,3 %, zog‘ora baliq (Cyprinus carpio) 12,4 %, oqcha baliq (Abramis brama) 10,5 % va qizil ko‘z (Rutilus rutilus) 7,4 %.ni tashkil etishi aniqlangan;
morfometriya ko‘rsatkichlari eng yuqori oq do‘ngpeshona balig‘ida umumiy tana uzunligi 54,0±1,4 sm, standart uzunligi 44,8±1,2 sm, bosh uzunligi 9,4±0,3 sm, dum asosi balandligi 6,3±0,2 sm, postdorsal masofasi 14,2±0,4 sm umumiy vazni 3330,0±22,4 gr va Q/L indeksi 61,7 ga teng bo‘lib, yosh-guruh tarkibi bo‘yicha kichik tanali turlar qizil ko‘z (1+ ulushi 52,1%), kumush tovon (49,3%), oqcha (46,3%) 1+ yoshda, katta morfotipli turlar oq amur (62,2%), oq do‘ngpeshona (57,9%), zog‘ora baliq (49,0%), 2+ yoki 3+ yoshda jinsiy etuklik darajasiga etishi aniqlangan;
baliqlarda 8 turdagi parazitlar topilgan va ularning lokalizasiyasi jabra yaproqlarida (Clinostomum complanatum, Dactylogyrus auriculatus), ko‘z olmasida (Diplostomum clavatum), jabra (voyaga etganlari) va ichaklarda (metatserkariyalari) (Rhipidocotyle illense), ichakda (Bothriocephalus acheilognathi), tana bo‘shlig‘i hamda ichki a’zolarda (Ligula intestenalis, Contracaecum squalii, Acanthocephalus anguillae) aniqlanib, eng yuqori ekstensivlik (65.0±2.4 %) va intensivlik (o‘rtacha 9.0±1.2 dona) kumush tovon balig‘ida bo‘lganligi isbotlangan;
parazitlar tarqalish darajasi bilan ekologik omillar o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik bo‘lib, eng yuqori musbat korrelyasiya: suv harorati (r=+0,78; p<0,01) va organik moddalar (r=+0,69; p<0,05) bilan, kuchsiz manfiy korrelyasiya: erigan kislorod miqdori (r=-0,62; p<0,05), suv oqimining tezligi (r=-0,55; p<0,05) va suv shaffofligi (r=-0,44; p<0,05) bilan bog‘liq bo‘lganligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Chirchiq daryosi suv havzalari baliqlarining morfo-biologik xususiyatlari va ularga gel`mentlarning ta’siri bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Chirchiq daryosi suv havzalarida etishtirilayotgan sazan (Cyprinus carpio) baliqlarining mahsuldorlik ko‘rsatkichlariga gelmintlarning ta’siri ishlanmasi Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani “HAMROZ XUJA FAYZ” MChJda 0,5 gektar maydonga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar milliy markazining 2025 yil 12 dekabrdagi 05/06-04-926-son ma’lumotnomasi). Natijada, baliqchilik xo‘jaligida 8 330 dona zog‘ora balig‘idan 1 116 donasi (13,4 %) turli gelmintlar bilan zararlanib, 18 tonna sof mahsulot olindi va iqtisodiy samaradorlik, rentabellik 125 % tashkil etgan;
Tuyabo‘g‘iz suv ombori qafas baliq xo‘jaligida etishtirilayotgan karp (Cyprinus carpio L.) baliqlarining mahsuldorlik ko‘rsatkichlariga gelmintlarning ta’siri ishlanmasi Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumani Tuyabo‘g‘iz suv ombori qafas baliq xo‘jaligida 0,5 gektar maydonga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar milliy markazining 2025 yil 12 dekabrdagi 05/06-04-926-son ma’lumotnomasi). Natijada, baliqchilik xo‘jaligida 5 000 dona karp balig‘idan 460 donasi (9,2 %) turli gelmintlar bilan zararlanib, 9,0 tonna sof mahsulot olinib rentabellik darajasi 180 %.ni tashkil etish imkonini bergan;
Chirchiq daryosi suv havzalarida etishtirilayotgan oq do‘ngpeshona baliq (Hypophthalmichthys molitrix) va oq amur (Ctenopharyngodon idella) baliqlarining mahsuldorlik ko‘rsatkichlariga gel`mintlarning ta’siri ishlanmasi Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani “XURSANALI OTA BALIQCHI” MChJ xo‘jaligiga 1,0 gektar maydonga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar milliy markazining 2025 yil 12 dekabrdagi 05/06-04-926-son ma’lumotnomasi). Natijada, baliqchilik xo‘jaligida 2 000 dona oq do‘ngpeshona balig‘idan 170 donasi (8,5 %) turli gelmintlar bilan zararlanib, 5,5 tonna sof mahsulot olinib, rentabellik 154 %.ni, 1500 dona Oq amur balig‘idan 138 donasi (9,2 %) turli gelmintlar bilan zararlanib, 4,0 tonna mahsulot olinib, rentabellik 125 %.ni tashkil etgan.