Abdul Jalil Mahamaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi):
Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti sharoitida islomiy moliyani samarali joriy qilish yoʻllari, 08.00.07 - “Moliya, pul muomalasi kredit”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.1.PhD/Iqt6375.
Ilmiy rahbar: Shohaʻzamiy Shohmansur Shohnazir o‘g‘li iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mirzo Ulugbek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/2025.27.12.I.01.10.
Rasmiy opponentlar: Azimov Rustam Sadikovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Tursunov Anvar Sultonovich, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot nomi: O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti sharoitida islomiy moliyani samarali joriy qilish bilan bog‘liq masalalar echimiga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
respublikada moliya-bank infratuzilmasini rivojlantirishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmini anʼanaviy va islomiy moliya institutlarining integratsiyalashgan faoliyatini ta’minlashga xizmat qiladigan sherikchilikka asoslangan moliyalashtirish instrumentlari, foizsiz xizmatlar segmenti hamda moliyaviy inklyuzivlik modelini yaratish asosida “Milliy dualistik moliya tizimi”ni joriy etish orqali takomillashtirish taklifi asoslangan;
mamlakatda islom moliyasi faoliyatini tashkil etishning institutsional asosini Markaziy banki tarkibida islomiy bank xizmatlarini muvofiqlashtiruvchi milliy regulyator, yaʼni, “Islomiy moliya kengashi” maxsus bo‘linmasini tashkil etish orqali takomillashtirish taklifi ishlab chiqilgan;
respublikada islom moliyasi xizmatlari bozorini rivojlantirishga aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining islomiy moliya instrumentlari bo‘yicha moliyaviy savodxonligini oshirish, moliya bozoridagi axborot asimmetriyasini qisqartirish hamda ichki jamg‘armalarning rasmiy moliya sektoriga jalb etilishini kengaytirishga xizmat qiluvchi raqamli kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan milliy axborot-integratsiya tizimini joriy etish orqali erishish taklifi asoslangan;
mikromoliya tashkilotlarida islom moliyasi xizmatlari xavfsizligini ta’minlashga oldindan to‘lovga asoslangan moliyalashtirish (“salam”) xizmatlarini joriy etish va “salam” shartnomasi ob’ekti bo‘lishi ta’qiqlangan tovar va xizmatlar ro‘yxatini aniqlash tizimini joriy etish orqali erishish taklifi asoslangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti sharoitida islomiy moliyani samarali joriy qilish va uning imkoniyatlaridan samarali foydalanishga qaratilgan nazariy takliflar va amaliy tavsiyalar asosida:
respublikada moliya-bank infratuzilmasini rivojlantirishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmini anʼanaviy va islomiy moliya institutlarining integratsiyalashgan faoliyatini ta’minlashga xizmat qiladigan sherikchilikka asoslangan moliyalashtirish instrumentlari, foizsiz xizmatlar segmenti hamda moliyaviy inklyuzivlik modelini yaratish asosida “Milliy dualistik moliya tizimi”ni joriy etish orqali takomillashtirish taklifidan O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi O‘RQ-1126-sonli “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekistonda Islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar to‘g‘risida”gi qonunining 4-xatboshini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2025-yil 24-noyabrdagi №37-13/400-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida respublikada anʼanaviy va islomiy moliya institutlarining integratsiyalashgan faoliyatini ta’minlashga xizmat qiladigan “Milliy dualistik moliya tizimi”ni joriy etishga erishiladi;
respublikada islom moliyasi faoliyatini tashkil etishning institutsional asosini Markaziy banki tarkibida islomiy bank xizmatlarini muvofiqlashtiruvchi milliy regulyator, yaʼni, “Islomiy moliya kengashi” maxsus bo‘linmasini tashkil etish orqali takomillashtirish taklifidan O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi O‘RQ-1126-sonli “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekistonda Islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar to‘g‘risida”gi qonunining 101-bobini 673 va 674-moddalarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2025-yil 24-noyabrdagi №37-13/400-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bank tuzilmasida islomiy moliya faoliyati bo‘yicha maxsus tarkibiy bo‘linma orqali islomiy moliya sohasi faoliyatini samarali tartibga solish imkoniyati yaratiladi;
respublikada islom moliyasi xizmatlari bozorini rivojlantirishga aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining islomiy moliya instrumentlari bo‘yicha moliyaviy savodxonligini oshirish, moliya bozoridagi axborot asimmetriyasini qisqartirish hamda ichki jamg‘armalarning rasmiy moliya sektoriga jalb etilishini kengaytirishga xizmat qiluvchi raqamli kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan milliy axborot-integratsiya tizimini joriy etish orqali erishish taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida islomiy moliya xizmatlari bo‘yicha moliyaviy savodxonlikni oshirish konsepsiyasi” va “Islomiy moliya xizmatlari sohasida raqamli axborot-kommunikatsiya tizimini joriy etish dasturi”ni ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2025-yil 24-noyabrdagi №37-13/400-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida respublikada islomiy moliya xizmatlari bozori ishtirokchilari o‘rtasidagi axborot nomutanosibligi kamayishi, aholi va biznes sub’ektlarining islomiy moliya instrumentlaridan foydalanish faolligi oshishi, ichki investision resurslar mobilligi kuchayishi, moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari kengayishi hamda islomiy moliya sektorining milliy moliya bozoridagi institutsional ahamiyati ortishiga erishiladi;
mikromoliya tashkilotlarida islom moliyasi xizmatlari xavfsizligini ta’minlashga oldindan to‘lovga asoslangan moliyalashtirish (“salam”) xizmatlarini joriy etish va “salam” shartnomasi ob’ekti bo‘lishi ta’qiqlangan tovar va xizmatlar ro‘yxatini aniqlash tizimini joriy etish orqali erishish taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan “Mikromoliya tashkilotlarida islomiy moliya xizmatlarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom bandlarini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2025-yil 24-noyabrdagi №37-13/400-son xati bilan berilgan ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida respublikada mikromoliya tashkilotlarida islomiy moliya xizmatlarini amalga oshirishning prudensial xavflarini kamaytirish, “salam” shartnomalari bo‘yicha huquqiy va iqtisodiy noaniqliklarni bartaraf etish, shariat komplaensi darajasini oshirish hamda mikromoliya bozorida foizsiz moliyalashtirish instrumentlarining institutsional barqarorligi va aholi uchun moliyaviy ommabopligini kuchaytirishga erishiladi.