Namozov Jo‘rabek Abduazizovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmogʼi nomi): «Zarafshon mintaqasi sug‘oriladigan erlaridan foydalanishning iqtisodiy geografik xususiyatlari», 11.00.02 – Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya (geografiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.2.DSc/Gr81.
Ilmiy maslahatchi: Ibragimov Lutfullo Ziyodullaevich, geografiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSc.03/2025.27.12.Gr.09.11.
Rasmiy opponentlar: Komilova Nilufar Qarshiboevna, geografiya fanlari doktori, professor; Jumaxanov Shavkatjon Zairjanovich, geografiya fanlari doktori, dotsent; Alimkulov Nusratulla Raxmonkulovich, geografiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Zarafshon mintaqasi sug‘oriladigan erlarining hududiy tafovutlari va rivojlanish tendensiyalari asosida ulardan samarali foydalanishni takomillashtirishga qaratilgan ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Zarafshon iqtisodiy rayonida sug‘oriladigan erlardan foydalanish samaradorligiga ta’sir etuvchi tabiiy, gidrologik va ekologik-antropogen omillar, jumladan yog‘ingarchilik, daryo oqimi, er osti suvlari sathi, bug‘lanish, namlik, suv minerallashuvi hamda meliorativ-ekologik bosim ko‘rsatkichlari tizimli baholanib, ularning hosildorlik va hududiy samaradorlikka ta’sirini aniqlashga qaratilgan ilmiy-uslubiy yondashuv takomillashtirilgan;
iqlim o‘zgarishi va qurg‘oqchilik sharoitida sug‘oriladigan erlardan foydalanish samaradorligiga ta’sir etuvchi iqtisodiy va ijtimoiy omillar ekspert baholash usuli asosida tizimlashtirilib, ularning Samarqand, Buxoro va Navoiy viloyatlari hamda tumanlar kesimidagi tafovutlari aniqlangan;
Zarafshon iqtisodiy rayoni sug‘oriladigan erlari miqdori hamda suv resurslari bilan ta’minlanganlik darajasidagi o‘zgarishlar ARIMA va SARIMA modellari asosida 2030-yilgacha prognoz qilingan hamda hududiy rejalashtirish va suv tejovchi boshqaruv choralarini asoslashga qaratilgan mavjud ilmiy-amaliy mezonlar takomillashtirilgan;
mintaqadagi sug‘oriladigan er va suv resurslaridan foydalanish samaradorligini 10 ta indikator asosida integral hamda ko‘p omilli qiyosiy baholash yondashuvi takomillashtirilib, iqtisodiy geografik rayonlashtirilgan va hududiy samaradorlik darajasi bo‘yicha guruhlash mezonlari asoslangan;
landsat sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari, NDVI ko‘rsatkichlari, GAT texnologiyalari va Google Earth Engine platformasi asosida 1990–2025-yillarda Samarqand, Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi sug‘oriladigan ekin maydonlarining tadrijiy o‘zgarishlari baholangan va ularga ta’sir etuvchi asosiy omillar aniqlangan;
Zarafshon iqtisodiy rayoni sug‘oriladigan yerlarining geoaxborot ma’lumotlar bazasi shakllantirilib, er monitoringi, qishloq xo‘jaligi ekinlarini hududiy rejalashtirish va tematik kartografik ta’minotni amalga oshirishga xizmat qiluvchi seriyali hamda ko‘p masshtabli tematik kartalar ArcGIS Pro dasturi asosida ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Sug‘oriladigan erlar salohiyati va ulardan foydalanish samaradorligining kompleks iqtisodiy geografik jihatlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Zarafshon iqtisodiy rayonida sug‘oriladigan erlardan foydalanishga ta’sir etuvchi gidrologik omillar, jumladan yog‘ingarchilik, daryo oqimi, er osti suvlari, bug‘lanish va namlikning ta’sir darajasi, shuningdek qishloq xo‘jaligida etishtiriladigan mahsulotlar hosildorligini oshirishning tabiiy-xo‘jalik xususiyatlari (suvning minerallashuv darajasi, zahirasi, taqsimoti va suv sarfi) bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy-uslubiy yondashuvlar “Iqlimshunoslik va gidrologiya” nomli darslik mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025-yil 14-apreldagi 136-son buyrug‘i, guvohnoma № 761608). Buning natijasida talabalarda sug‘oriladigan erlar bilan ta’minlanganlik hamda ulardan foydalanishdagi mintaqaviy farqlarni tahlil qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish imkoniyatini bergan;
iqlim o‘zgarishi va qurg‘oqchilik sharoitida sug‘oriladigan erlardan foydalanish samaradorligiga ta’sir etuvchi iqtisodiy va ijtimoiy omillarning ekspert usuli asosida baholanishi hamda ularning hududiy farqlari yuzasidan ishlab chiqilgan ilmiy xulosalardan “Nurafshon” telekanalida 2025-yil 3-dekabrda efirga uzatilgan “Zavqli kun” ko‘rsatuvi ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (Toshkent viloyati teleradiokanali davlat muassasasining 2026-yil 21-yanvardagi 02-04-7-son ma’lumotnomasi). Natijada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-iyundagi PQ-233-son qarorida belgilangan agroekotizimlarni iqlim o‘zgarishiga moslashtirishga doir vazifalarning mazmun-mohiyatini ommaviy axborot vositalari orqali jamoatchilikka yetkazish imkoniyatini bergan;
Zarafshon iqtisodiy rayoni sug‘oriladigan erlari maydoni hamda hududlarning suv resurslari bilan ta’minlanganlik darajasidagi miqdoriy o‘zgarishlarning 2030-yilgacha bo‘lgan prognoz ko‘rsatkichlaridan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy loyihalash instituti amaliyotida foydalanilgan (2026-yil 18-fevraldagi 41-01/11-742-son ma’lumotnoma). Natijada qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining rivojlanish darajasi va ular faoliyatidagi asosiy tendensiyalarning tarkibiy o‘zgarishlarini kompleks hamda hududiy baholash imkoniyatini bergan;
ko‘p omilli Pearson korrelyasiya usuli va ekonometrik modellashtirish asosida 10 ta indikator bo‘yicha aniqlangan sug‘oriladigan erlardan foydalanish samaradorligining past, o‘rta va yuqori darajalari “O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy loyihalash instituti amaliyotida qo‘llanilgan (2026-yil 18-fevraldagi 41-01/11-742-son ma’lumotnoma). Natijada hududlarda sug‘oriladigan erlardan foydalanish samaradorligiga ta’sir etuvchi omillarni ko‘p omilli tahlil qilish, shuningdek qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga doir amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish imkoniyatini bergan;
landsat sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari, GAT texnologiyalari va Google Earth Engine platformasi asosida 1990–2025-yillarda Zarafshon iqtisodiy rayoni sug‘oriladigan ekin erlari maydonining tadrijiy o‘zgarishlari hamda unga ta’sir etuvchi omillar yuzasidan olingan natijalardan “O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy loyihalash instituti amaliyotida foydalanilgan (2026-yil 18-fevraldagi 41-01/11-742-son ma’lumotnoma). Natijada Samarqand, Buxoro va Navoiy viloyatlarida sug‘oriladigan ekin erlaridan foydalanishga ta’sir etuvchi uzoq yillik muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish imkoniyatini bergan;
Zarafshon iqtisodiy rayoni sug‘oriladigan erlaridan foydalanish samaradorligini oshirish va ularning hududiy xususiyatlarini aniqlash asosida yaratilgan, mintaqaning sug‘oriladigan erlar bilan ta’minlanganlik darajasi, ulardan foydalanish ko‘rsatkichlari, sug‘oriladigan erlarning tadrijiy o‘zgarishlari hamda er va suv resurslarining prognoz parametrlarini aks ettiruvchi kartalar O‘zbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi amaliyotiga joriy etilgan (2026-yil 4-fevraldagi 03/08-1039-son ma’lumotnoma). Natijada mintaqa viloyatlari hududida sug‘oriladigan erlarni sifat darajasiga ko‘ra guruhlashtirish imkoniyatini bergan.