Ismoilov Shuhratjon Abdusaminovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ayrim toifadagi xodimlar mehnatini huquqiy tartibga solishning xususiyatlari», 12.00.05–Mehnat huquqi. Ijtimoiy ta’minot huquqi (yuridik fanlar).  
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3DSc/Yu68.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi DSc.27.06.2017.Yu.22.01 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Usmanova Muborak Akmaldjanovna, yuridik fanlar doktori, professor; Kamalov Oybek Axmatovich, yuridik fanlar doktori, professor; Aminjonova Matlyuba Axmedovna, yuridik fanlar doktori.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Sud`yalar oliy kengashi huzuridagi Sud`yalar oliy maktabi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ayrim toifadagi xodimlar mehnatini maxsus huquqiy tartibga solish bilan bog‘liq muammolarni aniqlash hamda ularni hal etishga qaratilgan ilmiy asoslangan tavsiya va takliflarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ayrim toifadagi xodimlar uchun (voyaga etmaganlar, homilador ayollar, chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan xorijiy migrantlar) mehnat qonunchiligida belgilangan kafolatlarga rioya qilmaslik ma’muriy javobgarlik keltirib chiqarishi zarurligi asoslab berilgan;
xotin-qizlar va erkaklarning hayot faoliyatini hamda sog‘lig‘ini saqlashni ta’minlaydigan, shu jumladan reproduktiv funksiyalarni saqlaydigan xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlash ish beruvchini mehnat munosabatlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarishdagi majburiyati ekanligi asoslab berilgan;
ayrim toifadagi xodimlarga nisbatan cheklovchi huquqlarni (og‘ir va zararli ishlarga, tungi ishlarga jalb qilish, xizmat safarlariga yuborish) mustahkamlovchi normalarni belgilanishi ushbu toifa xodimlarining mehnatini tartibga solishning alohida xususiyati ekanligi asoslangan;
uy mehnati jins bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi va u ayollar hamda erkaklar tomonidan teng darajada amalga oshirilishi zarurligi asoslab berilgan;
ishga joylashtirilmagan xotin-qizlarni hisobga olish, ularning bandligini ta’minlash va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish mehnat organlarining xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlari ekanligi asoslagan;
xodimlarga taqdim etiladigan kafolatlar darajasini pasaytiradigan, huquqlarni cheklaydigan, ularning intizomiy va moddiy javobgarligini oshiradigan mehnatni tartibga solish xususiyatlari faqat qonunlar bilan belgilanishi lozimligi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ayrim toifadagi xodimlar mehnatini huquqiy tartibga solishning xususiyatlariga oid tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
ayrim toifadagi xodimlar uchun (voyaga etmaganlar, homilador ayollar, chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan xorijiy migrantlar) mehnat qonunchiligida belgilangan kafolatlarga rioya qilmaslikning ma’muriy javobgarlik uchun asos bo‘lishi haqidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 491, 493, 494-moddalariga O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 29 avgustdagi O‘RQ-558-sonli «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonuni bilan kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2019 yil 23 sentyabrdagi 04/3-06-75-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflar ayrim toifadagi xodimlar uchun belgilangan kafolatlar va ishga qabul qilishning tartibini buzganlik uchun ish beruvchilarning javobgarligini kuchaytirishga xizmat qildi;
xotin-qizlar va erkaklarning hayot faoliyatini hamda sog‘lig‘ini saqlashni ta’minlaydigan, shu jumladan reproduktiv funksiyalarni saqlaydigan xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlash ish beruvchini majburiyati bo‘lishi zarurligi haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risidagi qonunning 21-moddasida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2019 yil 23 sentyabrdagi 04/3-06-75-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif mehnat sohasida xotin-qizlarning mehnatini muhofaza qilish xususiyatidan kelib chiqqan holda ularga mehnat sharoitlarini yaratishga xizmat qilgan;
ayrim toifadagi xodimlarga nisbatan cheklovchi yoki qo‘shimcha huquqlarni berishni nazarda tutuvchi normalarni o‘rnatilishi ushbu toifa xodimlarining mehnatini tartibga solishning alohida xususiyati ekanligi haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining yangi tahrirdagi loyihasining 421-moddasida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining norma ijodkorligi faoliyati to‘g‘risidagi 2020 yil 3 yanvardagi 3/2-sonli kirish ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi mehnatni tartibga solish xususiyatlari faqat imtiyoz va kafolatlar emas, balki taqiq va cheklovlarlardan ham iborat bo‘lishi mumkinligi haqidagi qoidalarni belgilab berdi;
uy mehnati jins bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi va u ayollar hamda erkaklar tomonidan teng darajada amalga oshirilishi zarurligi haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risidagi qonunning 25-moddasida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2019 yil 23 sentyabrdagi 04/3-06-75-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif mehnat sohasida xotin-qizlarning mehnat sohasida kamsitilishining oldini olishni xizmat qilgan;
ishga joylashtirilmagan xotin-qizlarni hisobga olish, ularning bandligini ta’minlash va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish mehnat organlarining xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlari ekanligi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunning 9-moddasida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2019 yil 23 sentyabrdagi 04/3-06-75-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mehnat organlarining vakolatlaridan biri ekanligini belgilab berdi;
xodimlarga taqdim etiladigan kafolatlar darajasini pasaytiradigan, huquqlarni cheklaydigan, ularning intizomiy va moddiy javobgarligini oshiradigan mehnatni tartibga solish xususiyatlari faqat qonunlar bilan belgilanishi lozimligi haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining yangi tahrirdagi loyihasining 425-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining norma ijodkorligi faoliyati to‘g‘risidagi 2020 yil 3 yanvardagi 3/2-sonli kirish ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi xodimlar ahvolini mehnat to‘g‘risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilganiga qaraganda yomonlashtirgan taqdirda faqat Mehnat kodeksi orqali yoki maxsus qonunlar bilan belgilanishi mumkinligiga xizmat qiladi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish