Gofurov Doston Boxromovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonda davlat va korporativ xaridlar jarayonini takomillashtirish”, 08.00.07–Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Iqt579.
Ilmiy rahbar: Po‘latov Dilshod Haqberdievich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent moliya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent moliya instituti, DSc.03/30.12.2019.I.17.01.
Rasmiy opponentlar: Jumaev Nodir Xosiyatovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Islamkulov Alimnazar Xudjamuratovich, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistonda davlat va korporativ xaridlar jarayonini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy takliflar va amaliy tavsiyalar ishlab chiqish hisoblanadi.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
davlat xaridlari jarayonida buyurtmachilar tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish orqali xarid qilinadigan tovar (ish, xizmat)lar ro‘yxatini shakllantirish taklif etilgan;
davlat va korporativ xaridlar bo‘yicha tuzilgan shartnomani ishtirokchi tomonlardan birining tashabbusi va ikkinchi tarafning roziligi bilan bekor qilish taklif etilgan;
elektron do‘konda ofertani (tovar, ish va xizmatlar bo‘yicha taklifi) joylashtirgan ishtirokchiga narx-so‘rov mexanizmida ishtirok etish imkoniyatini yaratish taklif qilingan;
auksion va tanlov savdolari o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e’lonlarni joylashtirish muddatini auksion bo‘yicha 5 kun, tanlov bo‘yicha 10 kun etib belgilash orqali, ushbu savdolarning muddatlarini muvofiqlashtirish taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
O‘zbekistonda davlat va korporativ xaridlar jarayonini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
davlat buyurtmachilari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish orqali xarid qilinadigan tovar (ish, xizmat)lar ro‘yxatini shakllantirish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 sentyabrdagi ““Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3953-sonli qarorida o‘z aksini topgan. (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2019 yil 25-noyabrdagi 06/04-02-01-34/3646-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif natijasida narxlari qonun hujjatlariga muvofiq qat’iy belgilangan tovar (ish, xizmat)lar to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida xarid qilinadi. Shuningdek, davlat buyurtmachilari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilinadigan tovar (ish, xizmat)lar ro‘yxatiga muvofiq amalga oshirilgan xaridlarning natijalarini, shartnoma tuzilgan sanadan boshlab 3 kun ichida davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portaliga joylashtirilishi belgilangan;
ishtirokchi tomonlardan birining tashabbusi va ikkinchi taraf rozilik berishi bilan shartnomalarni shaxsiy kabinet orqali bekor qilishni joriy etish taklifi O‘zbekiston Respublikasi “Tovar xom-ashyo birjasi” AJ tomonidan amaliyotiga joriy etilgan (“O‘zRTXB” AJning 2019 yil 17 oktyabrdagi 03-11/2852-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida shartnomalarni shaxsiy kabinet orqali bekor qilish hamda ishtirokchilarning zakalat mablag‘larini o‘z vaqtida va to‘liq qaytarish imkoniyati yaratilgan;
auksion va tanlov savdolari to‘g‘risidagi e’lonlarni joylashtirish muddatini muvofiqlashtirish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 sentyabrdagi ““Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3953-sonli qarorida o‘z aksini topgan. (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2019 yil 25-noyabrdagi 06/04-02-01-34/3646-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida auksion savdolari to‘g‘rsidagi e’lonlarni joylashtirish muddati 10 kundan 5 kunga, tanlov savdolari to‘g‘risidagi e’lonlarni joylashtirish muddati 30 kundan 10 kunga tushirilgan;
elektron do‘konda buyurtmachi tanlagan (tovar, ish va xizmatlar bo‘yicha taklifi) ofertani joylashtirgan ishtirokchiga narx-so‘rov mexanizmida ishtirok etish imkoniyatini yaratish taklifi O‘zbekiston Respublika “Tovar xom-ashyo birjasi” AJ tomonidan amaliyotga joriy etilgan (“O‘zRTXB” AJning 2019 yilning 17 oktyabrdagi 03-11/2852-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif amaliyotga joriy qilinganidan so‘ng oferentga tovar (ish va xizmat)lar narxini boshlang‘ich narxidan ham pastroq taklif qila olishi imkoniyati yaratilgan, natijada halol raqobat muhitini yaratishga hamda byudjet mablag‘lari yanada ko‘proq tejab qolishga erishilgan.