Yuldasheva Mohinur Abduxakim qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Er osti konlarida qo‘llaniladigan markazdan qochma suv haydovchi qurilmalarning energiya va resurs tejamkorligini oshirish», 04.00.16 – Konchilik mashinalari (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3.PhD/T5870.
Ilmiy rahbar: Xatamova Dilshoda Narmuratovna, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, DSc.31/2025.27.12.T.01.03.
Rasmiy opponentlar: Muminov Rashid Olimovich, texnika fanlari doktori, dotsent; Rayxonov Shuhrat Zaripovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti «MISIS»ning Olmaliq shahridagi filiali.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: shaxta suvlarini samarali shaffoflashtirish asosida nasos uskunalarining energiya va resurs tejamkorligini oshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
markazdan qochma nasoslarning suv haydashga sarflanadigan solishtirma energiya sarfi hamda nasosning oqim yuzalarini emirilish jadalligi shaxta suvi tarkibidagi qattiq zarralar miqdoriga bog‘liqligi o‘rnatilgan;
ishlab chiqilgan shaxta suv yig‘gichi tubini shlamli aralashmalardan tozalash uskunasida qo‘llanilgan ejektorli nasosning yuqori samaradorlikka erishish imkonini beruvchi optimal konstruktiv o‘lchamlari aniqlangan;
shaxta uchastka suvlarini dastlabki shaffoflashtirish qurilmasida qo‘llanilgan plastinali tiniqlashtirgichning samaradorligi uning plastinalarining qiyalik burchagi va ular orasidagi masofaga bog‘liqligi o‘rnatilgan hamda ularning optimal kattaliklari aniqlangan;
plastinali tiniqlashtirgichda teksturalik plastinalarni qo‘llaganda unda suvni shaffoflashtirish samaradorligi plastinalar orasida oqayotgan suvning tezligiga bog‘liqligi o‘rnatilgan.
IV. Tadqiqot natijalarini joriy qilish. Er osti konlarida qo‘llaniladigan suv haydovchi nasos uskunalarining energiya va resurs tejamkorligini oshirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
shaxta bosh suv yig‘gichidan shlam ko‘rinishidagi mexanik aralashmalarni ejektorli nasos qo‘llab asosiy nasosga zarar etkazmagan holda haydovchi quvurga uzatish imkonini beruvchi qurilma «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJ «Angren» kon boshqarmasi «Qizil olma» konida amaliyotga joriy etilgan («Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJning 2025 yil 18 avgustdagi 09-25/61-02220-son ma’lumotnomasi). Natijada, nasoslarning oqim yuzalarini gidroabraziv emirilishini kamayishi hisobiga ishchi g‘ildiraklari va yo‘naltirgichlarini ish resursi o‘rtacha 2000 motosoatgacha oshishiga, suv haydash uchun energiya sarfini 5-7% gacha kamaytirish imkonini bergan;
shaxta uchastka laḥimlarining dastlabki suv tindirgichlarini shlam ko‘rinishidagi cho‘kindilardan tozalash va bosh suv haydash tizimiga yuboriladigan shaxta suvini shaffoflashtirish samaradorligini oshirish imkonini beruvchi qurilma «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJ «Angren» kon boshqarmasi «Qizil olma» konida amaliyotga joriy etilgan («Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJ ning 2025 yil 18 avgustdagi 09-25/61-02220-son ma’lumotnomasi). Natijada, dastlabki tindirgichdagi shaffoflashtirilayotgan suv tarkibidagi mexanik aralashmalar konsentratsiyasini 25% dan o‘rtacha 8% gacha pasaytirishga hamda tindirgichlarni tozalash uchun sarflanadigan vaqt, energiya va ishchi kuchi resurslarini o‘rtacha 80% gacha kamaytirish imkonini bergan.