Muxitdinova Dilnozaxon Faxriddin qizining 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Aksiyadorlik jamiyatlarining emission faoliyatini rivojlantirish”, 08.00.07 – “Moliya, pul muomalasi va kredit”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/Iqt5430. 
Ilmiy rahbar: Abduraximova Dilora Karimovna, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.03/2025.27.12.I.23.05.
 Rasmiy opponentlar: Olimjonov Odil Olimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Alikulov Azamat Tuygunovich, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dosent.
Yetakchi tashkilot: Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: aksiyadorlik jamiyatlarining emission faoliyatini rivojlantirishning ilmiy-nazariy asoslarini ishlab chiqish hamda amaladagi tizimni takomillashtirish bo‘yicha amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish jarayonlarida institutsional samaradorlikni oshirish, aksiyadorlik jamiyatlarining emission xarajatlarini 25 foizgacha kamaytirish, qarz instrumentlarini joylashtirish muddatini 2 barobargacha qisqartirish hamda emissiya faoliyatini yagona markazdan boshqarish imkoniyatini ta’minlash maqsadida yuqori malakali moliyaviy ekspertlar va iqtisodchi-yuristlardan tashkil topgan “Kapital bozori stoli” (Capital Markes Desk)ni joriy etish taklif etilgan; 
aksiyadorlik jamiyatlaridagi likvidlilikni boshqarish tizimida Gap-tahlilni joriy qilish orqali qisqa muddatli likvidlilik bo‘shliqlarini 10 foizgacha pasaytirish hamda optimal qarz instrumentlarini tanlashni samarali tashkil etish maqsadida “Cost-at-Risk” modeli asosida kapital bahosini 8 foizga tushirish taklif etilgan;
qarz instrumentlari emissiyasida moliyaviy risklarni baholash jarayonini optimallashtirish maqsadida aksiyadorlik jamiyatlarida obligatsiya dasturi doirasida bir necha transh (seriya) chiqarish amaliyotini joriy etish orqali kapital jalb qilish xarajatlarini 20 foizgacha hamda foiz riskini qariyb 16 foizga kamaytirish taklif etilgan; 
qimmatli qog‘ozlar emissiyasini muvaffaqiyatli tashkil etish hamda emission faoliyatda 30-40 yosh oralig‘idagi investorlar faolligini 70 foizga oshirish maqsadida aksiyadorlik jamiyatlarining qimmatli qog‘ozlaridan tarkib topgan investision portfelini tijorat banklari mobil ilovalarida robo-maslahatchilar yordamida shakllantirish taklif etilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Aksiyadorlik jamiyatlarining emission faoliyatini takomillashtirish boʻyicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Aksiyadorlik jamiyatlarida qimmatli qog‘ozlar chiqariluvini tashkillashtirishda G‘aznachilik va tashqi iqtisodiy faoliyat departamenti tarkibida yuqori malakali bank likvidligini boshqarish bo‘yicha ekspert va iqtisodchi-yuristlar guruhlardan tashkil topgan va emitentning o‘z qarz instrumentlari chiqarish va qaysi holatda xizmat ko‘rsatish jarayonlarining yagona markazdan boshqarish imkonini beruvchi “Kapital bozori stoli” (“Capital Markes Desk”) tashkil etish taklifi “Hamkorbank” ATB tomonidan chiqarilgan DS-37-0270-sonli va DS-27-0232-3-sonli 24-25- depozit sertifikatlari chiqariluvida amalga oshirilgan (ChEKI “Hamkorbank” ATBning 2025-yil 6-iyundagi 1799/13-K01-sonli dalolatnomasi). Natijada G‘aznachilik va tashqi iqtisodiy faoliyat departamenti tarkibidagi “Kapital bozori stoli” faoliyati hisobiga 24-25-depozit sertifikatlari emissiyasiga tayyorgarlik vaqti 8 haftadan 4-5 haftaga, chiqariluv xarajatlari esa 25 foizga qisqardi;
Aksiyadorlik jamiyatlari likvidlikni boshqarish tizimiga Gap-tahlilni kiritish orqali 6-12 oylik hisob-kitoblarda likvidlik bo‘shlig‘i aksiyadorlik jamiyat majburiyatlarining 10 foizidan oshsa, “Cost-at-Risk” modeli orqali aniqlangan optimal qarz instrumentlari chiqarish bo‘yicha innovatsion likvidlilikni boshqarish tizimi taklifini “Hamkorbank” ATB faoliyatida qo‘llash orqali bank likvidliligini boshqarish tizimi faoliyati samaradorligi oshdi (ChEKI “Hamkorbank” ATBning 2025-yil 6-iyundagi 1799/13-K01-sonli dalolatnomasi). Natijada, 2024-yil III choragidan pilot rejimida ishga tushirilgan innovatsion likvidlikni boshqarish tizimida Gap-tahlilni kiritish orqali 6-12 oylik hisob-kitoblarda aniqlangan likvidlik bo‘shlig‘i 10 foizdan oshganligi holatida “Cost-at-Risk” modeli orqali aniqlangan optimal qarz instrumenti bo‘lgan depozit sertifikatlari 69,5 mlrd so‘mga chiqarildi;
“Serial (shelf)bond” dasturini ro‘yhatdan o‘tkazish va bitta emissiya asosida bir necha transh (seriya) chiqarish amaliyotini yo‘lga qo‘yish taklifi orqali “Hamkorbank” ATBning biznes-rejasiga asosan 2025-yilning IV choragida bitta emissiya risolasi doirasida 3 transhli korporativ obligatsiyalar chiqarilishi rejasi kiritildi (ChEKI “Hamkorbank” ATB 2025-yil 6-iyundagi 1799/13-K01-sonli dalolatnomasi). Buning natijasida har bir yangi transhda qo‘shimcha ro‘yhatdan o‘tishga hojat yo‘qligi vaqt sarfini 50-60 kunga qisqartiradi, hujjat xarajatlarini qariyb 15-20 foizga kamaytiradi;
aksiyadorlik jamiyati tomonidan ishlab chiqilgan mobil ilova orqali robo-maslahatchilar yordamida jamiyat chiqargan qimmatli qog‘ozlar (aksiya, obligatsiya, depozit sertifikati va h.k.)dan shakllangan personallashgan investisiya paketini shakllantirish xizmati joriy etishga doir taklif asosida “Hamkorbank” ATB tomonidan ishlab chiqilgan “Hamkor” mobil ilovasida masofadan xizmatlardan foydalanish uchun 2025-yil I choragida test rejimi joriy qilindi (ChEKI “Hamkorbank” ATBning 2025-yil 6-iyundagi 1799/13-K01-sonli dalolatnomasi). Natijada, amalga oshirilgan o‘rganishlar asosida so‘rovnomada ishtirok etgan 20-40 yosh oralig‘idagi mijozlarning deyarli 70-80 foizi bank tomonidan bir vaqtda o‘z qimmatli qog‘ozlari taklifi mavjud bo‘lgan taqdirda, ushbu xizmatlardan foydalanish xohishlari borligi aniqlandi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish