Xakimov Akmaljon Axmedovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Neft va oziq-ovqat sanoati chiqindilaridan ko‘mir briketlari uchun bog‘lovchi va to‘ldiruvchilar olish hamda presslash qurilmasi konstruksiyasini takomillashtirish», 02.00.11 - Kolloid va membrana kimyosi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.2. DSc/T1059.
Ilmiy maslahatchi: Salixanova Dilnoza Saidakbarovna, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Namangan davlat texnika universiteti, DSc.03/2025.27.12.K/T.15.08.
Rasmiy opponentlar: Anorov Rustamjon Abduraxmonovich, texnika fanlari doktori, professor; Xandamov Davronjon Abduqodirovich, kimyo fanlari doktori, professor; Eshmetov Rasuljon Jumyazovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: sanoat chiqindilarining kombinatsiyasi asosida bog‘lovchilar olish va uning asosida sifatli ko‘mir briketlari ishlab chiqarish texnologiyasi hamda presslash qurilmasining konstruksiyasini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ko‘mir kukuni – spirt bardasi – parafin chiqindisi dispers tizimida kolloid-kimyoviy o‘zaro ta’sir qonuniyatlari aniqlanib, shixta namligi 10–12 % bo‘lganda zarrachalarning adgezion-kogezion bog‘lanishi eng yuqori bo‘lishi va briket strukturasining barqaror shakllanishi ilmiy asoslangan;
spirt bardasi va parafin chiqindisining 9:6 nisbatdagi kombinatsiyasida kolloid tizimning optimal reologik holati hosil bo‘lishi, natijada zarrachalar orasida adgezion bog‘lanish kuchayishi va briketning mexanik mustahkamligi ortishi aniqlangan;
kolloid tizimning struktura hosil qilish jarayoniga texnologik omillarning ta’siri baholanib, biriktiruvchi miqdori 12 %, danak po‘chog‘i 24 %, aralashtirish harorati 960S va presslash kuchi 2,5 kN bo‘lganda dispers tizimning eng zich fazoviy tuzilishi shakllanishi hamda briketning mustahkamligi 0,78 kg/sm2, yonish vaqti 110 s, kullik darajasi 11 % bo‘lishi aniqlangan;
meva danaklari po‘choqlarini dispers to‘ldiruvchi sifatida qo‘llash natijasida briketning g‘ovak tuzilishi maqsadli boshqarilishi, ichki kapillyar-porali struktura shakllanishi va massa hamda issiqlik almashinuvining yaxshilanishi ilmiy asoslangan;
kolloid-kimyoviy jihatdan optimallashtirilgan tarkib asosida olingan briketlarni yoqishda SO2 miqdori 1,12 marta, MgO 1,16 marta va Na2CO3 1,09 marta ruxsat etilgan me’yordan past ekanligi aniqlanib, dispers tizim strukturasining ekologik ko‘rsatkichlarga ta’siri isbotlangan;
qadami o‘zgaruvchan shnekli press konstruksiyasi va ko‘mir briketlari ishlab chiqarish texnologiyasi ishlab chiqildi, natijada briket mustahkamligi 1,23 marta, bog‘lovchi xarajatlarining iqtisodiy samaradorligi 2,7 marta, chiqindilarni utilizatsiya qilish xarajatlari esa 1,38 marta yaxshilanishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Sanoati chiqindilarini bog‘lovchi sifatida qo‘shish orqali ko‘mir briketlari ishlab chiqarish texnologiyasini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
qadami o‘zgaruvchan shnekli press qurilmasiga oid tadqiqot natijalaridan “Sanoat mashinalarining ishchi detallari va ularni tiklash asoslari” nomli darslik tayyorlashda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2023 yil 25 avgustdagi 391-sonli buyrug‘iga asosan №388423 raqamli guvohnomasi). Natijada, shu yo‘nalishdagi mutaxasislarni tayyorlashda nazariy va amaliy bilimlarni olishga yordam beradi;
ko‘mir briketlari olish texnologiyasini takomillashtirish bo‘yicha olingan tadqiqot natijalaridan “Sanoat ishlab chiqarish asoslari va korxonalarning jihozlari” tayyorlashda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2023 yil 29 maydagi 232-sonli buyrug‘iga asosan №232-155 raqamli guvohnomasi) Natijada, shu yo‘nalishdagi mutaxasislarni tayyorlashda nazariy va amaliy bilimlarni olishga yordam beradi;
neft va oziq-ovqat sanoati chiqindilarini bog‘lovchi sifatida qo‘shish orqali ko‘mir briketlari ishlab chiqarish texnologiyasi hamda qadami o‘zgaruvchan shnekli press konstruksiyasi Farg‘ona viloyati “CLEAN MARKER” MChJ korxonasida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2025 yil 23 dekabrdagi 03-03/1-03/3-14076-son ma’lumotnomasi). Natijada, briket mahsulotining mustahkamligi 0,78 kg/sm2 bo‘lishi hamda chiqindilarni utelizatsiya qilish xarajatlarini 1,38 barobarga kam sarflash imkonini bergan.