Tojieva Muhayyo Valievnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqidagi e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Mintaqada inson salohiyatini rivojlantirishni takomillashtirish mexanizmlari”, 08.00.12 – Mintaqaviy iqtisodiyoti.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.1.PhD/Iqt6615
Ilmiy rahbar: Xasanova Gulruh Djumanazarovna, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Buxoro davlat texnika universiteti, PhD.30/2025.27.12.I.16.06
Rasmiy opponentlar: Ro‘zimetov Baxtiyar iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Arabov Nurali Uralovich iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Navoiy davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Mintaqa sanoat korxonalarida inson salohiyatini takomillashtirishning nazariy-metodologik asoslarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
inson salohiyatining iqtisodiy kategoriya sifatidagi mohiyati mehnat unumdorligi, ta’lim darajasi, raqamli savodxonlik va innovatsion faollik ko‘rsatkichlarini yaxlit qamrab oluvchi integrativ iqtisodiy model asosida qayta talqin etilib, uning mintaqa sanoat korxonalari rivojlanishidagi o‘rni ilmiy jihatdan asoslangan;
hududiy sanoat tarmoqlarida inson salohiyati omillarining ishlab chiqarish samaradorligiga ta’sirini aniqlashda eng kichik kvadratlar (OLS) va cheklangan bog‘liq o‘zgaruvchili (Tobit) regressiya usullariga asoslangan integral ekonometrik indeks taklif etilib, inson kapitali ko‘rsatkichlari bilan iqtisodiy natijalar o‘rtasidagi bog‘liqlik empirik jihatdan isbotlangan;
“Industry 5.0” (Sanoat 5.0) konsepsiyasi doirasida hududiy sanoat korxonalarida barqaror rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan amaliy yo‘nalishlar belgilab olinib, inson kapitalini boshqarishning raqamli, ekologik va intellektual omillar integratsiyasiga asoslangan innovatsion-transformatsion modeli ishlab chiqilgan;
Buxoro va Navoiy viloyatlari sanoat korxonalarida inson salohiyatini rivojlantirish va raqamli kompetensiyalarni oshirish asosida 2030-yilgacha mehnat unumdorligi hamda ishlab chiqarish samaradorligi o‘sishining prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mintaqa sanoat korxonalari ishchi-xodimlari inson salohiyatini takomillashtirish bo‘yicha tadqiqot natijalari asosida ishlab chiqilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar quyidagicha amaliyotga joriy etildi:
inson salohiyatining iqtisodiy kategoriya sifatidagi mohiyatini ilmiy jihatdan qayta tahlil etish asosida ishlab chiqilgan, mehnat unumdorligi, ta’lim darajasi, raqamli savodxonlik va innovatsion faollik ko‘rsatkichlarini qamrab oluvchi hamda ISI = Σ(wᵢ × Kᵢ) × Hₑ formulasi asosida inson salohiyati indeksini hisoblash imkonini beruvchi integrativ iqtisodiy model O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi PF-37-son Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishga oid davlat dasturining “Har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish” yo‘nalishi (1-ilova) hamda Prezidentning 2025-yil 23-oktyabrdagi PF-190-son “Kasbiy ta’lim tizimida boshqaruv samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan zamonaviy kompetensiyalarni shakllantirish va inson kapitalini rivojlantirishga oid vazifalarni amalga oshirishga xizmat qilgan holda, Buxoro davlat texnika universitetining “Iqtisodiyot” va “Menejment” ta’lim yo‘nalishlari talabalari uchun tayyorlangan “Atrof-muhit iqtisodiyoti” fani darsligida asos sifatida qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining 2026-yil 30-apreldagi № 01-06-30-4221-son ma’lumotnomasi). Mazkur modelning joriy etilishi talabalarda inson salohiyatining iqtisodiy mazmunini chuqur anglash hamda uning mehnat unumdorligi, raqamli savodxonlik va innovatsion faollik bilan bog‘liqligini tahlil qilish ko‘nikmasini shakllantirish imkonini bergan;
hududiy sanoat tarmoqlarida inson salohiyati omillarining ishlab chiqarish samaradorligiga ta’sirini baholashda eng kichik kvadratlar (OLS) va cheklangan bog‘liq o‘zgaruvchili (Tobit) regressiya usullariga asoslangan, ta’lim darajasi, kasbiy tajriba, raqamli savodxonlik, sog‘liq holati va innovatsion faollik omillarini qamrab oluvchi integral ekonometrik indeks O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-oktyabrdagi PQ-347-son “Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohasida davlat siyosatini takomillashtirish va samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 3-ilovasida belgilangan, ish beruvchilarga mehnat unumdorligini oshirish uchun zarur kasblarni aniqlash va xodimlar kasbiy malakasini baholashga oid vazifalarni (6- va 7-bandlar) amalga oshirishga xizmat qilgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi “Hududiy iqtisodiy salohiyatni baholash” bo‘limi faoliyatiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining 2026-yil 30-apreldagi № 01-06-30-4221-son ma’lumotnomasi). Stata 18.0 dasturida 626 nafar respondent ma’lumotlari asosida olingan natijalarning ishonchlilik darajasi R²=0,918–0,967 ni tashkil etgan. Indeksning Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Navoiy uran zavodi, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi va Buxoro gazni qayta ishlash korxonasida joriy etilishi ishchi-xodimlar malakasi va mehnat samaradorligini baholash tizimini takomillashtirib, 2023-yilga nisbatan 2024-yil yakunida ishlab chiqarish hajmining 6,4 foizga, mehnat unumdorligining 8,1 foizga oshishini ta’minlagan;
“Industry 5.0” (Sanoat 5.0) konsepsiyasi doirasida inson kapitalini boshqarishning raqamli, ekologik va intellektual omillar integratsiyasiga asoslangan, ekologik kompetensiya indeksi (EKI = Σ(wᵢ × Kᵢ)) hamda cobotlar, “aqlli EPI”, AR/VR treninglar va sun’iy intellekt (AI) monitoringi texnologiyalarini qamrab oluvchi innovatsion-transformatsion model O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-oktyabrdagi PQ-358-son qarori bilan tasdiqlangan “Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi”ning (1-ilova) iqtisodiyot tarmoqlarida sun’iy intellektni joriy etishga oid ustuvor yo‘nalishlari hamda mazkur strategiyani 2024–2026-yillarda amalga oshirish bo‘yicha Chora-tadbirlar rejasini (2-ilova) amalga oshirishga xizmat qilgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi “Hududiy iqtisodiy salohiyatni baholash” bo‘limi faoliyatiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining 2026-yil 30-apreldagi № 01-06-30-4221-son ma’lumotnomasi). Modelning “Buxoro Polimer” va “Navoiy Elektrotexnika” korxonalarida joriy etilishi ishlab chiqarish samaradorligining 2023-yilga nisbatan 2024-yil yakunida 9,7 foizga oshishi, chiqindilar hajmining 42 foizga kamayishi va energiya sarfining 23 foizga tejalishini ta’minlagan;
Buxoro va Navoiy viloyatlari sanoat korxonalarida inson salohiyatini rivojlantirish va raqamli kompetensiyalarni oshirish asosida eksponensial o‘sish modeli (IHₜ = IH₀ × (1 + g)ᵗ) yordamida ishlab chiqilgan 2026–2031-yillarga mo‘ljallangan prognoz modeli O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-21-son Farmoni doirasida davom ettirilayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 2030-yilgacha mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlariga erishishga xizmat qilgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi “Hududiy iqtisodiy salohiyatni baholash” bo‘limi faoliyatiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining 2026-yil 30-apreldagi № 01-06-30-4221-son ma’lumotnomasi). Prognoz natijalariga ko‘ra 2030-yilga qadar ishlab chiqarish hajmining 61 foizga (indeks 161,3), mehnat unumdorligining 77 foizga (indeks 176,5) oshishi hamda baxsiz hodisalar chastotasining 72 foizga kamayishi (indeks 28,0) bashorat qilingan. Mazkur model hududiy sanoat tarmoqlarida mehnat unumdorligini 30 foizga oshirish va raqamli kompetensiyaga ega xodimlar ulushini 70 foizga yetkazish yo‘nalishlarini belgilashda hamda uzoq muddatli strategiyalarni ishlab chiqishda qo‘llanilgan.