Pardaeva Mehriniso Doniyarovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida kompetensiyaviy yondashuvni joriy etishning metodik tizimini boshqarish (informatika va axborot texnologiyalari fani misolida)”, 13.00.07–Ta’limda menejment (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Ped409.
Dissertatsiya ishi bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy- tadqiqot instituti.
Ilmiy rahbar: Inoyatov Ulug‘bek Ilyasovich, pedagogika fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti, DSc.28/30.12.2019.Ped.68.01.
Rasmiy opponentlar: Mirsolieva Muxabbat Tuxtasinovna, pedagogika fanlari doktori, dotsent; Quysinov Odiljon Allamurodovich, pedagogika fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quv-tarbiya jarayoniga kompetensiyaviy yondashuvni joriy etishning tashkiliy-metodik tizimining boshqarish mexanizmlarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
barqaror taraqqiyot ta’limi talablari va milliy tayanch kompetensiyalar tizimi o‘rtasidagi o‘zaro mutanosiblikni ta’minlash mexanizmini kognitiv va ijtimoiy-emotsional komponentlarga xos faoliyat natijalarini prognostik jarayonlarning integral uyg‘unligini empirik baholash asosida takomillashtirish zarurati asoslangan;
umumiy o‘rta ta’limning kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan me’yoriy-dasturiy ta’minoti takomillashtirilib, o‘quv dasturlari mazmunini o‘quvchilarda hayotiy ko‘nikmalarni rivojlantirishga yo‘naltirish, o‘quvchilarning qiziqishlariga ko‘ra individual yondashuv asosida informatika va axborot texnologiyalari o‘quv dasturlari ishlab chiqilgan;
o‘quv-tarbiya jarayoniga kompetensiyaviy yondashuvni joriy etishning tashkiliy-metodik tuzilmasi fan metodistlarining lavozim majburiyatlarini maqbullashtirish, metodistlar va o‘qituvchilar kasbiy ehtiyojlarini aniqlashning onlayn diagnostik tizimini bosqichma-bosqich joriy etish shartlarini belgilash asosida takomillashtirilgan;
kompetensiyaviy yondashuvni joriy etishning tashkiliy-metodik tizimini boshqarish modelining amaliy komponenti o‘qitish sifatini baholash indikatorlarini ichki va tashqi ta’sirlarga barqarorligini ta’minlash, kognitiv, kreativ va amaliy ko‘nikmalarni rivojlantiruvchi elektron axborot ta’lim resurslar bilan boyitish orqali takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida kompetensiyaviy yondashuvni joriy etishning metodik tizimini boshqarish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
umumiy o‘rta ta’limning kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan me’yoriy-dasturiy ta’minotini takomillashtirish, o‘quv dasturlari mazmunini o‘quvchilarda hayotiy ko‘nikmalarni rivojlantirishga yo‘naltirish, o‘quvchilarning qiziqishlariga ko‘ra individual yondashuv asosida fanlarni tanlash imkoniyatini kengaytirishga doir takliflardan “Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi Davlat ta’lim standarti”ni ishlab chiqishda foydalanilgan (Xalq ta’limi vazirligining 2019 yil 26 sentyabrdagi 02-02/1-2167-son ma’lumotnomasi). Natijada umumiy o‘rta ta’lim jarayoniga kompetensiyaviy yondashuvni joriy etishning dasturiy ta’minotini ishlab chiqishga erishilgan;
barqaror taraqqiyot ta’limi talablari va milliy tayanch kompetensiyalar tizimi o‘rtasidagi o‘zaro mutanosiblikni ta’minlash mexanizmi, o‘quv-tarbiya jarayoniga kompetensiyaviy yondashuvni joriy etishning tashkiliy-metodik tuzilmasi, fan metodistlarining lavozim majburiyatlarini maqbullashtirish, metodistlar va o‘qituvchilar kasbiy ehtiyojlarini aniqlashning onlayn diagnostik tizimini bosqichma-bosqich joriy etishga doir taklif va tavsiyalardan “Xalq ta’limi tizimi metodistlari, ta’lim muassasalari defektologi va o‘qituvchi lagopedlarining takomillashtirilgan lavozim majburiyatlari hamda ularning faoliyatini baholash mezonlari”ni ishlab chiqishda foydalanilgan (Xalq ta’limi vazirining 2018 yil 20 iyundagi 01-02/2-2-195-son ma’lumotnomasi). Natijada metodik xizmat ko‘rsatish jarayonlarini tashkil etish va boshqarish samaradorligini oshirishga erishilgan;
kompetensiyaviy yondashuvni joriy etishning tashkiliy-metodik tizimini boshqarish modelining amaliy komponentini takomillashtirish, o‘qitish sifatini baholash indikatorlarini ichki va tashqi ta’sirlarga barqarorligini ta’minlash, kognitiv, kreativ va amaliy ko‘nikmalarni rivojlantiruvchi elektron axborot ta’lim resurslar bilan boyitishga doir amaliy tavsiyalar asosida umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10–11-sinflari uchun “Informatika va axborot texnologiyalari” darsligi ishlab chiqilgan (Xalq ta’limi vazirligining 2019 yil 26 sentyabrdagi 02-02/1-2167-son ma’lumotnomasi). Natijada kompetensiyaviy yondashuvni joriy etish tizimini boshqarishda axborot texnologiyalarini qo‘llash samaradorligini oshirishga erishilgan.