Muminova Parvina Ilhom qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Bank majburiyatlari hisobi va auditini takomillashtirish”, 08.00.08-“Buxgalteriya hisobi, iqtisodiy tahlil va audit” (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.PhD/Iqt3823.
Ilmiy rahbar: Umarov Zafar Absamatovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc. 03/2025.27.12.I.23.01.
Rasmiy opponentlar: Rizaev Nurbek Kadirovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor, Ibragimov Abdugapur Karimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor;
Yetakchi tashkilot: G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent filiali.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi bank majburiyatlari hisobi va auditini xalqaro standartlar hamda ilg‘or xorijiy tajribalar asosida takomillashtirish bo‘yicha ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning bank kartalari bilan bog‘liq majburiyatlarini buxgalteriya hisobida alohida va shaffof aks ettirish maqsadida 22621 - “O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning bank kartalari bo‘yicha majburiyatlari” nomli maxsus balans hisobvarag‘ini joriy etish taklifi asoslangan;
tijorat banklarida mijozlarning “yashil energiya” loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltirilgan mablag‘lari harakati ustidan maqsadli nazoratni kuchaytirish, ularning manbasi va sarflanish yo‘nalishlarini alohida hisobda yuritish maqsadida 22648 - “Mijozlarning yashil energiya loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha mablag‘lari” balans hisobvarag‘ini yuritish taklifi asoslangan;
majburiyatlar auditining samaradorligini oshirish maqsadida audit jarayonining rejalashtirish, dalil to‘plash, baholash va yakuniy xulosa berish bosqichlarida ichki auditorlar hamda manfaatdor tomonlar o‘rtasida axborot almashinuvining izchilligi, tezkorligi va ishonchliligini ta’minlovchi kommunikatsiya mexanizmi taklif etilgan;
soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha majburiyatlar auditining sifatini oshirish, hisob-kitoblar to‘g‘riligi va soliq xavflarini xolis baholash maqsadida mazkur audit jarayoniga mustaqil ekspert – soliq maslahatchisini jalb etishning maqsadga muvofiqligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Bank majburiyatlari hisobi va auditini xalqaro standartlar hamda ilg‘or xorijiy tajribalar asosida takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar asosida:
o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning bank kartalari bilan bog‘liq majburiyatlarini buxgalteriya hisobida alohida va shaffof aks ettirish maqsadida 22621 - “O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning bank kartalari bo‘yicha majburiyatlari” nomli maxsus balans hisobvarag‘ini joriy etish taklifi “Asakabank” AJ amaliyotiga joriy etilgan (“Asakabank” AJning 2026-yil 1-apreldagi №19-27/269-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy qilinishi natijasida o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar bilan hisob-kitoblarni yuritish tizimi takomillashtirilgan hamda bank majburiyatlarini hisobga olish sifati oshirilgan, shuningdek, 2026-yilning 1-yanvar holatiga bank tomonidan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga 10526 dona bank kartalari emissiya qilinib, bankning ular oldidagi majburiyatlari hajmi 1,3 mlrd. so‘mni tashkil etgan;
tijorat banklarida mijozlarning “yashil energiya” loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltirilgan mablag‘lari harakati ustidan maqsadli nazoratni kuchaytirish, ularning manbasi va sarflanish yo‘nalishlarini alohida hisobda yuritish maqsadida 22648 - “Mijozlarning yashil energiya loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha mablag‘lari” balans hisobvarag‘ini yuritish taklifi “Asakabank” AJ faoliyatiga tatbiq etilgan (“Asakabank” AJning 2026-yil 1-apreldagi №19-27/269-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy qilinishi natijasida yashil moliyalashtirish mablag‘larining maqsadli sarflanishi ustidan nazoratni kuchaytirish imkoniyati yaratilgan, shuningdek, hisobvaraq orqali “yashil energiya” loyihalari uchun ajratilgan kredit va investisiya mablag‘larini alohida hisobga olish, ularning maqsadli sarflanishini monitoring qilish hamda bankda “yashil moliyalashtirish“ portfelini shakllantirish imkoniyati yaratilgan;
majburiyatlar auditining samaradorligini oshirish maqsadida audit jarayonining rejalashtirish, dalil to‘plash, baholash va yakuniy xulosa berish bosqichlarida ichki auditorlar hamda manfaatdor tomonlar o‘rtasida axborot almashinuvining izchilligi, tezkorligi va ishonchliligini ta’minlovchi kommunikatsiya mexanizmiga oid taklifi “Asakabank” AJ faoliyatiga tatbiq etilgan (“Asakabank” AJning 2026-yil 1-apreldagi №19-27/269-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy qilinishi natijasida audit jarayonida axborot almashinuvini yaxshilash, audit natijalarining ishonchliligini oshirish va ichki audit samaradorligini kuchaytirishga xizmat qilgan;
soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha majburiyatlar auditining sifatini oshirish, hisob-kitoblar to‘g‘riligi va soliq xavflarini xolis baholash maqsadida mazkur audit jarayoniga mustaqil ekspert - soliq maslahatchisini jalb etish taklifi “Asakabank” AJ faoliyatiga tatbiq etilgan (“Asakabank” AJning 2026-yil 1-apreldagi №19-27/269-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy qilinishi natijasida soliq risklarini kamaytirish, soliq hisob-kitoblarining to‘g‘riligini baholash va moliyaviy hisobotlarning ishonchliligini oshirish imkoniyati yaratilgan, shuningdek, 2025-yilda bank tomonidan hisoblangan soliqlardan 5 foiz miqdorida kam to‘lash imkonini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish