Tuychieva Inoyatxon Ibragimovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tayyorlov guruhi bolalarining fikrlash faolligini rivojlantirish”, 13.00.08–Maktabgacha ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Ped175.
Ilmiy rahbar: Egamberdieva Turg‘unoy Axmadjonovna, pedagogika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy- tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi: Maktabgacha ta’lim muassasalari rahbar va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti, PhD.29.12.2018.Ped.80.01.
Rasmiy opponentlar: Ma’murov Baxodir Baxshulloevich, pedagogika fanlari doktori; Djamilova Nargiza Nuritdinovna, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarning fikrlash faolligini rivojlantirish metodikasini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
maktabgacha yoshdagi bolalar fikrlash faolligini rivojlantirishning pedagogik-psixologik jihatlari bolalarning gender xususiyatlarini (tafakkur tarzi, nutqning rivojlanganligi, harakat sur’ati, idrok etish imkoniyati) hisobga olgan holda fikrlash sur’ati, darajasi, yo‘nalganligini aniqlashtirish asosida takomillashtirilgan;
maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi tayyorlov guruhlarida milliy pedagogika elementlarini (ertak terapiya, tez aytishlar, maqollar, o‘yinlar, xalq qo‘shiqlari, raqslari, badiiy-amaliy san’at, mehnat) qo‘llash orqali tarbiyalanuvchilarning mantiqiy va ijodiy fikrlashini faollashtirish shartlari aniqlashtirilgan;
tayyorlov guruhi bolalarining fikrlash faolligini baholash mezonlari (reproduktiv, produktiv, kreativ) maktabgacha yoshdagi bolalarning shaxsiy sifatlari (munosabat, faoliyat va muloqot madaniyati, ma’naviy-irodaviy, ijobiy hissiy)ni individual rivojlanish traektoriyasi bilan integratsiyasini ta’minlash asosida ishlab chiqilgan;
tayyorlov guruhi bolalarining hozirjavoblik, muloqotga kirishish, o‘zini o‘zi anglash, o‘zi va atrofdagilarga baho bera olish, o‘z faoliyatini tahlil qila olish qobiliyatlarini rivojlantirish metodikasi refleksiv va shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim texnologiyalarining o‘zaro dinamik aloqadorligini ta’minlash asosida takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Maktabgacha ta’lim jarayonida bolalarning fikrlash faolligini rivojlantirish yuzasidan olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
maktabgacha yoshdagi bolalar fikrlash faolligini rivojlantirishning pedagogik-psixologik jihatlari bolalarning gender xususiyatlarini hisobga olgan holda fikrlash sur’ati, darajasi, yo‘nalganligini aniqlashtirishga doir takliflaridan maktabgacha ta’limga oid o‘quv me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqishda foydalanilgan (Maktabgacha ta’lim vazirligining 2019 yil 15 martdagi 03-01/1-501-son ma’lumotnomasi). Natijada tarbiyalanuvchilarning yosh va psixologik xususiyatlarini hamda gender xususiyatlarini inobatga olgan holda fikrlash faolligini oshirish jarayoni samaradorligini oshirishga xizmat qilgan;
maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi tayyorlov guruhlarida milliy pedagogika elementlarini qo‘llash, tayyorlov guruhi bolalarining fikrlash faolligini baholash mezonlarini aniqlashtirishga oid mualliflik g‘oyalaridan “Pedagogik atamalar mazmunini modernizatsiyalash va unifikatsiyalash parametrlari” mavzusidagi fundamental loyiha doirasida yaratilgan “Pedagogika” ensiklopediyasining III jildini tayyorlashda foydalanilgan (Maktabgacha ta’lim vazirligining 2019 yil 15 martdagi 03-01/1-501-son ma’lumotnomasi). Natijada bolalarning fikrlash faolligini rivojlantirishga yo‘naltirilgan pedagogik jarayonga milliy pedagogikaning elementlarini (milliy-madaniy qadriyatlar – xalq ertaklari, tez aytishlar, maqollar, o‘yinlar, xalq qo‘shiqlari, raqslari, badiiy-amaliy san’at, mehnat, urf-odatlar, an’analar) singdirish asosida maktabgacha ta’lim mazmuni metodik jihatdan takomillashtirilgan;
tayyorlov guruhi bolalarining fikrlash faolligini rivojlantirish metodikasi, refleksiv va shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim texnologiyalarining o‘zaro dinamik aloqadorligini ta’minlashga doir amaliy taklif va tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 391-sonli qaroriga 1-ilova bilan tasdiqlangan “Umumiy tipdagi davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari to‘g‘risida”gi nizom loyihasini tayyorlashda foydalanilgan (Maktabgacha ta’lim vazirligining 2019 yil 15 martdagi 03-01/1-501-son ma’lumotnomasi). Natijada maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ijodiy faoliyatga yo‘naltirilgan ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish talablarini belgilashga xizmat qilgan.