Ablazov Lazizbek Abdiqosimovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Bulutli texnologiyalar asosida statistik ma’lumotlarni qayta ishlash uslubiyotini takomillashtirish”, 08.00.16 - “Raqamli iqtisodiyot va xalqaro raqamli integratsiya”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/Iqt3130
Ilmiy rahbar: Kuchkarov Toxir Safarovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.03/2025.27.12.I.23.03
Rasmiy opponentlar: Gulyamov Saidasror Saidaxmedovich, iqtisodiyot fanlari doktori, akademik; Otajanov Umid Abdullaevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: bulutli texnologiyalar asosida statistik ma’lumotlarni qayta ishlash uslubiyotini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va tavfsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
bulutli hisoblash muhitida statistik ma’lumotlar yaxlitligini masofaviy nazorat qilishda mavjud uchinchi tomon auditori mexanizmlari tahlil qilinib, dissertatsiyada gomomorf kriptografiya va qoldiq sonlar tizimi bilan integratsiyalashgan audit modeli takomillashtirilgan;
statistik ma’lumotlarni bulutli saqlash tizimlarida mantiqiy bloklarga segmentatsiyalash, paketli kodlar asosida replikatsiyalash hamda differensial yuklash mexanizmlarini kompleks integratsiyalashtirish orqali tarmoq trafigini kamaytirish va saqlash resurslaridan unumli foydalanishni ta’minlovchi iqtisodiy samaradorlikni baholash modeli ishlab chiqilgan;
bulutli statistik platformada hisob-kitob amallarini foydalanuvchi tomoniga qisman delegatsiyalash hamda bulutli infratuzilma yuklamasini autentifikatsiya va tahlil modullariga maqsadli taqsimlash tamoyillariga asoslangan, tizim tezkorligini 1,8 baravarga va tahlil aniqligini 1,5 baravarga oshirish imkonini beruvchi ko‘p qatlamli arxitektura modeli ishlab chiqilgan;
Toshkent viloyati statistika boshqarmasi misolida iqtisodiy ma’lumotlarni qayta ishlash xarajatlariga ta’sir etuvchi omillarning ko‘p omilli ekonometrik modellari, shuningdek, raqamli transformatsiya ssenariylari asosida sohaning 2030-yilga qadar iqtisodiy samaradorlik dinamikasini bashoratlovchi prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Bulutli texnologiyalar asosida statistik ma’lumotlarni qayta ishlash uslubiyotini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
birinchi ilmiy yangilik bo‘yicha olingan ilmiy natijalardan statistika tashkilotlarida bulutli hisoblash muhitida statistik ma’lumotlar yaxlitligini masofaviy nazorat qilish, audit jarayonlarini takomillashtirish hamda ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlashga oid nazariy-uslubiy ishlanmalarni ishlab chiqishda foydalanilgan. Jumladan, gomomorf kriptografiya, qoldiq sonlar tizimi va uchinchi tomon auditori mexanizmlariga asoslangan integratsiyalashgan audit modeli bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy yondashuvlar “Bulutli texnologiyalar”, “Raqamli iqtisodiyot” hamda “Katta ma’lumotlarni qayta ishlash texnologiyalari” fanlari bo‘yicha o‘quv-uslubiy materiallarni tayyorlashda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi Toshkent viloyati statistika boshqarmasi 2025-yil 19-iyundagi 01/1-01-14-385-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida statistik ma’lumotlarning yaxlitligini nazorat qilish, ma’lumotlar xavfsizligini kuchaytirish hamda audit jarayonlarining ishonchliligini ta’minlash bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarni rivojlantirish imkoniyati yaratilgan;
ikkinchi ilmiy yangilik bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy natijalardan statistik ma’lumotlarni bulutli saqlash tizimlarida mantiqiy bloklarga segmentatsiyalash, paketli kodlar asosida replikatsiyalash va differensial yuklash mexanizmlaridan foydalanish orqali tarmoq trafigini optimallashtirish hamda saqlash resurslaridan samarali foydalanish usullarini takomillashtirishda foydalanilgan. Ushbu ilmiy ishlanmalar statistika tashkilotlarida katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash jarayonlarini tashkil etishga oid amaliy tavsiyalar va uslubiy qo‘llanmalarni ishlab chiqishda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi Toshkent viloyati statistika boshqarmasi 2025-yil 19-iyundagi 01/1-01-14-385-sonli ma’lumotnomasi). Natijada statistik axborotlarni saqlash va uzatish jarayonlarida tarmoq yuklamasini kamaytirish, ma’lumotlarni qayta ishlash tezkorligini oshirish hamda bulutli infratuzilma resurslaridan foydalanish samaradorligini kuchaytirish imkoniyati yaratilgan;
uchinchi ilmiy yangilik asosida ishlab chiqilgan ko‘p qatlamli arxitektura modeli statistik platformalarda hisob-kitob jarayonlarini optimallashtirish, foydalanuvchi va bulutli infratuzilma o‘rtasidagi yuklamani samarali taqsimlash hamda tahliliy tizimlarning ishlash tezkorligini oshirish bo‘yicha ilmiy-uslubiy tavsiyalarni shakllantirishda foydalanilgan. Mazkur model asosida ishlab chiqilgan ilmiy ishlanmalar oliy ta’lim muassasalari hamda statistika tashkilotlarida “Bulutli hisoblash”, “Axborot tizimlari arxitekturasi” va “Raqamli platformalar” fanlari bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar va o‘quv materiallarini tayyorlashda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi 2026-yil 23-apreldagi 33-8/3630-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy taklifni amaliyotga joriy etish natijasida tizim tezkorligini 1,8 baravarga va tahlil aniqligini 1,5 baravarga oshirish imkonini beruvchi zamonaviy bulutli arxitekturalardan foydalanish bo‘yicha nazariy va amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga erishilgan;
to‘rtinchi ilmiy yangilik asosida ishlab chiqilgan ko‘p omilli ekonometrik modellar hamda 2030-yilgacha mo‘ljallangan prognoz ko‘rsatkichlaridan statistika tashkilotlari faoliyatida bulutli texnologiyalar xizmatlarini joriy etish samaradorligini baholash, iqtisodiy xarajatlarni optimallashtirish va raqamli transformatsiya jarayonlarini strategik rejalashtirishda foydalanilgan. Mazkur ilmiy ishlanmalar “Toshkent viloyati statistika boshqarmasi” hamda uning hududiy bo‘limlarida raqamli boshqaruv tizimlarini rivojlantirishga oid amaliy tavsiyalarni ishlab chiqishda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi 2026-yil 23-apreldagi 33-8/3630-sonli ma’lumotnomasi). Natijada bulutli xizmatlar asosida tashkil etilgan boshqaruv tizimida operatsion xarajatlarni qisqartirish, boshqaruv samaradorligini oshirish hamda statistik ma’lumotlarni qayta ishlash jarayonlarining iqtisodiy samaradorligini 4,5-5 foizgacha oshirish imkoniyati yaratilgan.