Sharipbaev Sobitxon Sobir o‘g‘lining 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “TiO₂ asosli quyosh elementlari samaradorligining ularning morfologik xususiyatlariga bog‘liqligi”, 01.04.10–“Yarimo‘tkazgichlar fizikasi” 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yhatga olingan raqam: B2026.2.PhD/FM1547
Ilmiy rahbar: Mamatkarimov Odiljon Ohundadaevich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Namangan davlat texnika universiteti, PhD.03/2025.27.12.FM/T.15.05.
Rasmiy opponentlar: Yo‘lchiev Shahriyor Xusanovich, fizika-matematika fanlari doktori;  Rasulov Rustamjon Yavkachovich, fizika-matematika fanlari doktori
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat texnika universiteti.    
Dissertatsiya yo‘nalishi: ilmiy amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: TiO₂ fotoanodlarining morfologik xususiyatlarini optimallashtirish orqali bo‘yoq bilan sezgirlangan quyosh elementlarining elektrofizik va fotoelektrik xarakteristikalarini yaxshilash hamda ularning quyosh energiyasini elektr en-ergiyasiga konvertatsiya qilish samaradorligini belgilovchi fizik qonuniyatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
TiO₂ fotoanodining morfologik parametrlari (o‘rtacha zarracha o‘lchami 15–25 nm, g‘ovakliligi 50–60 % va aktiv qatlam qalinligi 10–14 mkm) bilan quyosh elementining asosiy fotoelektrik ko‘rsatkichlari (Jsc, Voc, FF va η) o‘rtasidagi miqdoriy korrelyasion bog‘liqliklar aniqlangan; 
mezog‘ovakli TiO₂ fotoanodida elektronlarning diffuziya uzunligi (Ln) asosan zarrachalararo kontaktlarning tuzilishi va anataz fazasining kristallanish darajasiga bog‘liqligi aniqlangan hamda ushbu parametr fotoaktiv qatlamning samarali qalinligini belgilovchi asosiy cheklovchi omil ekanligi asoslangan; 
quyosh elementi samaradorligini (η) samarali solishtirma sirt maydoni, elektronlar diffuziya koeffisienti (Dn) va elektronlarning yashash vaqti (τn) funksiyasi sifatida tavsiflovchi yarim empirik model taklif qilingan hamda u morfologik parametrlarning optimal kombinatsiyasini prognoz qilish imkonini berishi asoslangan; 
bloklovchi (kompakt) va yorug‘lik sochuvchi (submikron TiO₂ zarrachalari asosidagi) qatlamlarni qo‘llashning fizik mezonlari elektronlarning o‘rtacha erkin yo‘li, optik qalinlik va interfeyslardagi zaryad uzatish qarshiligi (Rct) nisbatlari asosida ishlab chiqilgan; 
TiO₂ fotoanodining ixcham qatlam, mezog‘ovakli faol qatlam va yorug‘lik sochuvchi qatlamdan iborat ierarxik arxitekturasini shakllantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan hamda ularning qo‘llanilishi interfeys rekombinatsiya yo‘qotishlarini kamaytirishi, yorug‘likning optik yo‘lini uzaytirishi va quyosh elementining umumiy samaradorligini sezilarli darajada oshirishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. TiO₂ asosidagi quyosh batareyalari fotoanodining morfologik xususiyatlarini boshqarish orqali ularning samaradorligini oshirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida: 
TiO₂ fotoanodining o‘rtacha zarracha o‘lchami 15–25 nm, g‘ovakliligi 50–60 % va fotoaktiv qatlam qalinligi 10–14 mkm ning quyosh batareyalarining Jsc, Voc, FF va foydali ish koeffisientiga ta’siri hamda fotoanod morfologik parametrlarini baholash imkonini beruvchi yarim empirik modelni ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar “FOTON” aksiyadorlik jamiyatida yarimo‘tkazgich materiallari va yupqa plyonkali fotoelektrik tuzilmalar ishlab chiqarish texnologiyasini takomillashtirishda joriy etilgan (“FOTON” aksiyadorlik jamiyatining 2026-yil 2-iyundagi 154-son ma’lumotnomasi). Natijada fotoanodning morfologik parametrlarini optimallashtirish, fotoelektrik elementlarning texnologik rejimlarini tanlash hamda energiya konversiyasi samaradorligini oshirish imkoniyati yaratilgan;
mezog‘ovak TiO₂ fotoanodida elektron diffuziya uzunligining zarrachalararo kontaktlar tuzilishi va anataz fazasining kristallanish darajasiga bog‘liqligi, shuningdek ierarxik fotoanod tuzilmasining rekombinatsiya yo‘qotishlarini kamaytirishi, elektron transportini yaxshilashi va yorug‘likning optik yo‘lini oshirishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar “Universiti Malaysia Pahang Al-Sultan Abdullah (UMPSA)”da yuqori sezgir TiO₂ asosidagi quyosh elementlarining fotoelektrik xususiyatlarini baholash va ularning texnologiyasini takomillashtirishda foydalanilgan (Universiti Malaysia Pahang Al-Sultan Abdullah (UMPSA)ning 2026-yil 22-iyundagi № SISTEC2026/INV/SPK/006 sonli ma’lumotnomasi). Natijada yuqori sezgir TiO₂ asosidagi quyosh elementlarining fotoelektrik parametrlarini optimallashtirish, energiya konversiyasi samaradorligini oshirish hamda fotoelektrik qurilmalar texnologiyasini takomillashtirish imkoniyati yaratilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish