Ametov Rasul Nazirbaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Mahalliy xom ashyolardan tayyorlangan keramzitbeton tarkibi va xossalari”, 05.09.05 – “Qurilish materiallari va buyumlari” ixtisosligi bo‘yicha.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.PhD/T6272.
Ilmiy rahbar: Akramov Xusnitdin Axrarovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: “Toshkent arxitektura-qurilish universiteti”.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti PhD.03/2025.27.12.T.04.02.
Rasmiy opponentlar: Muxammadiev Nematjon Raxmatovich, texnika fanlari doktori, professor v.b.; Tojiev In’omjon Ilxomovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mahalliy xom ashyolar asosida olingan keramzitbetonning tarkibini ishlab chiqish va xossalarini tadqiq qilishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
keramzitbetonning “tarkib-struktura-xossa” tizimidagi bog‘lovchi modda hamda to‘ldiruvchilarning o‘zaro bog‘liqligi aniqlangan, mineral va kimyoviy qo‘shimchalar ulushining o‘zgarishi sement toshi va keramzit donalari orasidagi kontakt zonaning (CZ) strukturaviy shakllanishiga ta’sir etish, ya’ni g‘ovaklikning kamayishi, mikrostrukturaning zichlashuvi va adgezion bog‘lanishning kuchayishi mexanizmi isbotlangan;
peroksinit mineral qo‘shimchasi va Sika 43.36 kimyoviy qo‘shimchasining birgalikdagi qo‘llanilishi keramzitbetonning kapillyar-g‘ovak strukturasini zichlashtirishi hamda uning mikrostrukturaviy tuzilishini yaxshilashi aniqlangan;
sika 43.36 kimyoviy qo‘shimchasining «portlandsement-superplastifikator-suv» tizimi asosidagi keramzitbeton qorishmasining suv talabchanligi 19,4 % ga kamayishi, shu bilan birga qorishmaning reologik xossalarini yaxshilashi isbotlangan;
mineral va kimyoviy qo‘shimchalarni qo‘llash orqali siqilishdagi mustahkamligi 15,6 MPa, issiqlik o‘tkazuvchanlik koeffisienti 0,246 W/(m·K) hamda sovuqqa chidamliligi F150 bo‘lgan keramzitbeton olinib, uning siqilishdagi mustahkamligi nazorat tarkibiga (12,5 MPa) nisbatan 33,6 % ga yuqori ekani aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarinig joriy qilinishi. Mahalliy xom ashyolardan tayyorlangan keramzitbeton tarkibi va xossalari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
peroksinit mineral qo‘shimchasi va Sika 43.36 kimyoviy qo‘shimchasining birgalikdagi qo‘llanilishi natijasida ishlab chiqilgan sement sarfi kamaytirilgan keramzitbeton tarkibi “MODERN JIZZAX LIGHT” MChJ da ishlab chiqarish amaliyotiga joriy qilingan («O‘zbekiston qurilish materiallari sanoati korxonalari uyushmasi» ning 2025-yil 24-dekabrdagi 02/15-4345-son ma’lumotnomasi). Natijada keramzitbetonning “tarkib-struktura-xossa” tizimidagi o‘zaro bog‘liqligi aniqlanib, mineral va kimyoviy qo‘shimchalar ulushining o‘zgarishi sement toshi va keramzit donalari orasidagi kontakt zonaning (CZ) strukturaviy shakllanishiga ta’sir etish mexanizmi hamda kapillyar-g‘ovak strukturasidagi muommalar bartaraf etilgan.
Sika 43.36 kimyoviy qo‘shimchasining «portlandsement-superplastifikator-suv» tizimi asosida suv talabchanligi 19.4 % ga kamaygan keramzitbeton qorishmasi tarkibidan foydalanib “MODERN JIZZAX LIGHT” MChJ da ishlab chiqarishga joriy qilingan («O‘zbekiston qurilish materiallari sanoati korxonalari uyushmasi» ning 2025-yil 24-dekabrdagi 02/15-4345-son ma’lumotnomasi. Natijada issiqlik o‘tkazuvchanlik koeffisienti 0,246 W/m·°C, sovuqqa chidamliligi F150, siqilishdagi mustahkamligi 15,6 MPa bo‘lgan keramzit asosidagi bloklar olishga erishilgan.