Rizoeva Mehriniso Abduazizovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek xalq mifologik afsonalari” (o‘ziga xos xususiyatlari,tasnifi va obrazlar tizimi), 10.00.08 – Fol`klorshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Fil911.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Navoiy davlat pedagogika instituti.
Ilmiy rahbar: Jo‘raev Mamatqul, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.02.
Rasmiy opponentlar: O‘raeva Darmon Saidaxmedovna, filologiya fanlari doktori, professor; Jo‘raqo‘ziev Nodirbek Imomqo‘zievich, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (Phd).
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek xalq mifologik afsonalarining o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlash hamda arxaik miflarning afsona janri takomilida tutgan o‘rnini yoritish asosida xalq nasri janrlarining genezisini oydinlashtirish, mifologik afsonalarni mavzu tiplariga ko‘ra tasniflash va obrazlar silsilasining badiiy evolyusiyasini ochib berishdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
o‘zbek fol`klorshunosligida birinchi marta miflarning «desakrallashishi», ya’ni muayyan e’tiqodiy qarashni ifoda etuvchi muqaddas matn sifatidagi o‘z ahamiyatini yo‘qotishi natijasida asotiriy matnlarning ifoda usuli va ijro shakli asosida afsona janri yuzaga kelganligi dalillangan;
mifologik afsonalarining tarixiy asoslari qadimgi davr fol`klori bilan bevosita bog‘liqligi hamda mif bilan afsona janri o‘rtasida tarixiy-vorisiy aloqadorlik mavjudligi, ya’ni borliqni mifologik tasavvurlar vositasida idrok etish o‘rniga hayotiy voqelikni poetik ko‘chim va badiiy obrazlar orqali tasvirlash an’anasining shakllanishi natijasida afsona janri yuzaga kelganligi asoslangan;
tinglovchiga tabiat va jamiyat bilan bog‘liq muayyan tushunchalar haqidagi muayyan axborotni etkazish hamda narsa-hodisalar mohiyatini izohlab berish maqsadida aytilishi va asosan fabulativ shaklda ommalashishi kabi belgilariga ko‘ra mif va mifologik afsonalar mushtaraklik kasb etsa-da, genetik asoslariga ko‘ra insoniyat dunyoqarashi va tafakkuri tarixining turli bosqichlariga mansubligi jihatidan farqlanishi ko‘rsatilgan;
matnda hayotiy voqelik xayoliy uydirma vositasida fantastik aks ettirilishi, muayyan axborot-ma’lumotni etkazish maqsadida aytilishi, mifologik tasavvurlar va qadimiy inonch-e’tiqodlarning ifodalanishi, obrazlar talqinida mifologik personajlarga xos belgilarning ustuvorlik qilishi mifologik afsonalarning o‘ziga xos xususiyatlari ekanligi oydinlashtirilgan;
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
O‘zbek xalq mifologik afsonalari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida: qadimgi turkiylar mifologiyasida odamning yaratilishi haqidagi tasavvurlar va er yuzida yaratilgan dastlabki odamlar to‘g‘risidagi mifik qarashlariga borib taqaladigan antropogonik afsonalarning yuzaga kelishi, roli va vazifalariga oid nazariy umumlashmalardan Navoiy davlat pedagogika institutida amalga oshirilgan XT-F-2-004 raqamli “O‘zbek xalq pedagogikasi va fol`klor an’analari” (2008–2010) mavzusidagi fundamental loyihani bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 15 noyabrdagi 89-03/4439-son ma’lumotnomasi). Natijada, mifologik syujetlar asosida yuzaga kelgan fol`klor asarlarida o‘z ifodasini topgan axloqiy-didaktik qarashlarning yosh avlodni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashdagi roliga doir nazariy xulosalar takomillashtirilgan;
mifologik afsonalarning o‘ziga xos syujet tizimi va obrazlar silsilasining tarixiy-genetik asoslari hamda badiiy evolyusiyasiga doir ilmiy-nazariy xulosalardan Navoiy davlat pedagogika institutida amalga oshirilgan F1-XT-0-19919 “O‘zbek mifologiyasi va uning badiiy tafakkur taraqqiyotidagi o‘rni” (2012–2016) mavzusidagi fundamental loyihani bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 15 noyabrdagi 89-03/4439-son ma’lumotnomasi). Natijada, o‘zbek xalq mifologik afsonalarining yozma adabiyotga ta’siri, jumladan, mifologik syujetlarning hozirgi o‘zbek romanlari kompozision qurilishidagi poetik vazifalarini oydinlashtirishga erishilgan;
dissertantning afsona janriga mansub matnlarning nomoddiy madaniy meros namunasi sifatidagi ahamiyati, jonivorlar va o‘simliklarning paydo bo‘lishi haqidagi mifologik afsonalarning qadimiy ildizlariga oid ilmiy-nazariy qarashlaridan Navoiy viloyat teleradiokompaniyasining “Ma’naviyat sarchashmasi”, “Dolzarb mavzu”, “Adabiy muhit”, “Ma’naviyat gulshani” singari teleko‘rsatuv ssenariylarini shakllantirishda foydalanilgan (Navoiy viloyat teleradiokompaniyasining 2019 yil 21 noyabrdagi 01-02/244-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek fol`klorida o‘z ifodasini topgan umuminsoniy qadriyatlar va ezgu g‘oyalar jamoatchilik orasida keng targ‘ib etilgan.