O‘rinboev Dostonbek Rustamjon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “InAsP nanoipi ichidagi InAs nanonuqtaning energetik va optik xususiyatlariga tashqi harorat va bosimning ta’siri” 01.04.10–“Yarimo‘tkazgichlar fizikasi” ixtisosligi bo‘yicha falsafa doktori (PhD) (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yhatga olingan raqam: B2025.3.PhD/FM1382
Ilmiy rahbar: Abdulazizov Bahrom Toshmirza o‘g‘li, fizika-matematika fanlari doktori., professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Namangan davlat texnika universiteti, PhD.03/2025.27.12.FM/T.15.05.
Rasmiy opponentlar: Zaynabiddinov Sirojiddin, fizika-matematika fanlari doktori, akademik; Rasulov Vahob Rustamovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: ilmiy amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: InP/InAsP/InP nanoipi ichida joylashgan InAs nanonuqtaning energetik sathlari va optik xususiyatlariga tashqi harorat va bosimning ta’sirini nazariy modellashtirish va ularning fizik mohiyatini ochib berish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: InP/InAsP geterotuzilmali nanoip ichidagi InAs nanonuqtasida elektron va kovaklarning energiya sathlari noparabolik dispersiya qonuni hamda o‘zgaruvchi samarali massa modeli hisobga olingan holda aniqlangan.
Nanoip ichidagi nanonuqtaning fazoviy joylashuvi va nanoipni geometrik o‘lchamlarining energiya sathlariga ta’sir qonuniyatlari aniqlanib, energiya sathlarining koordinataga nisbatan o‘zgarishi, markazga nisbatan simmetrik barqarorligi, geometrik parametrlarning elektron va kovak holatlariga ta’siri aniqlangan.
Adachi, Varshni va Kane modellari asosida InAs/InAsP/InP kvant getorotuzilma panjara doimiysi nomutanosibligi, gidrostatik bosim va haroratning birgalikdagi ta’sirini hisobga oluvchi umumlashgan nazariy modeli va samarali massa hamda to‘lqin funksiyalarining o‘zgarishini tavsiflovchi kompleks tenglamalar tizimi yaratilgan.
Ilk bor, zichlik matrisasi yondashuvi asosida InP/InAsP nanoip ichidagi InAs nanonuqtalar uchun chiziqli va nochiziqli optik xususiyatlar nazariy hisoblanib, optik yutilish koeffisienti, sinish ko‘rsatkichi hamda ikkinchi va uchinchi garmonik hosil bo‘lish jarayonlarining kompozisiya parametri, bosim va haroratga bog‘liqlik qonuniyatlari aniqlangan.
InP/InAs₁₋ₓPₓ/InP geterotuzilmali nanoip va InAs nanonuqtaning tarkibiy (kompozision) hamda geometrik parametrlariga bogʻliq satxlararo o‘tish energiyalarining qonuniyatlari aniqlandi, elektron to‘lqin funksiyalarining fazoviy taqsimoti asosida optik rezonans cho‘qqilarining siljish mexanizmi nazariy jixatdan asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. InAsP nanoipi ichidagi nanonuqtaning energetik va optik xususiyatlariga tashqi harorat va bosimning ta’siri bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
InP/InAsP/InP geterotuzilmali nanoiplarda elektron energetik sathlari, optik yutilish koeffisienti hamda sindirish ko‘rsatkichining gidrostatik bosim (0–60 kbar) va temperatura (5–300 K) ta’sirida boshqarilish qonuniyatlarini tavsiflovchi nazariy model ishlab chiqilib, “FOTON” aksiyadorlik jamiyatida yarimo‘tkazgichli elektron qurilmalarni loyihalash va ishlab chiqarish jarayoniga joriy etilgan (“FOTON” aksiyadorlik jamiyatining 2025-yil 21-oktyabrdagi 416-son ma’lumotnomasi). Natijada infraqizil fotodetektorlarning ishchi to'lqin uzunligini maqsadli boshqarish, spektral javob diapazonini optimallashtirish hamda optik parametrlarni tashqi omillar yordamida boshqarish imkoniyati yaratilgan.
InP/InAsP/InP geterotuzilmalarida elektron energetik sathlari va optik o‘tishlarni hisoblashning nazariy usullari Malayziya Xalqaro Islom universitetida bajarilgan “Dynamics of excited states of neutron-rich well-deformed lanthanide nuclei” fundamental loyihasining ilmiy-texnik vazifalarini bajarishda, jumladan qo'zg'algan holatlar spektrini sonli hisoblash, deformatsiyalangan potensiallarni modellashtirish va energiya sathlari dinamikasini tahlil qilishda joriy etilgan (Malayziya Xalqaro Islom universitetining 2026-yil 17-yanvardagi №003-KOE-26-son ma’lumotnomasi). Natijada ishlab chiqilgan hisoblash usuli analitik va sonli echimlar orasidagi farqni kichik o‘lchamli nanonuqtalarda 3 %, katta o‘lchamlarda esa 0,5 % gacha kamaytirish imkonini bergan hamda energetik sathlarni yuqori aniqlikda hisoblash va optik xossalarni ishonchli prognoz qilishga xizmat qilgan.