Kalbaeva Maftunaxon Xusanboy qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): O‘zbekiston zamonaviy xattotlik san’atining rivojlanish muammolari, 17.00.04 – Tasviriy va amaliy bezak san’ati (san’atshunoslik fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.PhD/San243.
Ilmiy rahbar: Qodirova Dilafruz Muxsinovna, san’atshunoslik fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, PhD.12/2025.27.12.San.01.01.
Rasmiy opponentlar: Raximova Zuxra Ibragimovna, san’atshunoslik fanlari nomzodi, professor; Alieva Surayyo Sharipovna, san’atshunoslik fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston san’at va madaniyat instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston zamonaviy xattotlik san’atining rivojlanish yo‘llarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Markaziy Osiyo xattotlik san’atining tarixiy-evolyusion rivoji doirasida Hirot, Buxoro, Xorazm, Farg‘ona, Samarqand va Toshkent maktablariga xos an’analar hamda kufiy, nasx, suls, nasta’liq va shikasta xat turlarining shakllanishi va takomillashuv bosqichlari (XIV–XVII asrlarda harf nisbatlari, qalam harakati va kompozision tuzilmaning mukammallashuvi hamda XVIII–XIX asrlarda hududiy uslubiy xilma-xillik va individual ijodiy yondashuvning kuchayishi), yozuv uslubining geometrik qat’iylikdan plastik va erkin shakllarga o‘tishi, kompozisiyada simmetriya va ritmning qaror topishi, ashyo va ijro texnikasining rivojlanish xususiyatlari (material va texnika xilma-xilligining ortishi hamda individual uslubning shakllanishi) hamda xattotlikning funksional vazifadan badiiy-estetik ifoda vositasiga aylanishi asoslangan;
shaxsiy ustaxonalar to‘plamlarida saqlanayotgan nodir diniy qo‘lyozmalar, jumladan Qur’on nusxalarida kalligrafik nafosat ya’ni harflar nisbatlarining mukammalligi, kompozision muvozanat-matn va bo‘shliqning uyg‘un taqsimoti (kompozisiyaning strukturaviy yaxlitligini yuzaga keltiruvchi omil sifatida), ornamental bezak bilan uslubiy birlik (dekorativ elementlar va yozuvning plastik jihatdan integratsiyalashuvi natijasida shakllanishi sifatida), ranglar garmoniyasi, muqaddaslikka xos ruhiy-ta’sirchanlik, material tanlovi va ijro mahorati, shuningdek xattotning individual uslubi bu ijodiy tafakkuri va ijro tajribasi asosida yangicha badiiy echimlarni yuzaga keltiruvchi asosiy uslub sifatida namoyon bo‘lishi ilmiy jihatdan asoslangan, hamda mazkur omillarning o‘zaro uyg‘unligi diniy qo‘yozmalarda badiiy mukammallikni ta’minlovchi yagona estetik mezon sifatida namoyon bo‘lishi dalillangan;
zamonaviy axborot muhitining rivojlanishi sharoitida kalligrafiya san’ati amaliy bezakda-interer kompozisiyalari, dekorativ pannolar va art-installyasiyalar orqali, me’morlikda-fasad yozuvlari, kalligrafitti, strit-art ko‘rinishida, raqamli grafik dizaynda-logotip, tipografik echimlar, brending, animatsiya hamda vizual kommunikatsiya shakllari orqali zamonaviy kalligrafiyaning ustuvor ko‘rinishlari sifatidagi ahamiyati ilmiy jihatdan asoslanib, ularning amaliy-badiiy, kommunikativ va dizayn integratsiyasi natijasida kalligrafiyaning funksional yozuvdan ko‘p funksiyali vizual san’at darajasiga chiqishi asoslangan;
zamonaviy diniy inshootlar me’moriy bezagida xattotlik san’atining ustuvor badiiy ifoda vositasi sifatida namoyon bo‘lishi, kompozision markazni shakllantirishi, yirik kalligrafik pannolar orqali xattotlik bezak unsuri doirasidan chiqib, konseptual-badiiy va ma’naviy ifoda tizimiga aylanganligi hamda uning me’moriy makonda yetakchi badiiy-kommunikativ omilga aylanishi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekiston zamonaviy xattotlik san’atining rivojlanish muammolari nomli tadqiqot doirasida olingan ilmiy natijalar asosida:
Markaziy Osiyo xattotlik san’atining Hirot, Buxoro, Xorazm, Farg‘ona, Samarqand va Toshkent maktablariga xos an’analar hamda kufiy, nasx, suls, nasta’liq va shikasta xat turlarining shakllanish va takomillashuv bosqichlari, ashyo va ijro texnikasining rivojlanish xususiyatlari hamda xattotlikning funksional vazifadan badiiy-estetik ifoda vositasiga aylanish jarayoni yoritilgan ma’lumotlardan O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyida o‘tkazilgan “Miniatyura va xattotlik” nomli ko‘rgazmani tashkil qilishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining 2025-yildagi 28-avgustdagi 04-05/3438-son ma’lumotnomasi). Natijada, “O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi” da o‘tkazilgan amaliy loyihani tashkil etish jarayonida asarlarni saralash, badiiy tavsiflash, ekspozisiya tuzishda bevosita xizmat qilgan;
shaxsiy ustaxonalar to‘plamlarida saqlanayotgan Qur’on nusxalarida kalligrafik nafosat, ya’ni harflar nisbatlarining mukammalligi, kompozision muvozanat, ornamental bezak bilan uslubiy birlik, ranglar garmoniyasi, material tanlovi va ijro mahorati, shuningdek xattotning individual uslubi, asosiy estetik mezon sifatida namoyon bo‘lishi ma’lumotlardan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tgan “Qo‘qon qog‘ozi tarixidan” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy mahorat-treningini o‘tkazishda foydalanilgan (O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining 2024-yil 7-oktyabrdagi 06-07/524-son ma’lumotnomasi). Natijada, ilmiy ish asosida yaratilgan xattotlik namunalari orqali jamiyatning ma’naviy ongini yuksaltirishga xizmat qilgan;
zamonaviy axborot muhitining rivojlanishi sharoitida kalligrafiya san’ati amaliy bezakda, me’morlikda, raqamli grafik dizaynda hamda vizual kommunikatsiya shakllari zamonaviy kalligrafiyaning ustuvor ko‘rinishlari sifatidagi ahamiyati ma’lumotlardan “Ma’rifat” ijodiy birlashmasi” davlat muassasasi tarkibidagi “O‘zbekiston tarixi” telekanalida namoyish etilgan “Taqdimot ko‘rsatuvi”ni o‘tkazish jarayonida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2025-yildagi 25-avgustdagi 01-33/643-son ma’lumotnomasi). Natijada, Respublika miqyosida xattotlik san’atining bugungi taraqqiyot holati, sohada yuzaga kelayotgan muammolar loyihaning aktualligini oshirishda muhim o‘rin tutgan.