Ametova Fotimajon Rozmatovnaning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Aholi ijtimoiy himoyasini moliyalashtirish amaliyotini takomillashtirish”, 08.00.07 – “Moliya, pul muomalasi va kredit”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/Iqt5386. 
Ilmiy rahbar: Elmirzaev Samariddin Eshquvatovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.03/2025.27.12.I.23.05.
Rasmiy opponentlar: Xaydarov Nizomiddin Xamraevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Pulatov Dilshod Xaqberdievich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: aholini ijtimoiy himoyalash tizimini moliyalashtirishni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ijtimoiy himoya dasturlari doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini oshirish maqsadida ijtimoiy moslashuv xizmatlarini qo‘llab-quvvatlovchi davlat byudjetidan moliyalashtirish tizimini joriy etish taklif etilgan;
bolalarni ijtimoiy himoya qilishda daromad mezoni bilan birga emas, balki oilaning ijtimoiy holati, ota-onaning bandligi, sog‘liq va ta’lim xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini inobatga olib, ijtimoiy xizmatlarni yagona muvofiqlashtirilgan tizim asosida moliyalashtirishni tashkil etish taklif etilgan;
nogironligi bo‘lgan yoki kasal oila a’zosi mavjud oilalar uchun uy sharoitida xizmat ko‘rsatish amaliyotlarini davlat byudjeti hisobidan moliyalashtirishda “bir darcha” tamoyilini joriy etish taklif etilgan;
manzilli ijtimoiy yordamni moliyalashtirishda mablag‘larning maqsadli va samarali taqsimlanishini ta’minlash, byudjet xarajatlarni optimallashtirish va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan dasturiy va natijaga yo‘naltirilgan byudjetlashtirish mexanizmini joriy etish taklifi asoslangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekiston Respublikasida aholini ijtimoiy himoyalash tizimini moliyalashtirish amaliyotini takomillashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar asosida:
ijtimoiy himoya tizimida aholiga yordam ko‘rsatish dasturlari doirasida fuqarolarning bandligi, asosan nogironligi mavjud bo‘lgan shaxslarning bandlik darajasi albatta davlat byudjetiga va jamiyatga katta engillik keltirishini inobatga olgan holda nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlashda moslashtirilgan ish o‘rinlari va masofaviy bandligini kengaytirish, uy sharoitida bandlik turlarini rivojlantirish, mehnat bozorida psixologik va ijtimoiy moslashuv xizmatlari birgalikda mavjud bo‘lgan qo‘llab-quvvatlovchi bandlik tizimini joriy etish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini taʼminlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2025-yil 8-maydagi PF–85-son Farmoni ijrosini ta’minlashga erishilgan (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasining 2026-yil 2-fevraldagi 01/2-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur taklif joriy qilinishi natijasida nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘rsatilayotgan yordam sifatining oshishiga erishilgan, 2025-yilning 2-chorak yakuni bo‘yicha jami 315 521 nafar nogironligi mavjud bo‘lgan fuqarolarga o‘z vaqtida xizmat ko‘rsatilgan va jami 904,7 mlrd. so‘m nafaqa pullari vaqtida to‘lab berilgan, shuningdek, imkoniyati cheklangan fuqarolarning jamiyatga inklyuziv adaptatsiyasini jadallashtirish, tibbiy ko‘mak hamda kompleks reabilitatsiya bosqichlarini optimallashtirish uchun zaruriy shart-sharoitlar tizimi shakllantirilgan;
bolalarni ijtimoiy himoya qilishda daromad mezoni bilan birga emas, balki oilaning ijtimoiy holati, ota-onaning bandligi, sog‘liq va ta’lim xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini inobatga olib, ijtimoiy xizmatlarni yagona muvofiqlashtirilgan tizim asosida moliyalashtirishni tashkil etish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 14-noyabrdagi PF–185-son Farmoni ijrosini ta’minlashda o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasining 2026-yil 2-fevraldagi 01/2-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida mablag‘lar taqsimlanishida shaffoflik ta’minlangan hamda Agentlik tomonidan to‘lab berilgan kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqalari summasi bo‘yicha 2025-yil 2-chorak yakunida 1-chorakka nisbatan 195 mln. so‘m mablag‘ tejab qolingan, shu bilan birga, ehtiyojmand xonadonlarga faqatgina to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy transfertlar ajratish bilan cheklanib qolmasdan, balki o‘sib kelayotgan avlodning intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularda mehnat ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda inson kapitalini shakllantirish orqali oilalarning uzoq muddatli iqtisodiy barqarorligini ta’minlash choralari ko‘rilgan;
o‘zgalar parvarishiga muhtoj yoki nogironligi bo‘lgan a’zolari bor oilalarga uy sharoitida ijtimoiy-tibbiy xizmat ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish lozim. Ushbu jarayonni raqamlashtirish (mobil platformalar, onlayn monitoring va raqamli chaqiruv tizimlari) hamda mahalla darajasida huquqiy, psixologik va tibbiy konsultatsiyalarni “bir darcha” prinsiplari asosida ko‘rsatish choralarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi bo‘lgan bolalarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2025-yil 3-fevraldagi PQ-41-son qarorining uchinchi bandi ijrosini ta’minlashda xizmat qilgan (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasining 2026-yil 2-fevraldagi 01/2-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur taklifni amaliyotga joriy etish natijasida jami hududlar kesimida 2025-yil 2-chorak yakuni bo‘yicha mavjud 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar soni 2 000 nafarga ko‘paygan bo‘lsa-da, ularga ajratilgan nafaqa summasi 487 mln. so‘m miqdorida o‘zgarishsiz qolgan, bunga asosiy sabab salomatlik ko‘rsatkichlarida ijobiy dinamika (reabilitatsiya) kuzatilganligi bilan izohlanadi. Shu bilan birga, amalga oshirilgan inklyuziv choralar imkoniyati cheklangan bolalarning turmush sifatini yaxshilash va ularning ijtimoiy moslashuv darajasini konseptual yuksaltirish imkonini bergan;
manzilli ijtimoiy yordamni moliyalashtirishda mablag‘larning maqsadli va samarali taqsimlanishini ta’minlash, byudjet xarajatlarni optimallashtirish va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan dasturiy va natijaga yo‘naltirilgan byudjetlashtirish mexanizmini joriy etish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining “2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-son qarori ijrosini ta’minlashda o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasining 2026-yil 2-fevraldagi 01/2-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy taklifni amaliyotga joriy etilishi orqali davlat byudjeti mablag‘laridan faqat xarajat shaklida emas, balki natija va ijtimoiy ta’sirga erishish nuqtayi nazaridan foydalanish, ya’ni har bir ajratilgan so‘mning real ijtimoiy samarasini aniqlashdan iboratligi ko‘rsatib berilgan, shuningdek, ushbu yondashuv ijtimoiy yordam dasturlarini moliyalashtirishda mas’uliyat, shaffoflik hamda samaradorlik tamoyillarini kuchaytirishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish