Allanazarov Akmal Abdulxaqovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qattiq va mo‘rt qotishmalarni samarali kesish imkonini beruvchi volfram karbid kukuni asosida asboblar ishlab chiqarishning ilmiy asoslarini yaratish”, 05.02.01–“Mashinasozlikda materialshunoslik. Quymachilik. Metallarga termik va bosim ostida ishlov berish. Qora, rangli va noyob metallar metallurgiyasi” ixtisosligi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.DSc/T899
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi DSc.03/2025.27.12.T.02.04. raqamli Ilmiy Kengash.
Ilmiy maslahatchi: Axmedov Azamat Xaitovich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Rasmiy opponentlar: Ziyamuxamedova Umida Alijonovna, texnika fanlari doktori, professor; Ermatov Ziyadulla Dosmatovich, texnika fanlari doktori, professor; Parmonov Sarvar Tashpo‘latovich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi qattiq va mo‘rt qotishmalarni samarali kesish imkonini beruvchi volfram karbid kukuni asosida asboblar ishlab chiqarishning ilmiy asoslarini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kesish jarayonida yuzaga keluvchi mexanik va issiqlik hodisalarining o‘zaro bog‘liqligi, issiqlik oqimlarining tarqalishi hamda qattiq qotishmalar strukturasi va xossalari o‘rtasidagi bog‘lanishlar asosida, qattiq va mo‘rt materiallarga samarali kesib ishlov beruvchi volfram karbidli asbobsozlik materiallarini yaratishning ilmiy asoslari ishlab chiqilgan;
qattiq va mo‘rt materiallarga ishlov berishda talab etiladigan fizik-mexanik hamda issiqlik xossalarini bashorat qilish imkonini beruvchi, kesish zonasidagi issiqlik hosil bo‘lishi, tarqalishi va kontakt hodisalarini hisobga olgan kesish jarayonining matematik modeli ishlab chiqilgan;
WC–Co qattiq qotishmasini TiN va TiB₂ nanokukunlari bilan modifikatsiyalash yordamida materialning issiqlik o‘tkazuvchanligi ortishi, nanozarrachalarning strukturani zichlashtirish va issiqlik oqimlarini jadallashtirish asoslari ishlab chiqilgan;
SCh35, VCh50 va ChX3T markali cho‘yanlarga kesib ishlov berishda kesuvchi asbob materialining issiqlik o‘tkazuvchanligi ortishi hisobiga kesish zonasida hosil bo‘lgan issiqlikning asbob bo‘ylab tarqalishi va keskich tanasidagi haroratning 125–130°C gacha pasayishi qonuniyati ishlab chiqilgan;
qattiq qotishmalarning fazaviy tarkibi, dispersion mustahkamlanish mexanizmi va nanozarrachalarning struktura hosil qilish qonuniyatlari asosida 92%WC + 6%Co + 1%VC + 1%TiB₂ tarkibli yangi modifikatsiyalangan qattiq qotishmaning optimal kimyoviy tarkibi ishlab chiqilgan;
kukun metallurgiyasi va nanomodifikatsiya qonuniyatlari asosida TiN va TiB₂ nanokukunlari bilan modifikatsiyalangan WC–Co qattiq qotishma plastinalarini olish texnologiyasi hamda uning texnologik rejimlari ishlab chiqilgan;
TiN va TiB₂ nanozarrachalari bilan modifikatsiyalangan VK6M qattiq qotishma plastinalarining fizik-mexanik va ekspluatatsion xossalari, kesish hududidagi issiqlik taqsimlanishi, o‘rtacha kontakt harorati, shuningdek SCh35, VCh50 va ChX3T markali cho‘yanlarga ishlov berish uchun kesish rejimlari ishlab chiqilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Qattiq va mo‘rt qotishmalarni samarali kesish imkonini beruvchi volfram karbid kukuni asosida asboblar ishlab chiqarishning ilmiy asoslarini yaratish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
oq cho‘yandan tayyorlangan detallarga mexanik ishlov beruvchi modifikatsiyalangan volfram karbidi-kobalt asosli asbobsozlik materiallarni olish texnologiyasi “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati” AJda joriy qilingan (“O‘zTMK” AJning 2026 yil 27 fevral 03/03-255 son ma’lumotnomasi). Natijada, maxsus qiyin ishlov beriladigan materiallarga mexanik ishlov beruvchi kesuvchi asbobning mexanik xossasi 11-14% ga ortgan;
qattiq qotishmali asbobning kimyoviy tarkibi bashorotlavchi matematik modeli “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati” AJda joriy qilingan (“O‘zTMK” AJning 2026 yil 27 fevral 03/03-255 son ma’lumotnomasi). Natijada qiyin ishlov beriladigan materiallarga mexanik ishlov beruvchi qattiq qotishmaning optimal kimyoviy tarkibini ishlab chiqish vaqti va resursi 14-16% ga kamaygan;
VK6M markali qattiq qotishma asosida yangi modifikatsiyalangan 92%WC+6%Co+1%VC+1%TiB2 volfram karbidi-kobaltli qattiq qotishmaning kimyoviy tarkibi “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati” AJda joriy etilgan (“O‘zTMK” AJning 2026 yil 27 fevral 03/03-255 son ma’lumotnomasi). Natijada oq cho‘yanlardan tayyorlangan detallarga kesib ishlov beruvchi keskichning ishlash muddati 17-20% ga oshgan;
TiB2 nano kukunlari bilan modifikatsiyalangan WC-Co qattiq qotishma asosli keskich plastinalarini ishlab chiqarish texnologiyasi “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati” AJda joriy etilgan (“O‘zTMK” AJning 2026 yil 27 fevral 03/03-255 son ma’lumotnomasi). Natijada oq cho‘yandan tayyorlangan detallarga mexanik kesib ishlov berishda qattiq qotishmaning eyilishgabardoshligi 15-17% ga oshgan;
WC asosli qotishmalarni TiN va TiB2 nano kukunlari bilan modifikatsiyalash usuli “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati” AJda joriy etilgan (“O‘zTMK” AJning 2026 yil 27 fevral 03/03-255 son ma’lumotnomasi). Natijada WC-Co asosli qattiq qotishmalarning issiqlik o‘tkazuvchanligi 16-18% ga ortgan.