Muxamadiev Firdavs Rudaki o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Kompyuter tizimlarida anomaliyalarni aniqlashning intellektual usullari” mavzusidagi 05.01.05 – Axborotlarni himoyalash usullari va tizimlari. Axborot va kiberxavfsizlik (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.2.PhD/FM1490
Ilmiy rahbar: Juraev Gayrat Umarovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi DSc.03/2025.27.12.FM.01.03 raqamli ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Matyakubov Alisher Samandarovich, fizika-matematika fanlari doktori, dotsent; Boyqo‘ziev Ilhom Mardanoqulovich, fizika-matematika fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: UNICON.UZ MJCh
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi kompyuter tizimlarida foydalanuvchilarning fayllar bilan ishlash jarayonida yuzaga keladigan anomal holatlarni aniqlashni intellektual usullardan foydalangan holda takomillashtirishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ichki tahdidlarga xos anomal holatlarni aniqlashning mavjud usullari va tizimlari tahlili asosida kompyuter tizimlarida foydalanuvchilarning hujjatlar bilan ishlash jarayonida yuzaga keluvchi ichki tahdidlarning umumiy modeli ishlab chiqilgan;
kompyuter tizimlarida foydalanuvchilarning fayllar bilan ishlash jarayonini sirpanuvchi oyna mexanizmi asosida real vaqt rejimida kuzatish, xususiyatlarni shakllantirish va ularni intellektual modelga uzatishni ta’minlovchi algoritm ishlab chiqilgan;
ekspert baholash usuli asosida insayder tahdidlariga xos anomal holatlarni ifodalovchi 37 ta xususiyat aniqlanib, baholash mezonlari asosida ular 13 ta muhim xususiyatgacha qisqartirilgan hamda ular asosida intellektual usullar uchun tanlanma shakllantirilgan;
nazoratli o‘qitish algoritmlari, ehtimollarni kalibrlash hamda vaznli “soft vote” usuli asosida foydalanuvchilarning fayllar bilan ishlash jarayonidagi anomal holatlarni aniqlashning ansambl usuli takomillashtirilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Kompyuter tizimlarida insayder tahdidlariga xos anomal holatlarni aniqlashning takomillashtirilgan intellektual usullari, sirpanuvchi oyna mexanizmi asosidagi real vaqt algoritmi, ehtimollarni kalibrlash va vaznli «soft vote» usuliga asoslangan ansambl modeli bo‘yicha olingan ilmiy natijalar amaliyotda quyidagi yo‘nalishlarda joriy etilgan:
kompyuter tizimlarida insayder tahdidlariga xos anomal holatlarni aniqlashning takomillashtirilgan ansambl modeli, foydalanuvchilarning fayllar bilan ishlash faoliyatini real vaqt rejimida kuzatish algoritmi hamda ehtimollarni kalibrlash va vaznli «soft vote» usuli O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida foydalanuvchilar faoliyatini monitoring qilish, anomal holatlarni aniqlash hamda insayder tahdidlarini baholash jarayonida qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutining 2025-yil 23-maydagi 1028-son ma’lumotnomasi). Natijada oddiy va maxfiy hujjatlar bilan ishlovchi foydalanuvchilar faoliyatiga oid 94 ta anomal holatdan 86 tasi muvaffaqiyatli aniqlanib, tizimning aniqlash aniqligi 91,4 % ni tashkil etdi. Bu esa foydalanuvchilarning insayder tahdidlariga xos xavfli xatti-harakatlarini real vaqt rejimida ishonchli aniqlash, yolg‘on ogohlantirishlar sonini kamaytirish hamda axborot xavfsizligini ta’minlash samaradorligini oshirish imkonini bergan;
foydalanuvchilarning fayllar bilan ishlash faoliyatini avtomatik monitoring qilish, anomal holatlarni aniqlash va ularga tezkor javob qaytarishni ta’minlovchi dasturiy ta’minot O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi laboratoriyada tajriba-sinovdan o‘tkazilib, amaliy faoliyatga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining 2025-yil 27-maydagi 294-son ma’lumotnomasi). Natijada foydalanuvchilar faoliyatini inson aralashuvisiz uzlyuksiz monitoring qilish, hujjatlar bilan ishlash jarayonidagi g‘ayritabiiy xatti-harakatlarni barvaqt aniqlash hamda axborot xavfsizligi bo‘linmalarida tezkor va asoslangan qaror qabul qilish imkoniyati yaratilgan. Shuningdek, ishlab chiqilgan dasturiy ta’minot o‘xshash funksional imkoniyatlarga ega mavjud echimlarga nisbatan ishlash tezligini 5 % ga oshirishga hamda foydalanuvchilarning insayder tahdidlariga xos anomal holatlarini real vaqt rejimida ishonchli aniqlash orqali axborot xavfsizligini ta’minlash samaradorligini oshirishga xizmat qilgan;
Kompyuter tizimlarida insayder tahdidlarini aniqlashning intellektual usullari, takomillashtirilgan ansambl modeli hamda real vaqt rejimida foydalanuvchi faoliyatini tahlil qilish algoritmlari Belarus davlat informatika va radioelektronika universitetining "Kompyuter tizimlarida axborot xavfsizligini ta’minlash" fani bo‘yicha o‘quv jarayoniga joriy etilgan (Belarus davlat informatika va radioelektronika universitetining 2025-yil 4-iyundagi ma’lumotnomasi). Natijada mazkur model va algoritmlardan amaliy mashg‘ulotlarda foydalanuvchilarning g‘ayrioddiy xatti-harakatlarini aniqlash misoli sifatida foydalanish, talabalarda foydalanuvchi faoliyatini intellektual monitoring qilish, xulq-atvorni tahlil etish hamda insayder tahdidlarini aniqlash texnologiyalarini amaliy qo‘llash bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish imkoniyati yaratilgan.