Saliev Bahodir Kamilovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Shaharlarning zaxlangan hududlari melioratsiyasining ilmiy-amaliy asoslari», 06.01.02– Melioratsiya va sug‘orma dehqonchilik (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.DSc/T67.
Ilmiy maslahatchi: Serikbaev Bakir Serikbaevich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, DSs.27.06.2017.T.10.02.
Rasmiy opponentlar: Raximov Shavkat Xudargenovich, texnika fanlari doktori; Norkulov Usmon, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori; Abdullaev Botirjon Dadajonovich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: shaharlar va aholi punktlaridagi zaxlangan hududlarning melioratsiyasi muammolarini hal etishga qaratilgan uslublar, usullar va texnologiyalarni takomillashtirish, zaxlanish sabablarini aniqlash, zaxlanishning oldini oluvchi tadbirlarni amalga oshirish va er osti suvlarining ta’sirini bartaraf etish, yangi drenaj konstruksiyalarini yaratish va qo‘llashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekiston Respublikasining sug‘oriladigan erlari sharoitida zaxlanishga uchragan shahar hududlarining melioratsiyalash uslublari va innovatsion texnologiyalari yangi turdagi drenajlarni loyihalash asosida takomillashtirilgan;
zaxlagan shahar hududlarining sizot suvlari sathi rejimi va balansi, ularning gidrogeologik ko‘rsatkichlari tahlili natijalarini umumlashtirish asosida zaxlanish mezonlarini hisoblash usullari ishlab chiqilgan;
sizot suvlari sathlari tebranishlarining xronologik o‘zgarishi parametrlari sath va vaqt orasidagi bog‘lanishga asoslangan zax bosishning omillarini hisoblash usullari takomillashtirilgan;
turli bosimli sharoitda zaxlanishni bashorat qilishning masalalarini echish uslublarini gidrodinamik nazariyaga asoslangan analitik bog‘lanish tenglamalari va tusuvchi drenajning o‘rnatish o‘q chizig‘ini joylashtirish formulasi ishlab chiqilgan;
zaxlangan shahar va aholi punktlarini guruhlarga bo‘lish, geomorfologik sharoiti va rayonlashtirish tamoyillarining tuzilmalari umumlashtirilib, zax bosish omillari aholi punktlarining toifalanishini inobatga olgan holda takomillashtirilgan;
sizot suvlarini pasaytirish va tuproq ichidan sug‘orish hamda bosim suvlarini tortib olish maqsadida markaziy quduqli drenaj tizimlari konstruksiyasi ikki tomonlama ishlaydigan elementlari asosida takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekiston Respublikasi sug‘oriladigan mintaqalarda joylashgan shahar va aholi maskanlarini zax bosishdan himoyalashning meliorativ tadbirlari va muhandislik himoyalash tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
zaxlanishga uchragan shahar hududlarining meliorativ holatini yaxshilash usullari va innovatsion texnologiyalari, Qo‘qon, Pal`mon, So‘x va Sho‘rsuv gidrouzellarining ekspluatatsiya xavfsizligini ta’minlash uchun gidrotexnika inshootlarni va gidrouzellarni muhofaza etish tadbirlari Suv xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi "Sirdaryo-So‘x” Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasiga qarashli gidrotexnik inshootlarida joriy qilingan (Suv xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 8 yanvardagi 02/25-54-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur ob’ektlar texnik holatining baholanishi asosida ekspluatatsion kafolatini 4-5 yilga oshirish imkoni yaratilgan va xavfsizlik deklaratsiyalari tuzilgan;
Farg‘ona viloyati shahar va aholi punktlarining loyiha oldi izlanishlarini asoslash maqsadida zaxlagan shahar hududlarining sizot suvlari sathi rejimi va balansi, ularning gidrogeologik ko‘rsatkichlari tahlili natijalari Suv xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi "O‘zsuvloyiha" filiali “Farg‘onasuvloyiha” instituti tomonidan joriy etilgan (Suv xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 8 yanvardagi 02/25-54-son ma’lumotnomasi). Natijada bajarilishi lozim bo‘lgan hududlarning suv sathi rejimi va balansi, ularning gidrogeologik ko‘rsatkichlari tahlili asosida dala o‘lchash ishlarining xarajatlarini kamaytirishga erishish imkoniyati yaratilgan;
loyihalash uchun yangi rusumdagi sizot suvlarini pasaytirish va er ostidan sug‘orish hamda bosim suvlarini tortib olish maqsadida ikki tomonlama ishlaydigan va "nurli" (luchevoy) drenaj tizimining sayoz varianti Suv xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi O‘zGIP MChJga joriy etilgan (Suv xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 8 yanvardagi 02/25-54-son ma’lumotnomasi). Loyihalash ishlari natijasida shahar drenaj tizimlari rekonstruksiyasi va “Do‘stlik” kanalining 2 km uzunlikdagi yuqori uchastkasiga beton qoplamasi yotqizilgan va fil`tratsiya suvlarining 23% ga kamayishiga erishilgan;
zax bosish sabablarini bartaraf etishda drenaj konstruksiyalarining qo‘llanishi eksperimental sinovdan o‘tgan va Suv xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi O‘zGIP MChJga joriy etilgan (Suv xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 8 yanvardagi 02/25-54-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanishi respublika bo‘yicha 546 mln. m3 hajmda shahar drenaj suvlaridan foydalanish va 68,25 ming ga ekin maydonlarini sug‘orish imkonini bergan.