Ravshanov Nasimbek Qodir o‘g‘lining 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Yarim ochiq kesish sharoitida tekis shudgorlaydigan plug disksimon burchakkeskichining parametrlarini asoslash”, 05.07.01 - Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.PhD/T6632
Ilmiy rahbar: Mamatov Farmon Murtozevich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat texnika universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi davlat texnika universiteti, PhD.03/2025.27.12.T.17.03. 
Rasmiy opponentlar: Batirov Zafar Lutfullaevich, texnika fanlari doktori, dotsent; Rajabov Alisher Xoshimjonovich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi yarim ochiq kesish sharoitida tekis shudgorlaydigan plugning konstruksiyasi va uning disksimon burchakkesgichi parametrlarini asoslash orqali dalalarni shudgorlashda energiyatejamkorlik va yuqori ish sifatini ta’minlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
disksimon burchakkeskich bilan jihozlangan palaxsalarni yarim ochiq kesish sharoitida ag‘darib tekis shudgorlaydigan plugning konstruksiyasi va texnologik ish jarayoni talablar darajasida sifatli shudgorlash va minimal tortishga qarshilikni ta’minlashini hisobga olinib ishlab chiqilgan;
disksimon burchakkeskich parametrlari qo‘shkopus ta’sirida palaxsalarni kam energiya sarf qilgan holda erkin ag‘darilishini ta’minlanishini hisobga olgan holda asoslangan;
disksimon burchakkeskichni harakat yo‘nalishiga nisbatan o‘rnatilish burchagi qo‘shkorpus bilan ag‘dariladigan palaxsani ochiq egatga qulamasligi shartidan aniqlangan;
disksimon burchakkeskich va qo‘shkorpus orasidagi bo‘ylama masofa korpus ta’sirida deformatsiyalangan tuproq zonasini disksimon burchakkeskichga etib bormaslik shartidan aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: 
Yarim ochiq kesish sharoitida tekis shudgorlaydigan plugning disksimon burchakkeskichi parametrlarini asoslash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
yarim ochiq kesish sharoitida tekis shudgorlaydigan disksimon burchakkeskichli plug bilan tekis shudgorlashda texnologik jarayonlarning  sifat ko‘rsatkichlarini baholashga dastlabki talablar va plugning konstruksiyasini loyihalashga texnik topshiriq ishlab chiqilgan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligining 2025-yil 15-oktyabrdagi 5/04-04-683-sonli ma’lumotnomasi). Natijada yarim ochiq kesish sharoitida tekis shudgorlaydigan plug konstruksiyasini ishlab chiqish imkoni yaratilgan; 
yarim ochiq kesish sharoitida tekis shudgorlaydigan disksimon burchak kesgichli plug O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi fermer xo‘jaliklarida, jumladan Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligining 2025-yil 15-oktyabrdagi 5/04-04-683-sonli ma’lumotnomasi). Natijada yonilg‘i-moylash materiallarini 28,3 foizga va bir gektar erga sarflanadigan umumiy xarajatlar 11,8 foizga kamaygan;
yarim ochiq kesish sharoitida tekis shudgorlaydigan plugni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish uchun loyiha-konstrktorlik hujjatlari (texnikaviy shartlar va chizmalar) “BMKB-Agromash” AJ da loyihalash jarayoniga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligining 2025-yil 15-oktyabrdagi 5/04-04-683-sonli ma’lumotnomasi). Natijada yarim ochiq kesish sharoitida tekis shudgorlaydigan disksimon burchakkeskichli plugni ishlab chiqarish imkoni yaratilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish