Tojiev Dostonjon Beknazar o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy qoidalar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida ilmiy va madaniy hamkorlik” mavzusidagi 07.00.03 – Jahon tarixi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.PhD/Tar1606
Ilmiy rahbar: Karimov Baxtiyor Rahmanovich, falsafa fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, DSc.05/2025.27.12.Tar.06.01
Rasmiy opponentlar: Muqimjon Qirg‘izboev, siyosiy fanlar doktori, professor; G‘iyasov Bobur Temurovich, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Turkiy davlatlar orasidagi ilmiy-madaniy hamkorlikka doir ishlarni o‘rganish orqali – Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkiya, Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi tarixiy, milliy-ma’naviy, ilmiy va madaniy aloqalar ahamiyatini ko‘rsatishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Turkiy davlatlar tashkilotining Evrosiyo markazidagi rivojlanishi jahon hamjamiyati munosabati asosida tahlil qilinib, uning samaradorligi siyosiy-diplomatik hamkorlik bilan bir qatorda ilmiy-madaniy aloqalar va til yaqinligiga bog‘liq ekani asoslandi. Natijada TDTning G‘arb va Sharq o‘rtasidagi integratsion ko‘prik sifatidagi salohiyati ochib berildi hamda murakkab geosiyosiy jarayonlar sharoitida Tojikiston va Mo‘g‘ulistonning TDT bilan yaqinlashuvi tuzilma rivoji uchun muhim omil ekani ilmiy jihatdan isbotlangan;
Til va alifbo masalalari hamda ona tilini o‘rganish va o‘rgatishga doir muammolar tahlil qilinib, turkiy dunyo integratsiyasida ta’lim sohasidagi ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni kuchaytirish zarurligi asoslandi. Natijada mushtarak alifbo masalasining hal etilishi va yangi umumiy o‘rtaturk alifbosining qabul qilinishi nafaqat ta’lim, balki boshqa sohalardagi hamkorlik uchun ham yangi imkoniyatlar yaratishi, mazkur masalaning ijobiy echimi esa istiqbolda turkiy til va madaniyat birligini ta’minlash hamda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilishi ilmiy jihatdan ochib berilgan;
TURKSOY tomonidan “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” maqomini berish dasturi tahlil qilinib, mazkur tashabbus turkiy dunyo shaharlari o‘rtasidagi madaniy integratsiya va turizm hamkorligini rivojlantirishga xizmat qilayotgani asoslandi. Shu bilan birga, integratsion faoliyatning tizimli ilmiy tahlili etarli darajada amalga oshirilmagani aniqlanib, dissertatsiyada ushbu maqomga ega bo‘lgan 14 shahar xronologik tartibda yoritildi hamda ularning madaniy merosi, tarixiy ahamiyati va integratsiya jarayonidagi o‘rni ochib berildi. Natijada mazkur shaharlar turkiy dunyo madaniyati va tarixini boyitish, shuningdek, turizm sohasida yangi imkoniyatlar yaratishda muhim omil ekani ilmiy jihatdan dalillangan;
Turkiy universitetlar ittifoqining (TÜRKÜNIB) Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo oliy ta’lim muassasalarini birlashtiruvchi muhim ilmiy tuzilma sifatida shakllanayotgani tahlil qilinib, uning tarixiy rivoji va institutsional imkoniyatlari asoslandi. Natijada ittifoqqa a’zolik universitetlar va talabalar uchun xalqaro akademik mobillik, ilmiy tadqiqotlar hamda ta’lim va fan sohalarida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini yaratishi, a’zolar o‘rtasidagi akademik integratsiya esa turkiy xalqlarning ilmiy-madaniy merosini asrash va fan-ta’lim sohasidagi birlikni mustahkamlashga xizmat qilishi ilmiy jihatdan asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida ilmiy va madaniy hamkorlik tadqiqoti natijalari asosida:
Turkiy davlatlarda yangi davr integratsiyasining shakllanishi va istiqboli masalasining o‘rganilishi, TDTning Evrosiyo markazida shakllanishi va rivojlanishiga jahon hamjamiyatining munosabati, turkiy tilli mamlakatlar o‘rtasida fan-ta’lim, madaniyat va boshqa sohalarda yo‘lga qo‘yilgan ko‘p tomonlama hamkorlik, shuningdek, TDTning G‘arb va Sharq o‘rtasidagi integratsion ko‘prik sifatidagi salohiyati asoslanib, ilmiy-madaniy va tarixiy-siyosiy bilimlardan yosh avlodni ma’rifatli tarbiyalash, jamiyatda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni mustahkamlashda samarali foydalanish imkoniyatlari, Tashkilotning mintaqaviy rivoji va gegemon davlatlar oldida mustahkam birlikda tura olish uchun Tojikiston va Mo‘g‘ulistonning TDT bir qismiga aylanishi masalasidagi tavsiyalar hamda amaliy takliflardan “O‘zbekiston tarixi” telekanali “Tarixiy savol” ko‘rsatuvining “Turkiy sulolalar tarixi” sonini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zMTRK “O‘zbekiston” teleradiokanali DUKning 2024-yil 18-apreldagi №02-31-491-son ma’lumotnomasi).
Turkiy til va alifbo masalasi, ona tilini o‘rganish va o‘rgatishga doir muammolar, 30 yillik kun tartibida bo‘lgan alifbo masalasining echilishi va yangi umumiy (o‘rtaturk) alifbo qabul qilinganligi, “Alisher Navoiy” xalqaro mukofotining tarixiy o‘rni, “Turkiy adabiyot durdonalari”ning turkiy dunyo madaniy merosi sifatidagi ahamiyati, TURKSOY tomonidan turkiy dunyo allomalari merosini ommalashtirish maqsadida olib borayotgan keng ko‘lamli ishlari xususidagi ilmiy xulosalardan “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Aslida qanday” va “Tarix maydoni” ko‘rsatuvlari dastur ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (“Ma’rifat” ijodiy birlashmasi” davlat muassasasi tarkibidagi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining 2025-yil 4-dekabrdagi №01-33/922-son ma’lumotnomasi). Natijada ilmiy ko‘rsatuvlar saviyasi oshishiga hissa qo‘shildi.
Tadqiqot natijalari “Yangi asr avlodi” NMMda chop etilgan “Navro‘znoma” kitobining to‘ldirilgan “Uchinchi fasl: ’Navro‘znoma’ asari haqida” bo‘limida amaliyotga joriy etilgan. Mazkur bo‘limda xayyomshunos olimlarning Umar Xayyom va “Navro‘znoma” asariga oid ilmiy qarashlari jamlanib, Turkiy davlatlar tashkiloti va TURKSOY hamkorligida amalga oshirilayotgan “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” dasturining Navro‘z bayrami bilan uzviy bog‘liqligi ilmiy asosda yoritilgan. Shuningdek, Navro‘z arafasida o‘tkaziladigan madaniy tadbirlarning mazmun-mohiyati hamda mazkur maqomga ega bo‘lgan 14 ta shahar haqidagi ma’lumotlar tizimli tarzda bayon etildi. (“Yangi asr avlodi” NMMning 2025-yil 11-apreldagi 07-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu nashrdan turkiy xalqlarning tarixiy-madaniy merosini keng targ‘ib etish va integratsion jarayonlarni mustahkamlashga xizmat qiluvchi ilmiy-amaliy manba sifatida foydalanilmoqda.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining “Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans poydevori” bo‘limida joylashgan “O‘zbekistonning xalqaro tashkilotlar bilan aloqalari” va “Yangi O‘zbekiston: ma’rifiy-madaniy yuksalish” nomli ekspozisiya qismlarini yaratishda dissertatsiyadagi ilmiy ma’lumotlardan keng foydalanildi. “O‘zbekistonning xalqaro tashkilotlar bilan aloqalari” ekspozisiya qismida siyosiy diplomatiya, ilmiy-madaniy hamkorlik va til yaqinligi masalalari TDTni G‘arb va Sharq o‘rtasida ko‘prikka aylantirishi tuzilma rivoji uchun zarurligi ilmiy isbotlangan. “Yangi O‘zbekiston: ma’rifiy-madaniy yuksalish” ekspozisiya qismida TURKSOY tomonidan tarixiy shaharlarga “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” maqomini berish an’anasi hamda 2020-yilda Xiva shahrining mazkur unvonga sazovor bo‘lishi, shuningdek, O‘zbekistonda o‘tkazilgan xalqaro miqyosdagi madaniy tadbirlar hamda turizm borasidagi salmoqli yangilanishlar, Turkiy universitetlar ittifoqining TDTga a’zo oliy ta’lim muassasalarini birlashtiruvchi muhim ilmiy tuzilma ekani, uning faoliyati turkiy xalqlar o‘rtasida ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, ta’lim standartlarini oshirish va akademik integratsiyani kuchaytirishga xizmat qilishi ilmiy jihatdan asoslangan. Mazkur ekspozisiya qismlaridagi ma’lumotlar orqali TDTning Yangi O‘zbekiston tarixidagi muhim o‘rni va ahamiyati keng jamoatchilikka, ayniqsa, yosh avlodga etkazildi va zamonaviy davr tarixiga bo‘lgan qiziqishini oshirdi (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining 2025-yil 22-dekabrdagi № 05-14/677-son dalolatnomasi).