Muqimov Asrorjon Rasulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Davlat byudjeti daromadlarini oshirishda bojxona to‘lovlarini undirishni takomillashtirish», 08.00.07 – Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/Iqt3103.
Ilmiy rahbar: Pardaev Tulkin Nasirovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.03/2025.27.12.I.23.01.
Rasmiy opponentlar: Tursunov Bobir Ortiqmirzaevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Xujamqulov Ramshod Yunusovich, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi davlat byudjeti daromadlarini oshirishda bojxona to‘lovlarini undirishni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
savdo-iqtisodiy munosabatlarda eng ko‘p qulaylik berish rejimi nazarda tutilmagan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan yoxud ishlab chiqarilgan mamlakati aniqlanmagan tovarlarga nisbatan boj tarifidan tashqari 5-20 foiz chegarasida tabaqalashtirilgan miqdorlarda qo‘shimcha bojxona bojini undirish taklifi asoslangan;
tadbirkorlik sub’ektlariga bojxona to‘lovlari va bojxona rasmiylashtiruvi uchun boshqa turdagi to‘lovlarni yagona g‘azna hisobvarag‘ini ochish orqali respublikaning istalgan hududidan amalga oshirish imkonini yaratish taklifi asoslangan;
tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan tovarlarga nisbatan bojxona imtiyozlarini aniqlashda bojxona organlari tomonidan dastlabki qarorni berish bo‘yicha taklifi asoslangan;
O‘zbekistonda davlat byudjetiga undiriladigan bojxona to‘lovlari miqdoriga ta’sir etuvchi ichki va tashqi omillarning ko‘p omillik ekonometrik tahlillari natijasida bojxona to‘lovlari tushumining 2030 yilga qadar o‘rta muddatli prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Davlat byudjeti daromadlarini oshirishda bojxona to‘lovlarini undirishni takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy takliflar va amaliy tavsiyalar asosida:
savdo-iqtisodiy munosabatlarda eng ko‘p qulaylik berish rejimi nazarda tutilmagan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan yoxud ishlab chiqarilgan mamlakati aniqlanmagan tovarlarga nisbatan boj tarifidan tashqari 5-20 foiz chegarasida tabaqalashtirilgan miqdorlarda qo‘shimcha bojxona bojini undirish taklifi O‘zbekiston Respublikasining 2025 yil 27 noyabrdagi «O‘zbekiston
Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida» O‘RQ-1097-son Qonunining 2-moddadsining 2-bandida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasining 2026 yil 16 martdagi 05/8-4103-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida fiskal yuklamani oshirish emas, balki shaffof, prognoz qilinadigan va adolatli tashqi iqtisodiy tartibga solish tizimini yaratishga erishilgan;
tadbirkorlik sub’ektlariga bojxona to‘lovlari va bojxona rasmiylashtiruvi uchun boshqa turdagi to‘lovlarni yagona g‘azna hisobvarag‘ini ochish orqali respublikaning istalgan hududidan amalga oshirish imkonini yaratish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Davlat bojxona xizmati organlarining faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2025 yil 25 martdagi PF-57-son Farmonining 5-bandida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasining 2026 yil 16 martdagi 05/8-4103-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay, shaffof va tezkor to‘lov muhitini yaratish bilan birga, davlat byudjeti daromadlarini samarali boshqarish va nazorat qilishning zamonaviy mexanizmlarini shakllantirish hamda davlat daromadlarining barqarorligini ta’minlashga erishilgan;
tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan tovarlarga nisbatan bojxona imtiyozlarini aniqlashda bojxona organlari tomonidan dastlabki qarorni berish bo‘yicha taklifi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025 yil 1 iyulda 3634-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan «Tovarlarga nisbatan imtiyozlarni qo‘llash bo‘yicha bojxona organlarining dastlabki qarorlarini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida» O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining buyrug‘ida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasining 2026 yil 16 martdagi 05/8-4103-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga tovarlarni olib kirish yoki olib chiqishdan oldin bojxona imtiyozlari bo‘yicha aniq va rasmiy ma’lumot olish imkoniyati yaratilgan. Bu orqali turli noaniqliklarni kamaytirish, ortiqcha vaqt va xarajatlarning oldini olish hamda bojxona organlari bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarni kamaytirishga erishilgan;
O‘zbekistonda davlat byudjetiga undiriladigan bojxona to‘lovlari miqdoriga ta’sir etuvchi ichki va tashqi omillarning ko‘p omillik ekonometrik tahlillari natijasida bojxona to‘lovlari tushumining 2030 yilga qadar ishlab chiqilgan o‘rta muddatli prognoz ko‘rsatkichlari Bojxona qo‘mitasi tomonidan davlat byudjetining tushumlari prognozi shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasining 2026 yil 16 martdagi 05/8-4103-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida bojxona to‘lovlarining prognoz ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish tartib-taomillari takomillashgan.