Elmuradov Akbar Muhammadievich
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon.
I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi: “Turkiston jadidlari siyosiy partiya va tashkilotlarining muxtoriyat hamda mustaqillikka oid konsepsiyalari siyosiy tahlili”;
Ixtisoslik shifri: 23.00.02-siyosiy institutlar, jarayonlar va texnologiyalar;
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.PhD/Ss161
Ilmiy rahbar: Qirg‘izboev Muqimjon, siyosiy fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti
IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi DSc.03/2025.27.12.Ss.01.09 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar:
Jo‘raev Narzulla Kosimovich, siyosiy fanlar doktori, professor;
Agzamxodjaev Saidakbar Saidovich, tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi:
Turkiston jadidlari siyosiy partiya va tashkilotlarining muxtoriyat va mustaqillikka oid konsepsiyalarini siyosiy jihatdan tahlil qilish va uning hozirgi Yangi O‘zbekiston sharoitida ko‘ppartiyaviylik siyosatining uyg‘unligi hamda o‘ziga xosligini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Jadidlarning muxtoriyat uchun harakati milliy davlatchilik va mustaqillikka o‘z ta’limi, tili va madaniyatini o‘zi belgilash orqali o‘tishni nazarda tutuvchi ilk strategik model ekanligi isbotlangan;
Mahmudxo‘ja Behbudiy ilgari surgan “Turkiston madaniy muxtoriyati” g‘oyasi Turkistonda mustaqil milliy davlat barpo etishga qaratilgan aniq siyosiy strategiya ekani, bu maqsad mahalliy kengashlar, qurultoylar va milliy majlis tashkil qilish orqali amalga oshirilishi mumkin bo‘lganligi ilmiy jihatdan asoslangan;
Jadid siyosiy partiya va tashkilotlarining (“Sho‘roi Islomiya”, “Sho‘roi Ulamo”, “Taraqqiyparvarlar” va b.) davlat boshqaruvi borasidagi dasturlari mazmunan parlamentar respublika modeliga muvofiq kelishi hamda ushbu g‘oyalarning zamonaviy milliy parlamentarizm faoliyatini tashkil etishning nazariy asosi ekanligi dalillangan;
“Sho‘roi Islomiya” va “Sho‘roi Ulamo” o‘rtasidagi g‘oyaviy ixtiloflar jamiyat taraqqiyotining muqobil yo‘llarini taklif etuvchi milliy siyosiy plyuralizmning ilk ko‘rinishi ekanligi hamda siyosiy tizimda raqobat muhitini shakllantirgani isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tadqiqotning natijalari, undagi ilmiy xulosa va takliflarning amaliyotga joriy etilayotgani bo‘yicha quyidagi tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilgan:
Turkiston jadidlarining siyosiy partiyalari va tashkilotlari shakllanishiga ta’sir etgan ichki va tashqi omillar, jadidlar bilan diniy tashkilotlar o‘zaro munosabatlari, siyosiy kuchlarning tarqoqligi sabablari, jadidlar bilan chorizm va bolsheviklar o‘rtasidagi kurashlar, siyosiy partiyalar va tashkilotlar faoliyatining milliy o‘ziga xos hususiyatlari (dunyoviylik, zamonaviy davlat boshqaruvi, parlamentar respublika) ilmiy asoslangan xulosalardan O‘zbekiston tarixi kanalining “Suronli yillar” ko‘rsatuvi ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” Davlat muassasasining 2024-yil 10-sentyabrdagi 06-28-772-son dalolatnomasi). Natijada, XX asr boshlarida Turkiston xalqining milliy uyg‘onishiga chorizm imperiyasining mustabidlik siyosati, jadidlarning siyosiy partiyalari faoliyati, jadid matbuotining ta’siri sabab bo‘lganligi, mamlakatimizda ilk mustaqillik mafkurasi asosan jadidlar tashkil etgan siyosiy partiya va tashkilotlar faoliyatida namoyon bo‘lganligi haqidagi teletomoshabinlarning tasavvurlarini mazmunan boyitishga xizmat qilgan;
“Turkiston madaniy muxtoriyati” konsepsiyasi mohiyati, uning milliy va siyosiy mustaqillikka oid g‘oyalari, konsepsiyaning Turkiston jadidlari siyosiy partiyalari, tashkilotlari dasturlari va platformalari shakllanishiga ta’siri tahlili siyosiy nuqtayi nazardan ilk marta ochib berilgan xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining ijtimoiy loyihalarida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining 2025-yil 18-yanvardagi 2-15-21-291-sonli dalolatnomasi). Natijada, Turkiston o‘lkasida jadidlarning milliy davlatchilik tuzish va uni boshqarish dasturlari milliy demokratik davlatchilikka asos bo‘lganligini aniqlashga xizmat qilgan;
“Turkiston muxtoriyati”ni tuzishga oid konseptual loyiha jadid yetakchilari va ziyolilarning tajribasi natijasida shakllanganligi hamda Turkiston xalqining milliy uyg‘onishi va o‘zini o‘zi anglashi, milliy davlatchilik uchun kurashda asosiy omil bo‘lib xizmat qilganligi asoslangan xulosalardan O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi dasturiy hujjatlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining 2025-yil 13-fevraldagi 01-06/31-sonli dalolatnomasi). Natijada, Turkiston jadidlarining va ular siyosiy tashkilotlarining mustaqil milliy davlat tuzishga oid siyosiy konsepsiyalari va loyihalari hozirgi yosh avlodni Vatanga sadoqat, yurtga fidoyilik, milliy qadriyatlarga yuksak hurmat qilish ruhida tarbiyalashda eng asosiy manbalardan biri sifatida siyosiy partiyaning dasturiy hujjatlarini ishlab chiqishga xizmat qilgan.
Turkiston muxtoriyatini tashkil etish va uni boshqarishda siyosiy partiyalar va tashkilotlar hamkorligi hamda ularning mafkuralari o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar, ijtimoiy-siyosiy qatlamlar rivojiga oid islohotlar, muxtoriyat tanazzulining siyosiy sabablari o‘rganilib, jadidlar siyosiy partiya va tashkilotlari konsepsiyalarining hozirgi davr uchun ahamiyati asoslangan xulosalardan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil etish va bu maqsadlarni amalga oshirishda foydalanilgan (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2025-yil 15-fevraldagi 02/01/19-166-sonli dalolatnomasi). Natijada, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2023-yil uchun chora-tadbirlar dasturining “Yangi ma’naviy makonni shakllantirishning dolzarb masalalari, bu borada ma’rifatparvar, ziyolilar, davlat va jamoat faollarini birlashtirish hamda “Yangi O‘zbekiston orzusi”ni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil etish” bo‘limidagi targ‘ibot ishlarini tashkil etishga xizmat qilgan.