Axtamov Tohir Zuhriddin o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ekstremal iqlim sharoitida foydalanish uchun samarali mobil quyosh energetik qurulmalari”, 05.05.06– “Qayta tiklanadigan energiya turlari asosidagi energiya qurilmalari”.
Dissertatsiya mavzusi roʼyxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/T3328. 
Ilmiy rahbar: Tursunov Muxammad Nishanovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi S.A Azimov nomidagi Fizika-texnika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi S.A. Azimov nomidagi Fizika-texnika instituti, DSc.05/2025.28.11.FM/T.01.01.
Rasmiy opponentlar: Raximov Rustam Xakimovich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Aliev Rayimjon, texnika fanlari doktori, professor. 
Yetakchi tashkilot: Islom Karimov nomidagi Toshkent Davlat Texnika Universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ekstremal iqlim sharoitlarida barqaror va samarali elektr hamda issiqlik ta’minotini ta’minlay oladigan, transportirovka qilish, tez yig‘ish va tez ishga tushirish imkoniyatlariga ega ixcham, ko‘p funksiyali mobil quyosh energetik qurilmalarining konstruktiv va funksional modellarini modellashtirish, tajriba-sinovlar asosida ularni takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor ekstremal iqlim sharoitlari (changlanish, atmosfera inversiyasi, anomal isish va sovish) uchun maxsus moslashtirilgan mobil quyosh energetik qurilmalari yaxlit tizimda ishlab chiqilib va ularning samaradorligini oshirish, ishlash barqarorligini ta’minlashga qaratilgan yangi konstruktiv-texnologik echimlar taklif etilgan;
mobil quyosh energetik qurilmalarida fotoelektrik va issiqlik tizimlarining integratsiyalashgan moduli ishlab chiqilgan;
ekstremal iqlim sharoitlarida mobil quyosh energetik qurilmalarining ishonchlilik ko‘rsatkichlari tizimli ravishda baholab chiqilgan;
ilk bor mobil fotoelektrik tizimlarning mexanik hamda ekspluatatsion barqarorligini ta’minlash bo‘yicha takomillashtirilgan echimlar ishlab chiqilib avtonom energiya manbai sifatidagi texnik-iqtisodiy samaradorligi, fotoelektrik modullarda issiqlik yuklamalarini boshqarish va samarali sovutishning yangi yondashuvlari asosida ularning energiya hosildorligini oshirish imkoniyatlari baholab chiqilgan;
ilk bor ekstremal iqlim sharoitlarida mobil quyosh energetik tizimlarining ishonchli ishlashini ta’minlash, ularning ekologik va iqtisodiy samaradorligini oshirishga qaratilgan ilmiy-texnik echimlar ishlab chiqilgan;
markaziy elektr tarmoqlaridan uzoqda joylashgan aholi vakillari uchun 70W quvvatdagi va 2kW quvvatdagi mobil fotoelektrik qurilmalarning texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari aniqlangan bo‘lib, ularning yillik atrof-muhitga chiqariladigan CO2 oqimini ko‘mir va benzinli generatorlardan olinadigan yillik elektr energiyasiga nisbatan mos ravishda 237 kg va 5860 kg ga kamaytirishi asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mobil qurilmalarda fotoelektrik batareyalarining samaradorligini oshirish va fotoelektrik-issiqlik batareyasini tayyorlash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
ko‘p funksiyali mobil fotoelektr (2000 W quvvatli) qurilmasi irrigatsiya tizimining Quyi Zarafshon ITHB huzuridagi nasos stansiya va energetika boshqarmasiga qarashli “Konimex-1” nasos stansiyaga joriy etildi (O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining 2025-yil 5-iyundagi 02/19-2519-sonli ma’lumotnomasi). Natijada yiliga 3246,6 kW·soat elektr energiyasini tejash hisobiga 195 kg ko‘mir yoqilg‘isi iqtisod qilinishiga, atmosferaga chiqariladigan 2,4 tonna CO₂ gazining oldi olinishi hamda 3 564 767 so‘m miqdorida iqtisodiy samaradorlikka erishish imkonini bergan;
kichik quvvatli ko‘chma fotoelektrik qurilma (№ SAP 02300) O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi Tabiiy fanlar kafedrasida “Harbiy-amaliy masalalarning fizik asoslari” fanining “Umumiy fizika” va “Elektrotexnika hamda elektronika asoslari” modullarini o‘qitishda namoyish tajribasi va laboratoriya qurilmasi sifatida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasining 2025-yil 6-maydagi 1823-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, qurilma yordamida kursantlarga qayta tiklanuvchi energiya manbalari, o‘zgarmas tokni o‘zgaruvchan tokka aylantirish, akkumulyatorlarni zaryadlash va razryadlash jarayonlarini amaliy hamda ko‘rgazmali usulda o‘qitish samaradorligini oshirish imkonini bergan;
kichik quvvatli ko‘chma fotoelektrik qurilma (№ SAP 02300) “Ilhomov’s Enterprise” mas’uliyati cheklangan jamiyatida joriy etilgan (“Ilhomov’s Enterprise” MChJ ning 2025-yil 7-martdagi 95-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, qurilma yordamida MChJning ko‘chma brigadalarini istalgan hududda birlamchi elektr energiyasi bilan tezkor va uzlyuksiz ta’minlash hamda dala sharoitida elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni qondirish imkonini bergan;
fotoelektrik tizimni chaqmoqdan himoya qilish qurilmasi (№ FAP 2614) “Izobubble Group” mas’uliyati cheklangan jamiyatida joriy etilgan (“Izobubble Group” MChJ ning 2025-yil 20-martdagi 1-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, korxona hududida o‘rnatilgan fotoelektr stansiyaning chaqmoq ta’siridan tashqi himoyalanishi, invertor va elektron qurilmalarning ichki himoyasi hamda stansiyaning barqaror va ishonchli ishlashi ta’minlanib, uning xavfsiz ekspluatatsiyasi va uzlyuksiz elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini bergan;
reflektorlar bilan jihozlangan kichik quvvatli ko‘chma fotoissiqlik qurilma (№ SAP 2636) “Karmana yo‘l servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatida joriy etilgan (“Karmana yo‘l servis” MChJ ning 2025-yil 1-martdagi 15-25-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, qurilma yordamida elektr energiyasi va issiq suv olish yo‘lga qo‘yilib, ko‘chma brigada xodimlarining dala sharoitidagi maishiy ehtiyojlarini qondirish, mehnat sharoitlarini yaxshilash hamda ularning uzlyuksiz faoliyat yuritishi uchun qulay sharoit yaratish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish