Unarova Dilafruz Abdimajit qizining 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): Xalq dostonlari korpusi va uning lingvostatistik tadqiqi (“Orzigul”,”Kuntug‘mish”, “Malikayi ayyor” dostonlari misolida), 10.00.11 – Amaliy va kompyuter lingvistikasi (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/Fil4957.
Ilmiy rahbar: Karimov Suyun Amirovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qo‘qon davlat universiteti, PhD.03/2025.27.12.Fil.34.02.
Rasmiy opponentlar: Abduraxmonova Nilufar Zaynobiddin qizi, filologiya fanlari doktori (DSc), professor; Hamroeva Shahlo Mirdjanovna, filologiya fanlari doktori (DSc), professor.
Yetakchi tashkilot: Jizzax davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi “Orzigul”, “Kuntug‘mish” va “Malikayi ayyor” dostonlari asosida xalq dostonlari korpusini yaratish, korpus matnlarini lingvostatistik metodlar asosida kompleks baholash hamda ularning leksik, grammatik va statistik xususiyatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
o‘zbek folklorshunosligida ilk bor xalq dostonlari matnini o‘rganishning an’anaviy tavsifiy-qo‘lda bajariladigan usulidan farqli o‘laroq, korpus lingvistikasi tamoyillariga asoslangan raqamli-statistik tahlil metodologiyasining folklor matniga xos formulaviylik, variativlik va og‘zaki uslub xususiyatlarini hisobga oluvchi tokenlash, lemmalash hamda konkordans tuzish tamoyillari ochib berilgan;
lingvofolkloristika va korpus lingvistikasi integratsiyasiga asoslangan yondashuv orqali xalq dostonlari matnidagi leksik, grammatik, stilistik va semantik birliklar statistik mezonlar asosida tavsiflanib, folklor tili faqat badiiy-estetik hodisa sifatida emas, balki statistik jihatdan modellashtiriladigan lingvistik tizim sifatida talqin qilingan va o‘zbek folklor tilining lingvostatistik modeli orqali isbotlangan;
“Malikayi ayyor”, “Kuntug‘mish”, “Orzigul” dostonlari matnidagi asar qahramonlari nomi, joy nomidan tashqari, turdosh otlar, son, sifat, harakat bildiruvchi so‘zlar semantik yadroni tashkil qilishi, folklor asarlarining leksik-grammatik tashkil topishida fe’l turkumiga oid harakatni bildiruvchi so‘zlar faolligi, qo‘llanish chastotasining yuqoriligi bilan fe’ldan keyingi o‘rinda olmosh so‘z turkumiga oid so‘zlarning usuvorligi asoslangan;
folklor matnlarini raqamli muhitda lingvistik jihatdan tasniflash va tizimlashtirishning nazariy modeli ishlab chiqilgan bo‘lib, unda doston matnlarini qidiruv va tahlil uchun zarur lingvistik belgilash (annotatsiya) hamda tuzilmalashtirish tamoyillari o‘zbek folklor matnlari misolida ilk bor asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “Xalq dostonlari korpusi va uning lingvostatistik tadqiqi” “Malikayi ayyor”, “Kuntug‘mish”, “Orzigul” dostonlari misolida)” olingan natijalar asosida:
o‘zbek folklorshunosligida ilk bor xalq dostonlari matnini o‘rganishning an’anaviy tavsifiy-qo‘lda bajariladigan usulidan farqli o‘laroq, korpus lingvistikasi tamoyillariga asoslangan raqamli-statistik tahlil metodologiyasining folklor matniga xos formulaviylik, variativlik va og‘zaki uslub xususiyatlarini hisobga oluvchi tokenlash, lemmalash hamda konkordans tuzish tamoyillari ochib berilgan o‘rinlardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida 2017-2020-yillarda bajarilgan FA-F1-OO5-raqamli “Qoraqalpoq folklorshunosligi va adabiyotshunosligini tadqiq etish” mavzusidagi fundamental loyihasini amalga oshirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutining 2025-yil 4-iyundagi 316/1-son ma’lumotnomasi). Natijada matnlarni raqamlashtirish, korpusga kiritish va tadqiqotlarni takomillashtirishga erishilgan;
lingvofolkloristika va korpus lingvistikasi integratsiyasiga asoslangan yondashuv orqali xalq dostonlari matnidagi leksik, grammatik, stilistik va semantik birliklar statistik mezonlar asosida tavsiflanib, folklor tili faqat badiiy-estetik hodisa sifatida emas, balki statistik jihatdan modellashtiriladigan lingvistik tizim sifatida talqin qilingan va o‘zbek folklor tilining lingvostatistik modeli orqali isbotlanganligiga oid xulosalardan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2022-2024-yillarda amalga oshirilgan IL-402104209 raqamli “Axborot-qidiruv tizimlari (Google, Yandex, Google translate) uchun avtomatik ishlov berish vositasi – o‘zbek tilining morfoleksikoni va morfologik analizatori dasturiy vositasini yaratish” nomli innovatsion loyihasini amalga oshirishda foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 12-iyundagi 01/4-2454-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha doirasida tayyorlangan ilmiy maqolalar hamda dasturiy modul samaradorligi oshgan; 
“Malikayi ayyor”, “Kuntug‘mish”, “Orzigul” dostonlari matnidagi asar qahramonlari nomi, joy nomidan tashqari, turdosh otlar, son, sifat, harakat bildiruvchi so‘zlar semantik yadroni tashkil qilishi, folklor asarlarining leksik-grammatik tashkil topishida fe’l turkumiga oid harakatni bildiruvchi so‘zlar faolligi, qo‘llanish chastotasining yuqoriligi bilan fe’ldan keyingi o‘rinda olmosh so‘z turkumiga oid so‘zlarning usuvorligi asoslanganligiga doir ilmiy xulosalardan “Samarqand viloyati teleradiokanali” DMda 2025-yil iyun oyida efirga uzatilgan “Assalom, Samarqand!” ko‘rsatuvining navbatdagi sonining dastur ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi Samarqand viloyati teleradiokanalining 2025-yil 4-iyundagi 01-07/214-son ma’lumotnomasi). Natijada “Assalom, Samarqand!” ko‘rsatuvining ssenariysi mazmuni boyitilgan; o‘zbek xalq dostonlari korpusini tuzish madaniy merosni kelajak avlodga yetkazish, internet tizimi yoki axborot qidiruv tizimlarida sifatli saqlash, qayta ishlash va ular ustida turli tadqiqotlar olib borishda dolzarblik kasb etishini keng ommaga yetkazishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish