Latipova Sayyora Tohir qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): Epik ijodda tabiatga munosabat va moziy tasviri (Jo‘ra Fozil asarlari asosida), 10.00.14 – XX asr adabiyoti va hozirgi adabiy jarayon (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2 PhD/Fil4561.
Ilmiy rahbar Murodov G‘ayrat Nekovich, filologiya fanlari doktori (DSc), professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, DSc.03/2025.27.12.Fil.08.08.
Rasmiy opponentlar: Rajabov Dilshod Zaripovich, filologiya fanlari doktori (DSc), professor; Sulaymonov Shodmon Sultonovich, filologiya fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Navoiy davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Jo‘ra Fozil ijodida tabiatga munosabat hamda moziy tasvirlarining badiiy-konseptual mohiyatini oydinlashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Jo‘ra Fozil epik ijodida tabiat va moziy tasvirining asar g‘oyasi hamda badiiy konsepsiyasini shakllantirish, syujet va kompozisiyaning yaxlitligini ta’minlash, tarixiy voqelikning badiiy ishonarliligini kuchaytirish hamda qahramonlar xarakteri va ruhiy olamini ochish kabi xususiyatlari ochib berilib, ushbu poetik unsurlarning milliy qadriyatlar va davr ruhini ifodalash, shuningdek, muallifning ijtimoiy-falsafiy hamda estetik qarashlarini badiiy umumlashtirishdagi poetik imkoniyatlari dalillangan;
Adibning “Xolgulning sarguzashtlari”, “Buxoro malikasi”, “Qizil quyun” va “Buxoroyi sharif elchilari” asarlari misolida milliy moziyni badiiy gavdalantirishning tarixiy haqiqat va badiiy to‘qima uyg‘unligi, tarixiy xotirani tiklash, davr ruhini qahramonlar taqdiri orqali yoritish hamda milliy qadriyatlarni badiiy-estetik talqin etish tamoyillari ochib berilgan;
Yozuvchining “Sog‘inch”, “Kitob sotayotgan odam”, “Chiroqlar so‘nmas”, “Qaydasan, orzu” hikoyalari hamda “Xolgulning sarguzashtlari”, “Buxoro malikasi”, “Qizil quyun”, “Buxoroyi sharif elchilari” qissalari misolida lirizm va epiklik uyg‘unligi, psixologik tasvir, tarixiylik va ramziylik singari poetik xususiyatlar, milliy xarakter hamda tarixiy shaxslar obrazlarini yaratish tamoyillari, shuningdek, peyzaj, portret, badiiy detal, ramz, kontrast va ichki monolog kabi badiiy ifoda vositalari orqali badiiy mahorati asoslab berilgan;
Yozuvchining “Buxoroyi sharif elchilari” va “Buxoro malikasi” tarixiy qissalarida shabiston, Siyovush qabri, jang maydoni, sahro, Yalta, G‘oziyon zindoni, Ark, hibsxona hamda yo‘l singari xronotop shakllarining tarixiy makon va davr ruhini badiiy gavdalantirish, qahramonlarning ruhiy kechinmalari hamda ichki ziddiyatlarini ochish, syujet va konflikt rivojini ta’minlash, ramziy ma’nolarni yuzaga chiqarish va muallifning tarixiy-falsafiy konsepsiyasini ifodalashdagi g‘oyaviy-estetik funksiyalari ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Yozuvchi Jo‘ra Fozil ijodida tabiat, inson va moziy tasvirlarini tadqiq etish bo‘yicha erishilgan ilmiy natijalar asosida:
yozuvchi Jo‘ra Fozilning moziy badiiy aks etgan asarlari tadqiqi davomida Buxoro tarixining ziddiyatli bosqichlari ifodasi tarixiylik prinsiplari asosida oydinlashtirilgan mulohazalardan, tarixiy qissalarda milliy tarixning badiiy ifoda etilish usullari, davr hamda inson fojiasi omillari yoritilgan tahlillardan; adib ijodining o‘ziga xos xususiyatlari, uning obraz yaratish mahorati, hikoya va qissalarining g‘oyaviy-poetik jihatlari zamonaviy adabiy-estetik tamoyil va mezonlar asosida baholangan va olingan ilmiy-nazariy xulosalardan Buxoro davlat universitetida 2024-yilda bajarilgan AL-662204396 “Buxoro adabiy muhiti ijodkorlarining ilmiy-adabiy merosi bo‘yicha elektron platforma yaratish” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Buxoro davlat universitetining 4905-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha Buxoro adabiy muhitining zabardast adibi Jo‘ra Fozil ijodiga doir yangi ma’lumotlar bilan boyitilgan;
Jo‘ra Fozil ijodida bugungi kunning eng dolzarb muammolaridan hisoblangan tabiat va inson munosabatlari, ular orasidagi aloqa-bog‘lanishlar, insonning atrof-muhitga salbiy ta’siri, shaxs va tabiat xarakterining o‘xshash va farqli jihatlari, shaxs qismati va e’tiqod butunligi, badiiy xronotopga oid muammolar, yozuvchi ijodining o‘ziga xos qirralari, badiiyati, mavzular olami, obrazlarning ma’naviy qiyofasi, ichki kechinmalari tahlillardan chiqarilgan ilmiy-nazariy xulosalar bajarilgan 2021-2023-yillarda bajarilgan PF-201912258 o‘zbek adabiyotining ko‘p tilli (o‘zbek, rus, ingliz tillarida) elektron platformasini yaratish mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti ning 01/4-3738-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur loyihaning yuqorida ko‘rsatilgan nuqtayi nazar, natijalar bilan mukammallashiga erishilgan;
Jo‘ra Fozilning moziy badiiy aks etgan asarlari tadqiqi davomida Buxoro tarixining ziddiyatli bosqichlari oydinlashtirilgan, milliy tarixning badiiy ifoda etilish usullari, davr hamda inson fojiasi omillari yoritilgan umumlashma fikr-mulohazalari Buxoro viloyat teleradiokanalining “Diyor yangiliklari”, “Assalom, Buxoro” ko‘rsatuvlarining 2025-yildagi senariysiga kiritilgan va tadqiqotchi bilan bevosita suhbat olib borilgan (Buxoro viloyat teleradiokanalining 2025-yil 21-avgustdagi 01-09-198-son ma’lumotnomasi). Bunday ilmiy-ma’rifiy qarashlar va muloqot teletomoshabinlarning yozuvchi ijodining o‘ziga xos qirralari, badiiyati, mavzular olami, obrazlarning ma’naviy qiyofasi, badiiy xronotopga oid muammolar, tabiat va inson munosabatlari, adabiy ko‘rsatuvlar zaxirasini ilmiy jihatdan boyitishga xizmat qilgan.