Tilloeva Shaxlo Shavkatovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Bronxial astmada o‘pka gipertenziyasini erta tashxislash va davolash usullarini optimallashtirish», 14.00.05–Ichki kasalliklar (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Tib867.
Ilmiy rahbar: Raximova Diloram Alimovna, tibbiyot fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.04/30.12.2019.Tib.30.02.
Rasmiy opponentlar: Shodiqulova Gulandom Zikriyaevna, tibbiyot fanlari doktori, dotsent; Sadikova Gulora Abrarovna, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat tibbiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: bronxial astmada o‘pka gipertenziyasini erta tashxislash va davolashning yangi samarali yondashuvlarni takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor bronxial astmada o‘pka gipertenziyasi avjlanishini erta tashxislashda bemorlar psixoemotsional holati, jismoniy yuklamalarga tolerantlik va qonning kislorod bilan saturatsiyasi pasayishining chegaraviy ko‘rsatkichlari asoslangan;
to‘qima gipoksiyasi sharoitida o‘zgarishga uchragan endoteliy funksiyasi, o‘rta pog‘ona bronxial astma va arterial gipertenziya birga kelgan bemorlar bilan bronxial astma og‘ir pog‘onasidagi bemorlarning ko‘rsatkichlari mosligi isbotlangan;
bronxial astmada psixoemotsional holat buzilishlari arterial gipertenziya bilan birga kelganda u o‘pka gipertenziyasi avj olishi og‘irligini belgilovchi asosiy determinantlardan biri ekanligi isbotlangan;
o‘pka gipertenziyasi mavjud bo‘lgan bemorlarni davolashni optimallashtirishga yordam beruvchi kompleks terapiyani endoteliyga bog‘liq vazodilyatatsiya va o‘pkaning ventilyasiya-perfuziya holatiga ahamiyatli ta’siri asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Bronxial astmada o‘pka gipertenziyasini erta tashxislash va davolash usullarini optimallashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
“Bronxial astmada o‘pka gipertenziyasini erta aniqlash va davolash algoritmlari” uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 5 noyabrdagi 8n-d/258-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma bronxial astma kasalligida o‘pka gipertenziyasi kelib chiqishi oldini olishni takomillashtirish va davolash usullarini optimallashtirish tizimini amalga oshirish imkonini bergan;
“O‘pka arterial gipertenziyasi rivojlanishida pereferik gemodinamika va o‘pka ventilyasion faoliyatining funksional o‘zgarishlarini baholash algoritmi” mavzusidagi uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 5 noyabrdagi 8n-d/258-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma bronxial astma bilan og‘rigan bemorlarda o‘pka gipertenziyasi rivojlanishida pereferik qon tomirlar va o‘pkaning ventilyasion-perfuzion holatini o‘rganish, kasallik asoratlarining oldini olish imkonini bergan;
bronxial astma kasalligida o‘pka gipertenziyasi kelib chiqishining oldini olishni takomillashtirish va davolash usullarini optimallashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar Buxoro viloyati Shofirkon tumani tibbiyot birlashmasi, Buxoro shahar 1 va 3-son oilaviy poliklinikalari hamda Buxoro shahar tibbiyot birlashmasi klinik amaliyotiga tatbiq etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 12 dekabrdagi 8n-z/225-son ma’lumotnomasi). Olingan tadqiqot natijalarining klinik amaliyotga tatbiq etilishi bronxial astmada uchraydigan o‘pka gipertenziyasini erta tashxislash, endoteliy disfunksiyasi, kardiorespirator buzilishlarning oldini olish, davolash muddatini qisqartirish, nogironlik xavfini pasaytirish va bemorlar hayot sifatini yaxshilash imkonini bergan.