Rasuljonov Abduraxmon Ravshanbek o‘g‘lining
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Tuproqqa ishlov berish chuqurligining barqarorligini nazoratlash va boshqarishning ilmiy-texnik echimlari”, 05.07.01 – Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.1.DSc/T679.
Ilmiy maslahatchi: Norchaev Davron Rustamovich texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa (muassasalar) nomi: Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.08/2025.27.12.T.13.01.
Rasmiy opponentlar: Imomqulov Qutbiddin Boqijonovich – texnika fanlari doktori, professor; Xudayarov Berdirasul Mirzaevich – texnika fanlari doktori, professor; Xudoyarov Anvar Nazirjonovich – texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi tuproqqa ishlov berish mashinalarining ishlov berish chuqurligi va uning barqarorligini raqamli texnologiyalar asosida nazoratlash va boshqarish orqali erlarga ishlov berish sifatini yaxshilash natijasida ekinlar hosildorligini oshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
osma plug va chizel-kultivator misolida tuproqqa ishlov berish mashinalarining belgilangan ishlov berish chuqurligida barqaror harakatlanishini ta’minlash yo‘llari ishlab chiqilgan;
tuproqqa ishlov berish mashinalarining ishlov berish chuqurligini nazorat etish uchun ularning tayanch g‘ildiraklari tomonidan tuproqqa beriladigan tik bosim kuchini qayd etishga asoslangan yangi usul taklif etilgan hamda ishchi organlarning belgilangan chuqurlikda barqaror yurishini ta’minlovchi takomillashtirilgan osish qurilmasining konstruksiyasi ishlab chiqilgan;
tuproqqa ishlov berish mashinalarining ishlov berish chuqurligi va uning barqarorligini boshqarish qurilmasining qo‘zg‘almas qismiga o‘rnatiladigan podshipniklarning turi va o‘lchamlari unga tushadigan yuklanishlarni, qo‘zg‘aluvchan qismini qo‘zg‘almas qismiga nisbatan harakatini ta’minlaydigan elektrotsilindrning turi esa uning shtogiga tushadigan yuklanishni hisobga olib tanlangan;
tuproqqa ishlov berish chuqurligi va uning barqarorligini nazorat qilish hamda boshqarish qurilmalarining birgalikdagi ishlashini real vaqt rejimida ta’minlovchi va ishlov berish chuqurligining belgilangan qiymatdan og‘ishini minimallashtiruvchi boshqaruv algoritmi ishlab chiqilgan;
tuproqqa ishlov berish mashinalarining ishlash chuqurligi va uning barqarorligini nazoratlash qurilmasi parametrlarining maqbul qiymatlari agrotexnik va energetik mezonlar bo‘yicha asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tuproqqa ishlov berish chuqurligining barqarorligini nazoratlash va boshqarishning ilmiy-texnik echimlari bo‘yicha olingan natijalar asosida:
ishlov berish chuqurligi raqamli texnologiyalar asosida nazoratlanadigan va boshqariladigan osma plug va chizel-kultivatorning sifat ko‘rsatkichlarini baholashga dastlabki talablar hamda ularning konstruksiyasini loyihalashga texnik topshiriq ishlab chiqilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2026-yil 24-fevraldagi №05/04-04-210-sonli ma’lumotnomasi). Natijada erlarga asosiy va ekish oldidan ishlov berishda qo‘llaniladigan ishlov berish chuqurligining barqarorligi nazoratlanadigan va boshqariladigan osma plug va chizel-kultivator ishlab chiqish imkoni yaratilgan;
ishlab chiqilgan ishlov berish chuqurligi raqamli texnologiyalar asosida nazoratlanadigan va boshqariladigan osma plug va chizel-kultivatorning tajriba nusxalari Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on va Zangiota tumanlari fermer xo‘jaliklariga hamda QXMITIning tajriba xo‘jaligida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2026-yil 24-fevraldagi №05/04-04-210-sonli ma’lumotnomasi). Bunda ishlov berish chuqurligi va uning barqarorligini nazoratlash va boshqarish qurilmalari bilan jihozlangan osma plug va chizel-kultivator ularga qo‘yilgan talablarga to‘liq javob bergan, ya’ni agregatning 6,8 km/h ish tezligida chizel-kultivatorning ishlov berish chuqurligi va uning o‘rtacha kvadratik chetlanishi mos ravishda 15,9 cm va ±1,39 cm, ish unumi 2,04 ha/h, yonilg‘i sarfi 15,2 kg/ha ni, 7,2 km/h ish tezligida osma plugning ishlov berish chuqurligi va uning o‘rtacha kvadratik chetlanishi mos ravishda 35,9 cm va ±1,45 cm, ish unumi 0,97 ha/h, yonilg‘i sarfi 33,2 kg/ha ni tashkil etgan;
ishlov berish chuqurligi raqamli texnologiyalar asosida nazoratlanadigan va boshqariladigan osma plug va chizel-kultivatorning sanoat nusxalarini ishlab chiqish va tayyorlash uchun uning loyiha-konstruktorlik hujjatlari (texnik topshiriq va chizmalar) “Chirchiqselmash” MChJ da loyihalash jarayoniga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2026-yil 24-fevraldagi №05/04-04-210-sonli ma’lumotnomasi). Natijada tavsiya etilgan parametrlarga ega bo‘lgan ishlov berish chuqurligi va uning barqarorligini nazoratlash va boshqarish qurilmalari bilan jihozlangan osma plug va chizel-kultivatorni sanoat usulda ishlab chiqish imkoni yaratilgan.