Yuldashov Abdumumin Abdugopirovichning 
fan doktori (DSc) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Raqamli muhitda mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni muhofaza qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish”, 12.00.03 – Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq. (yuridik fanlar). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.DSc/Yu320
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/2025.27.Yu.01.03
Rasmiy opponentlar: yuridik fanlar doktori, professor Ruzinazarov Shuxrat Nuralievich, yuridik fanlar doktori, professor Kamalov Oybek Axmatovich, yuridik fanlar doktori, Safoeva Sadoqat Musoevna
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi raqamli muhitda mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni muhofaza qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, xususan huquqni qo‘llash amaliyotidan kelib chiqib, mualliflik huquqi va turdosh huquqlar ob’ektlarining fuqarolik-huquqiy maqomi va uning himoyasi bilan bog‘liq masalalarni ilmiy-nazariy, qiyosiy-huquqiy tahlil qilish, sohaga oid xalqaro hujjatlar hamda xorijiy mamlakatlar qonunchiligi normalarini milliy qonunchilikka qo‘llash mexanizmini ishlab chiqish va taklif berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mualliflik huquqiga nisbatan mulkiy huquqlarning muallifning vafotidan keyin etmish yil davomida amal qilishi hamda muallif, turdosh huquqlar egasi yoki mutlaq huquqlarning boshqa egasi huquqbuzardan zararlar etkazilishi faktidan qat’i nazar, huquqbuzarlikning xususiyati va huquqbuzarning aybi darajasidan kelib chiqib ish muomalasi odatlarini hisobga olgan holda zarar qoplanishi o‘rniga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan ming baravarigacha miqdorda to‘lanishi lozim bo‘lgan tovonni to‘lashini talab qilishga haqli ekanligi asoslantirilgan;
noshirlik faoliyatida mualliflik huquqlarini himoya qilishning asosiy vazifalari mualliflik huquqlariga rioya etilishini ta’minlashdan, shuningdek kontrafakt mahsulotni ishlab chiqarish va tarqatishga qarshi kurashishdan iborat ekanligi, nashriyot mualliflik huquqi to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga, noshirlik faoliyati sohasidagi texnik reglamentlar (milliy standartlar), noshirlik faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etishi hamda nashrning chiqarilishiga doir ma’lumotlar tarkibiga mualliflik huquqini himoya qilish belgisi kirishi asoslantirilgan;
reklama to‘liq yoki qisman mualliflik huquqi va turdosh huquqlar obekti bo‘lishi mumkinligi, bu holda mualliflik huquqi hamda turdosh huquqlar mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi qonunchilikka hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq himoya qilinishi lozimligi asoslab asoslantirilgan;
madaniy faoliyat sohasida fan, adabiyot va san’at asarlarini yaratish (mualliflik huquqi) hamda ulardan foydalanish, ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali eshittirish va namoyish etish tashkilotlarining eshittirishlari hamda ko‘rsatuvlarini yaratish va ulardan foydalanish (turdosh huquqlar) bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan munosabatlar mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi qonunchilik bilan tartibga solinishi asoslantirilgan; 
ijodiy jamoalarning va ijrochilarning xorijiy mamlakatlar hududidagi gastrollari mualliflik huquqiga va turdosh huquqlarga rioya etilishini ta’minlaydigan shartnomalar asosida amalga oshirishi asoslantirilgan;
elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar yoki ma’lumotlar bazalariga nisbatan barcha shaxsiy va mulkiy yoki shartnomaga ko‘ra faqat mulkiy huquqlarga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining, boshqa davlatlarning jismoniy yoki yuridik shaxslari dasturlar yoki ma’lumotlar bazalarini ro‘yxatdan o‘tkazish huquqiga ega ekanligi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Raqamli muhitda mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni muhofaza qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, amaliyotdagi mavjud bo‘shliqlarni tartibga solish va hal qilish yo‘llari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
mualliflik huquqi muallifning vafotidan keyin etmish yil davomida amal qilishi to‘g‘risidagi hamda muallif, turdosh huquqlar egasi yoki mutlaq huquqlarning boshqa egasi huquqbuzardan zararlar etkazilishi faktidan qat’i nazar, huquqbuzarlikning xususiyati va huquqbuzarning aybi darajasidan kelib chiqib ish muomalasi odatlarini hisobga olgan holda zarar qoplanishi o‘rniga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan ming baravarigacha miqdorda to‘lanishi lozim bo‘lgan tovonni to‘lashini talab qilishga haqli ekanligi haqidagi takliflardan tegishli ravishda O‘zbekiston Respublikasining 20.07.2006-yildagi O‘RQ–42-son “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonuni 35-moddasi birinchi qismi va 65-moddasi birinchi qismi beshinchi xatboshisini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2022-yil 18-maydagi 
06-13/16-son dalolatnomasi). Ushbu takliflar mualliflik huquqi muhofaza muddatini uzaytirish orqali muallif va huquq egalarining manfaatlari himoyasini kuchaytirishga hamda mualliflik huquqi va turdosh huquqlarga oid qonunchilikka tovon institutini joriy etishga xizmat qilgan;
noshirlik faoliyatida mualliflik huquqlarini himoya qilishning asosiy vazifalari mualliflik huquqlariga rioya etilishini ta’minlashdan iborat ekanligi va nashrning chiqarilishiga doir ma’lumotlar tarkibiga mualliflik huquqini himoya qilish belgisi kirishi hamda nashriyot mualliflik huquqi to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga, noshirlik faoliyati sohasidagi texnik reglamentlar, noshirlik faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etishi haqidagi takliflar tegishli ravishda O‘zbekiston Respublikasining 26.11.2021-yildagi “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘RQ–731-son Qonuni 7-moddasi, 15-moddasi to‘rtinchi qismi uchinchi xatboshisi hamda 24-moddasi uchinchi qismi ettinchi xatboshisini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari tomonidan imzolangan 2022-yil 
10-avgustdagi 02/4-142-son dalolatnoma). Ushbu takliflar noshirlik faoliyatida mualliflik huquqi himoyasini ta’minlashga doir mavjud qoida va standartlarni mustahkamlashga xizmat qilgan;
reklama to‘liq yoki qisman mualliflik huquqi va turdosh huquqlar obekti bo‘lishi mumkinligi, bu holda mualliflik huquqi hamda turdosh huquqlar mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi qonunchilikka hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq himoya qilinishi lozimligiga oid taklifdan O‘zbekiston Respublikasining 07.06.2022-yildagi O‘RQ–776-son “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuni 4-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2022-yil 18-avgustdagi 06-13/2094-son dalolatnomasi). Ushbu taklif reklama mahsulotiga nisbatan mualliflik huquqi yoki turdosh huquqlar rejimini qo‘llashga imkon bergan;
madaniy faoliyat sohasida fan, adabiyot va san’at asarlarini yaratish (mualliflik huquqi) hamda ulardan foydalanish, ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali eshittirish va namoyish etish tashkilotlarining eshittirishlari hamda ko‘rsatuvlarini yaratish va ulardan foydalanish (turdosh huquqlar) bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan munosabatlar mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi qonunchilik bilan tartibga solinishiga oid taklifdan O‘zbekiston Respublikasining 20.01.2021-yildagi O‘RQ–668-son “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi Qonuni 17-moddasi birinchi xatboshisiga o‘zgartirish kiritishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2022-yil 18-avgustdagi 06-13/2094-son dalolatnomasi). Ushbu taklif madaniy faoliyat sohasida mualliflik huquqi va turdosh huquqlarga rioya qilish qoidalarini qonunda mustahkamlashga xizmat qilgan; 
ijodiy jamoalarning va ijrochilarning xorijiy mamlakatlar hududidagi gastrollari mualliflik huquqiga va turdosh huquqlarga rioya etilishini ta’minlaydigan shartnomalar asosida amalga oshiriladi degan taklifdan O‘zbekiston Respublikasining 20.01.2021-yildagi O‘RQ–668-son “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi Qonuni 22-moddasi ikkinchi xatboshisini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2022-yil 
18-avgustdagi 06-13/2094-son dalolatnomasi). Ushbu taklif ijodiy-gastrol faoliyatida mualliflik huquqi va turdosh huquqlarga rioya etilishini ta’minlashga xizmat qilgan;
Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar yoki ma’lumotlar bazalariga nisbatan barcha shaxsiy va mulkiy yoki shartnomaga ko‘ra faqat mulkiy huquqlarga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining, boshqa davlatlarning jismoniy yoki yuridik shaxslari dasturlar yoki ma’lumotlar bazalarini ro‘yxatdan o‘tkazish huquqiga ega ekanligi to‘g‘risidagi taklifdan O‘zbekiston Respublikasining 06.05.1994-yildagi 1060–XII-son “Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar va ma’lumotlar bazalarining huquqiy muhofazasi to‘g‘risida”gi Qonuni 9-moddasi birinchi qismiga o‘zgartirish kiritishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2023-yil 22-avgustdagi 61-son dalolatnomasi). Ushbu taklif Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar va ma’lumotlar bazalarini ixtiyoriy ro‘yxatga olish tizimini qonunda mustahkamlashga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish