Iminov Abduvali Abdumannobovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qisqa navbatli almashlab ekish tizimlarida asosiy hamda takroriy ekinlardan yuqori va sifatli hosil olish agrotexnologiyalarini takomillashtirish”, 06.01.08–O‘simlikshunoslik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/Qx.24.
Ilmiy rahbar: Xalikov Bahodir Meylikovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Qx.42.01.
Rasmiy opponentlar: Elmurodov Abdug‘ani Aktamovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, dotsent; O‘razmatov Nazirjon, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Niyazaliev Begali Irisolievich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Toshkent viloyatining sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida qisqa navbatli almashlab ekishning 1:1 (g‘o‘za:g‘alla) tizimida g‘o‘za, kuzgi bug‘doy ekinlaridan yuqori va sifatli hosil etishtirishda takroriy (soya, loviya, mosh, makkajo‘xori) hamda aralash siderat (perko, suli, ko‘k no‘xat aralashmalari) ekinlarining ta’sirini aniqlab berish, kuzgi bug‘doydan so‘ng takroriy ekin sifatida dukkakli-don (soya, loviya, mosh) ekinlarini etishtirishning agrotexnologiya elementlarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Toshkent viloyatining tipik bo‘z tuproqlari sharoitida muttasil bug‘doyning o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligiga mineral hamda mahalliy o‘g‘itlar me’yorlarining ta’siri aniqlangan;
takroriy (soya, makkajo‘xori) va aralash siderat (perko, suli, ko‘k no‘xat) ekinlarning fonida kuzgi bug‘doydan yuqori va sifatli don hosili olishni ta’minlovchi maqbul ekish me’yorlari ishlab chiqilgan;
qisqa navbatli almashlab ekishning 1:1 (g‘o‘za:g‘alla) tizimida kuzgi bug‘doydan so‘ng takroriy ekin sifatida dukkakli-don (soya, loviya, mosh) ekinlarining don hosili yig‘ishtirib olingandan so‘ng poya hosilini siderat sifatida kuzgi shudgor ostiga haydab yuborish va aralash siderat (perko+suli+ko‘k no‘xat) ekinlarini avgust oyining ikkinchi yarmida ekib, oktyabr`-noyabr` oylarida etishtirilgan ko‘k massa hosili chorva mollari uchun ozuqa sifatida o‘rib olinib, o‘simlikning pastki 15-20 sm qismini ko‘k o‘g‘it sifatida kuzgi shudgor ostiga haydab yuborishni tuproqning agrofizikaviy, agrokimyoviy xossalariga hamda g‘o‘zaning o‘sishi, rivojlanishi, quruq massa to‘plashi, hosildorligi va urug‘lik chigitning sifatiga ta’siri aniqlab berilgan;
takroriy dukkakli-don ekinlari (mosh, soya, loviya) urug‘lariga ekish oldidan azotni faol o‘zlashtiruvchi tuganak bakteriyalar bilan ishlov berish va mineral o‘g‘itlar me’yorlarini tuproqning agrofizikaviy, agrokimyoviy, mikrobiologik xossalariga, o‘simliklarning o‘sishi, rivojlanishi, quruq massa to‘plashi va hosildorligiga ta’siri aniqlangan;
takroriy dukkakli-don ekinlari (mosh, soya, loviya) urug‘larini ekish oldidan azotni faol o‘zlashtiruvchi tuganak bakteriyalar bilan ishlov berish orqali ushbu ekinlarni parvarishlashda qo‘llaniladigan azotli o‘g‘itlar me’yorlarini 25-30 % ga tejash imkoniyatlari mavjudligi asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tipik bo‘z tuproqlar sharoitida qisqa navbatli almashlab ekish tizimlarida asosiy hamda takroriy ekinlardan yuqori va sifatli hosil olish agrotexnologiyalarini takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar asosida:
fermer xo‘jaliklariga qo‘llanma sifatida “Sug‘orma dehqonchilik bilan shug‘ullanadigan erlarda boshoqli don ekinlardan keyin takroriy ekin etishtirishning tejamkor agrotexnologiyasi bo‘yicha tavsiyalar”, “Qisqa navbatli almashlab ekish tizimlarida organo-ma’dan kompost va ma’dan o‘g‘itlarni qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar” va “Kuzgi boshoqli don ekinlaridan keyin takroriy va oraliq ekinlar etishtirish agrotexnologiyalari bo‘yicha tavsiyalar” ishlab chiqilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 30 oktyabrdagi 02/021-3330-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanomalar respublikamizda faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklarida asosiy hamda takroriy ekinlardan yuqori va sifatli hosil etishtirishda qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
qisqa navbatli almashlab ekishning 1:1, kuzgi bug‘doy + takroriy ekin soya:g‘o‘za, 1:1, kuzgi bo‘g‘doy + takroriy ekin mosh:g‘o‘za, 1:1, kuzgi bug‘doy + takroriy ekin loviya:g‘o‘za, 1:1, kuzgi bug‘doy + aralash siderat ekinlar (perko + suli + ko‘k no‘xat):g‘o‘za kabi tizimlari Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida 373,0 gektar maydonga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 30 oktyabrdagi 02/021-3330-son ma’lumotnomasi). Bunda, g‘o‘zani takroriy ekin sifatida etishtiriladigan dukkakli-don ekinlari (soya, loviya, mosh) va aralash siderat ekinlar (perko + suli + ko‘k no‘xat)dan so‘ng etishtirilganda kuzgi bug‘doydan so‘ng hech qanday takroriy ekin ekilmasdan parvarish qilingan variantga nisbatan 4,0–5,3 s/ga miqdorida qo‘shimcha paxta hosili olinib, rentabellik darajasi 12,8–13,6 % ga yuqori bo‘lgan;
Bekobod tumanida qisqa navbatli almashlab ekishning 1:1 (g‘o‘za:g‘alla) tizimi 155,3 gektar maydonda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 30 oktyabrdagi 02/021-3330-son ma’lumotnomasi). Ushbu tizimda g‘o‘zani takroriy ekin sifatida etishtiriladigan dukkakli-don ekinlari (soya, loviya, mosh) va aralash siderat ekinlar (perko + suli + ko‘k no‘xat)dan so‘ng etishtirilganda kuzgi bug‘doydan so‘ng hech qanday takroriy ekin ekilmasdan parvarish qilingan variantga nisbatan 4,8–6,1 s/ga miqdorida qo‘shimcha paxta hosili olinib, rentabellik darajasi 14,1–15,0% ga yuqori bo‘lgan. Kuzgi bug‘doydan so‘ng aralash siderat (perko, suli, ko‘k no‘xat) ekinlari avgust oyining ikkinchi yarmida ekilib, oktyabr`-noyabr` oylarida etishtirilgan ko‘k massa hosilini chorva mollari uchun o‘rib olingandan so‘ng poyasining pastki 15–20 sm qismini ko‘k o‘g‘it sifatida shudgor ostiga haydab yuborilishi tuproqning agrofizikaviy va agrokimyoviy xossalari yaxshilanishiga ijobiy ta’sir etgan;
Oqqo‘rg‘on tumanida qisqa navbatli almashlab ekishning 1:1 (g‘o‘za:g‘alla) tizimi 381,0 gektar maydonda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 30 oktyabrdagi 02/021-3330-son ma’lumotnomasi). G‘o‘zani takroriy ekin sifatida etishtiriladigan dukkakli-don ekinlari (soya, loviya, mosh) va aralash siderat ekinlar (perko + suli + ko‘k no‘xat)dan so‘ng etishtirilganda kuzgi bug‘doydan so‘ng hech qanday takroriy ekin ekilmasdan parvarish qilingan variantga nisbatan 4,5–5,1 s/ga miqdorida qo‘shimcha paxta hosil olingan. Kuzgi bug‘doyni takroriy ekin sifatida etishtirilgan soyadan keyin gektariga 200-225 kg me’yorda ekilishi yuqori va sifatli don hosili olishni ta’minlab, takroriy ekin sifatida makkajo‘xoridan keyin gektariga 200–225 kg me’yorlarda ekilgan variantlarga nisbatan 8,0–9,1 s/ga, kuzgi bug‘doydan so‘ng shudgor qilib qo‘yilib, hech qanday takroriy ekin ekilmagan fonga gektariga 200–225 kg me’yorlarda ekilgan variantlarga nisbatan esa 6,7–8,0 s/ga miqdorida qo‘shimcha don hosili olishni ta’minlagan;
2015-2017 yillar davomida kuzgi bug‘doydan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekin sifatida mosh ekini urug‘larini ekish oldidan Phaseolus radiates 148, soya ekini urug‘larini Bradyrhizobium japonicum SB5, loviya ekini urug‘larini esa Rhizobium phaseoli 143 shtammlaridagi azotni faol o‘zlashtruvchi tuganak bakteriyalar bilan ishlov berilgan urug‘lari ekilib, mineral o‘g‘itlarni NPK 30:90:60 kg/ga me’yorida qo‘llanilishi soyadan 24,1–25,2 s/ga, moshdan 17,7–19,1 s/ga, loviyadan 25,0–27,9 s/ga miqdorida don hosili olishni ta’minlab, hech qanday mineral o‘g‘itlar berilmagan nazorat variantlariga nisbatan 4,9–7,0 s/ga qo‘shimcha don hosili olingan bo‘lsa, soya, loviya va mosh ekinlari urug‘larni  ekish oldidan azotni faol o‘zlashtiruvchi tuganak bakteriyalar bilan ishlov berilib, hech qanday mineral o‘g‘itlar qo‘llanilmagan variantlarga nisbatan 2,9–4,6 s/ga miqdorida qo‘shimcha don hosili olishga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish