Nazarova Dildora Ilxomovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumot. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): Yangi o‘zbek she'riyatida vazn va mumtoz janrlarining takomil xususiyatlari, 10.00.14 – XX asr o‘zbek adabiyoti va hozirgi adabiy jarayon (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.DSc/Fil855.
Ilmiy maslahatchi: Quvvatova Dilrabo Xabibovna, filologiya fanlari doktori (DSc), professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi (muassasalar), IK raqami: Buxoro davlat universiteti, DSc.03/2025.27.12.Fil.08.08.
Rasmiy opponentlar: Qobilov Usmon Uralovich, filologiya fanlari doktori (DSc), professor; Ernazarova Gulnoza Hamraevna, filologiya fanlari doktori (DSc), professor; Oripova Gulnoza Mirodilovna, filologiya fanlari doktori (DSc), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Navoiy davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi yangi o‘zbek she’riyatida vaznlar ritmikasi, mumtoz lirik janrlarning badiiy takomil xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
yangi o‘zbek she’riyatida mumtoz she’r va uning yetakchi vazni bo‘lgan aruzdan foydalanish davom etganligi; g‘azal, qasida, fard, qit’a, musammat, masnaviy, ruboiy, tuyuq kabi mumtoz she’riyat janrlarida vazn imkoniyatlari yuzaga chiqqanligi, mumtoz an’analar yangi paydo bo‘lgan realistik adabiyot tamoyillari bilan uyg‘unlashtirilganligi, zamonaviy aruz lirik mazmun bilan boyitganligi ochib berilgan;
yangi o‘zbek she’riyatida mumtoz adabiyotdagi janrlarning uslubidan foydalanish alomatlari kuzatilishi, muayyan asarning shaklan bir janr belgilarini, mazmunan bir janr xususiyatlarini namoyon qilishi, muayyan mumtoz janrga xos jihatlarni barqaror saqlab qolishi va shaklan barmoqlashish xususiyatini namoyon etganligi asoslangan;
yangi o‘zbek she’riyatida g‘azal, mustazod kabi janrlarning muhim o‘rin tutganligi, ularda ishq mavzusining an’anaviy talqinlari, shu bilan birga, ijtimoiy pafosning xususiyat sifatida namoyon bo‘lishi, falsafiy, axloqiy-didaktik ruhga yo‘g‘rilganligi singari jihatlar ochib berilgan;
yangi o‘zbek she’riyatida musammatlar mazmunida ijtimoiylashuvning yetakchi xususiyat kasb etganligi, musaddas va muashshar badiiy strukturasida kechgan transformatsiyalar natijasida oltilik va o‘nlik she’r shakllaring yuzaga kelganligi, zamonaviy aruzda yozilgan muxammaslarning mumtoz she’riyatga shakl va mazmun jihatdan izdoshlik qilishi, ularni barmoqda yozish an’anasi vujudga kelganligi dalillangan;
XX asrda ruboiylarning katta qismi hazaj bahrining axram va axrab shajaralarida bitilganligi, falsafiy-axloqiy mazmunning ifodalanishi barobarida ishqiy ruboiylar ham yaratilganligi, ularning Umar Xayyom, Bedil, Navoiy, Bobur singarilar ijodiga izdoshlik qilishi, janrda barmoqlashish kechganligi singari jihatlar aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Yangi o‘zbek she’riyatida vazn va mumtoz janrlar takomilini yoritishda erishilgan ilmiy natijalardan:
yangi o‘zbek g‘azallarida maqta’ va matla’ning saqlanganligi, mazmuni, badiiy shakli, obrazligiga ko‘ra izdoshlik singari an’anaviy xossalari; tabiat, jamiyat, Vatan, komil inson, ma’naviyat, axloq mavzularining chuqur badiiy tahlil etilganligi, g‘azal-muvashshax, g‘azal-nazira, g‘azali musajja’, g‘azal-qasida, singari sinkretik shakllar yuzaga kelganligi kabi janr strukturasidagi transformatsion jarayonlar, yangilanishlar yoritilgan; zamonaviy she’riyatda mumtoz adabiyotdagi kabi g‘azal, masnaviy, murabba’, muxammas, maktub, qasida, tuyuq, ruboiy kabilarning shakli va uslubidan foydalanish alomatlari kuzatilishi, muayyan asarning shaklan bir janr belgilarini, mazmunan esa boshqa janr xususiyatlarini namoyon qilishi, muayyan mumtoz janrga xos jihatlarni barqaror saqlab qolish kabilar asoslangan ilmiy xulosalardan Davlat ilmiy-texnik dasturi doirasida bajarilgan AL-662204396 “Buxoro adabiy muhiti ijodkorlarining ilmiy-adabiy merosi bo‘yicha elektron platforma yaratish” (2024-y) mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Buxoro davlat universitetining 2025-yil 10-iyundagi 3723-raqamli ma’lumotnomasi). Natijada loyiha yangi o‘zbek she’riyatida yaratilgan mumtoz lirik janrlar haqidagi fikr-qarashlar bilan boyitilgan;
XX asrda ruboiynavislik an’anasi davom etganligi, ularning katta qismi hazaj bahrining axram va axrab shajaralarida bitilganligi, falsafiy-axloqiy mazmunning ifodalanishi barobarida ishqiy ruboiylar ham yaratilganligi, Umar Xayyom, Bedil, Navoiy, Bobur singarilar ijodiga izdoshlik qilishi bilan birga, janr talablariga javob bermaydigan she’rlar ham yozilganligi, vazn saktaligi singari jihatlar Charxiy, Sobir Abdulla, Maqsud Shayxzoda, Jamol Kamol, Toshpo‘lat Hamid, Ramz Bobojon, Sadriddin Salim Buxoriy she’rlari orqali ochib berilgan; yangi o‘zbek she’riyatida tuyuqlar mavjudligi, ularda ishqiy mavzu yetakchilik qilishi barobarida hajviy-yumoristik mazmunning ham ifoda etilganligi, vaznning qat’iyligi – ramali musaddasi mahzuf tarmog‘ida bitilganligi, qofiya o‘rnida omonim va omonimsifat so‘zlarning kelishi, “tuyuq” nomi ostida berilgan ayrim janr namunalarining barmoqda ham yozilishi va bugungi to‘rtliklarga muvofiq kelishi Charxiy, Habibiy, G‘afur G‘ulom, Jumaniyoz Jabborov, Zikrilla Ne’mat she’rlari orqali dalillangan ilmiy xulosalardan Davlat ilmiy-texnik dasturi doirasidagi AL-662205561 “Alisher Navoiy mualliflik korpusini yaratish” (2023-2024 yy.) mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 9-iyundagi 01/4-2344-raqamli ma’lumotnomasi). Natijada loyiha Alisher Navoiy an’analarining yangi o‘zbek she’riyatida izchil davom ettirilishi bilan bog‘liq qarashlar asosida takomillashtirilgan;
yangi o‘zbek she’riyatida mumtoz she’r va uning yetakchi vazni bo‘lgan aruzdan foydalanish davom etganligi; g‘azal, qasida, fard, qit’a, musammat, masnaviy, ruboiy, tuyuq kabi mumtoz she’riyatning barcha janrlarida vazn imkoniyatlari qo‘llanilganligi, mumtoz an’analar yangi paydo bo‘lgan realistik adabiyot tamoyillari bilan uyg‘unlashtirilganligi, zamonaviy aruzni lirik mazmun bilan boyitganligi ochib berilgan; yangi o‘zbek she’riyatida musammatlar mazmunida ijtimoiylashuvning yetakchi xususiyat kasb etganligi, ularda ifodaning soddaligi, she’riy misralarda poetik san’atlarning o‘zaro mushtarak, bir-birini to‘ldirib kelishi, an’anaviy qofiya talablariga mos kelishi, zamonaviy aruzda yozilgan she’rlar mumtoz she’riyatga shakl va mazmun jihatdan izdoshlik qilishi, ularni barmoqda yozish an’anasi vujudga kelganligi yoritilgan fikr-qarashlardan IL-402104474 “Bolalar adabiyoti.uz” elektron platforma va uning mobil ilovasini yaratish” nomli amaliy loyihada (2022-2023 yy.) foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 2-iyundagi 01/4-2249-raqamli ma’lumotnomasi). Natijada loyiha yangi o‘zbek she’riyatida aruzni qo‘llash bilan bog‘liq qarashlar orqali boyitilgan;
yangi o‘zbek she’riyatida g‘azal, mustazod kabi janrlarning muhim o‘rin tutganligi, ularda ishq mavzusining an’anaviy talqinlari, shu bilan birga, ijtimoiy pafosning xususiyat sifatida namoyon bo‘lishi, falsafiy, axloqiy-didaktik ruhga yo‘g‘rilganligi singari jihatlar Sobir Abdulla, Habibiy, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, E.Vohidov, A.Oripov, Jamol Kamol, Mirzo Kenjabek, Toshpo‘lat Hamid, Sirojiddin Sayyid kabi shoirlar she’rlari orqali yoritib berilgan. Ayniqsa, mumtoz janrlarga zamonaviy ruhning olib kirilganligi, g‘azallarning ko‘proq ramal va hazajda, mustazodning hazaji musammani axrabi makfufi maqsur tarzidagi qat’iy vaznda yozilganligi, ularda qasida mazmunining ustuvorlik qilishi ilmiy dalillangan fikr-qarashlardan Buxoro viloyat teleradiokompaniyasining “Assalom, Buxoro”, “Milliy o‘zlikni anglab” ko‘rsatuvlarida foydalanilgan va tadqiqotchi bilan bevosita suhbat olib borilgan (Buxoro viloyat teleradiokompaniyasining 2025-yil 9-iyundagi 01-09/118-raqamli ma’lumotnomasi). Natijada dissertatsiyadagi asosli fikr-qarashlar teletomoshabinlarning yangi o‘zbek she’riyatida an’anaviylashgan mumtoz janrlar, xususan, g‘azal va mustazodlarning mazmun-mohiyati, ularda ifoda etilgan fikr-g‘oyalar bilan yaqindan tanishishlariga imkon yaratib, adabiy ko‘rsatuvlar zahirasini ilmiy jihatdan boyitishga xizmat qilgan.