Juraev Sanjar Rashidovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Sug‘orish tizimi nasos stansiyalarining energiya va foydalanish samaradorligini oshirishning ilmiy asoslari” 05.09.06–“Gidrotexnika va melioratsiya qurilishi” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.1.DSc/T1046
Ilmiy maslahatchining F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni:
Muxammadiev Muradulla Muxammadievich, texnika fanlari doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universitetida bajarilgan.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.17/2025.27.12.T.01.01 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Shakirov Baxtiyar Maxmudovich – Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti “Elektr energiyasi va nasos stansiyalaridan foydalanish” kafedrasi mudiri, texnika fanlari doktori, professor. Xo‘jaqulov Rustam – Qarshi davlat texnika universiteti “Gidravlika va muhandislik inshootlari qurilishi” kafedrasi professori, texnika fanlari doktori. Bazarov Dilshod Rayimovich – “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti “Nasos stansiyalari va gidroelektrostansiyalar” kafedrasi mudiri, texnika fanlari doktori, professor .
Yetakchi tashkilot: Toshkent arxitektura qurilish universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: nasos stansiyalar energiya va foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi konstruktiv va texnologik echimlarni ishlab chiqish hamda ularning gidravlik, texnik, energetik parametrlarini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
loyqali suv oqimini haydab beradigan nasos stansiyalarda oqimning gidravlik parametrlarining o‘zgarishini inobatga olib, bu jarayonning nasoslar samaradorligiga ta’sirini aniqlash uslubiyoti takomillashtirilgan;
nasos stansiyalar avankameralarida loyqa cho‘kmalarini tozalashning gidrooqimchali nasosdan foydalanishga asoslangan samarali yangi qurilmasi taklif etildi va ushbu qurilmaning optimal parametrlarini aniqlash imkonini beradigan napor – loyqa suv sarfi xarakteristikasining analitik ifodasi taklif etilgan;
loyqa cho‘kmalarini tozalash uchun xizmat qiladigan  gidrooqimchali nasosning tajribaviy tadqiqotlari asosida napor – loyqa suv xarakteristikasi va uning empirik tenglamasi olingan;
parallel ishlayotgan markazdan qochma nasoslarning ish rejimlarini FIK maksimumi mezoni bo‘yicha rostlash, quvurlar va ulardagi jihozlar o‘lchamlarini hamda energiya iste’molini ular uchun sarf bo‘lgan xarajatlarning minimumi bo‘yicha optimallashtirish uslubiyoti ishlab chiqilgan;
nasos stansiya suv berish unumdorligini oshirish uchun gidrooqimchali nasosdan foydalanish va bu jarayonda asosiy nasos ish rejimini chastota o‘zgartirgich yordamida rostlashning yangi tizimi taklif etildi va ushbu tizim asosida stansiyaning suv berish unumdorligini oshirish hamda energiya iste’molini kamaytirish mezonlari bo‘yicha optimal parametrlarini aniqlash usulubiyoti ishlab chiqilgan;
quyosh energiyasidan ta’minlanadigan nasos stansiyalar ish rejimi va parametrlarini agregatlarining maksimal foydali ish koeffisientini ta’minlash hamda quyosh energiyasidan maksimal foydalanish mezonlari bo‘yicha optimallashtirish uslubiyoti ishlab chiqilgan;
sug‘orish tizimidagi nasos stansiyalarda energiya to‘lovini  differensiallashtirilgan (tabaqalashtirilgan) tariflarga o‘tkazish hamda energetika tizimida nasos stansiyalardan “iste’molchi – rostlovchi” rejimida foydalanish parametrlarini va samaradorligini aniqlash uslubiyoti ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Nasos stansiyalarining ekspluatatsion samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi konstruksiyalar, texnologiyalarni ishlab chiqish va ularni tadqiq qilish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
nasos stansiyalari suv qabul qilish inshooti (avankamerasi)da loyqa cho‘kmalarini tozalash qurilmasiga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk markazining foydali modeliga patent olingan (“Suv qabul qilish inshooti” № FAR 00938). Natijada nasos stansiyasi suv qabul qilish inshootini loyqa cho‘kmalaridan tozalash xarajatlari mazkur qurilmaning muqobil variantlari - zemsnaryadlarga nisbatan 20÷30 barobar, grunt nasoslarga nisbatan 1,5÷2,5 barobar arzonlashishi mumkinligi aniqlangan; 
nasos stansiyasi suv berish unumdorligini oshirish qurilmasiga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk markazining foydali modeliga patent olingan (“Unumdorligini oshirish qurilmasi bo‘lgan nasos qurilmasi” № FAP 01200). Natijada nasos stansiyasi suv berish unumdorligini 15...45 % gacha oshirish nasos quvvatini 2,5...18,2 % gacha tejash imkoni yaratilgan;
nasos stansiyalari suv qabul qilish inshooti (avankamerasi)da loyqa cho‘kmalarini tozalash qurilmasi Suv xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi Qarshi magistral kanalidan foydalanish boshqarmasi tarkibidagi “M-II-2” nasos stansiyalarida joriy qilingan (Suv xo‘jaligi vazirligining 2026 yil 18 maydagi 04/20-2472-son ma’lumotnomasi). Natijada nasos stansiyasi avankamerasini loyqa cho‘kmalaridan tozalash xarajatlari bir yilda zemsnaryadlarga nisbatan 28,8 barobar, grunt nasoslarga nisbatan 1,96 barobar arzonlashdi va 39400 kVt·soat elektr energiyasi tejalgan;
nasos stansiyalar suv berish unumdorligini oshirishning gidrooqimchali nasosdan foydalanish va asosiy nasos ish rejimini chastota o‘zgartirgich yordamida rostlash tizimi Suv xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi Norin-Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasiga qarashli “Ayqoron-1” nasos stansiyasida joriy qilingan. (Suv xo‘jaligi vazirligining 2026 yil 18 maydagi 04/20-2472-son ma’lumotnomasi). Natijada nasos stansiyalar suv berish unumdorligini oshirishda gidrooqimchali nasosdan foydalanish tufayli keladigan foyda unga sarf qilingan mablag‘ga nisbatan 1,19 barobar foyda keltirish imkoni yaratilgan;
nasos stansiyasi bosim quvurlari va ulardagi jihozlarning optimal o‘lchamlarini aniqlash uslubiyoti Amu-Qashqadaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi tasarrufidagi “Qishliq” nasos stansiyasini rekonstruksiya qilish ishlarida qo‘llash uchun qabul qilindi. (Suv xo‘jaligi vazirligining 2026 yil 18 maydagi 04/20-2472-son ma’lumotnomasi). Natijada nasos stansiyasida har bir kubometr haydab beriladigan suv miqdori uchun 0,01226 kVt·soat elektr energiyasini tejash imkoni yaratilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish