Abdujabbarova Charosxon Sanjarbek qizining
falsafa doktori (PhD) Dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisosliklar shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Yapon Saforasi va Lupin o‘simliklaridan xalq tabobati uchun tovarlar olish”. 02.00.09 – Tovarlar kimyosi, 14.00.41 – Xalq tabobati (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3.PhD/K1035.
Ilmiy rahbarlar: Asqarov Ibroxim Raxmonovich, kimyo fanlari doktori, professor; Maxsumov Abdulhamid Gofurovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat universitet, DSc.03/2025.12.27.K/T.07.04.
Rasmiy opponentlar: Isaev Yusupjon Tojimamatovich, kimyo fanlari doktori, professor; Muqumjonova Umidaxon Vaxobjon qizi, kimyo fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: Andijon davlat tibbiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi yapon soforasi (Styphnolobium japonicum) o‘simligi bargi, mevasi va lupin (Lupinus spp.) o‘simligi urug‘ining kimyoviy tarkibini aniqlash, ular asosida tabiiy oziq-ovqat qo‘shimchalari ishlab chiqish hamda sinflashdan iborat.
III. Tadqiqitning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
yapon soforasi (Styphnolobium japonicum) bargi va mevasi hamda lupin (Lupinus spp.) urug‘i tarkibidagi makro va mikroelementlar induktiv bog‘langan argon plazmali optik emission spektrometriya (ICP-OES) usulida aniqlanib, K, Ca, Mg, P, Na, Fe, Zn va Mn kabi hayot uchun zarur elementlarga boyligi hamda og‘ir metall ionlari miqdorining amaldagi gigienik me’yorlarga mos kelishi isbotlangan;
yapon soforasi va lupin tarkibidagi suvda eruvchan vitaminlar, flavonoidlar, fenol birikmalari hamda aminokislotalarning sifat va miqdor tarkibi yuqori samarali suyuqlik xromatografiyasi (YuSSX) va zamonaviy fizik-kimyoviy tahlil usullari yordamida aniqlanib, biologik faol moddalarga boyligi asoslangan;
yapon soforasi bargi va mevasi hamda lupin urug‘ining 1:1 og‘irlik nisbatdagi kompozitsiyasi asosida «As Lupinus» biologik faol oziq-ovqat qo‘shimchasi olinib, uning tarkibida flavonoidlar, vitaminlar, aminokislotalar, makro va mikroelementlar saqlashi hamda in vitro sharoitida yuqori antioksidant faollikka egaligi aniqlangan;
«As Lupinus» biologik faol oziq-ovqat qo‘shimchasining o‘tkir zaharlilik darajasi (LD₅₀) 5000 mg/kg dan yuqori ekanligi aniqlanib, u toksiklik tasnifiga ko‘ra VI guruh — amalda zaharli bo‘lmagan moddalar toifasiga mansubligi isbotlangan;
alloksanli eksperimental diabet modelida «As Lupinus» biologik faol oziq-ovqat qo‘shimchasining qon plazmasida glyukoza va umumiy xolesterin miqdorini kamaytirishi, insulin sekresiyasini oshirishi, antioksidant fermentlar — superoksid dismutaza (SOD) va glutation peroksidaza (GPx) faolligini kuchaytirishi, jigar mitoxondriyalari disfunksiyasini korreksiya qilishi, lipidlar peroksidlanishini ingibirlashi hamda KATP-kanallari faolligini oshirishi isbotlangan;
«As Lupinus» biologik faol oziq-ovqat qo‘shimchasi kimyoviy tarkibi va funksional xossalari asosida Uyg‘unlashgan tizim (TIF TN) qoidalariga muvofiq sinflanib, u uchun xalqaro TIF TN bo‘yicha yangi tovar kodi ishlab chiqilgan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Yapon soforasi va lupin o‘simliklari asosida yaratilgan «As Lupinus» biologik faol oziq-ovqat qo‘shimchasining kimyoviy tarkibi va biologik faolligini o‘rganish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«As Lupinus» biologik faol oziq-ovqat qo‘shimchasini ishlab chiqarish uchun TY 303271760010:2024 raqamli texnologik yo‘riqnoma ishlab chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan (O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining 2024-yil 15-noyabrdagi 26-11b-980-son ruxsatnomasi). Natijada qandli diabetning oldini olish va kompleks davolashda qo‘llaniladigan mazkur biologik faol oziq-ovqat qo‘shimchasini sanoat miqyosida ishlab chiqarish imkonini bergan;
Yapon soforasi va lupin asosida yaratilgan «As Lupinus» biologik faol oziq-ovqat qo‘shimchasi tovar sifatida TIF TN qoidalari asosida sinflanib, «Yapon soforasi va lupin o‘simliklari asosida tayyorlangan, tarkibida flavonoidlar, vitaminlar, aminokislotalar, makro va mikroelementlar saqlovchi tabiiy biologik faol oziq-ovqat qo‘shimchasi, dori vositasi emas» uchun 1212 99 950 4 xalqaro tovar kodi ishlab chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining 2024-yil 12-apreldagi 17/05-24-2133-son ma’lumotnomasi). Natijada biologik faol oziq-ovqat qo‘shimchalarini TIF TN bo‘yicha to‘g‘ri sinflash, eksport-import operatsiyalarini rasmiylashtirish hamda bojxona to‘lovlarini to‘g‘ri qo‘llash imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish