Akramov Akmaljon Anvarjon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD)  dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Raqamli mulklar merosini fuqarolik-huquqiy tartibga solish”, 12.00.03 – Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/Yu1614
Ilmiy rahbar: Gulyamov Said Saidaxrarovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/2025.27.12.Yu.01.03.
Rasmiy opponentlar: Musaev Bekzod Tursunboevich, yuridik fanlar doktori, professor, Shodmonova Mohira Furqatovna, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi. 
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi raqamli mulklar merosini amalga oshirish masalalarini fuqarolik-huquqiy tadqiq etish, bu jarayonda muammo va huquqiy bo‘shliqlarni aniqlash, shuningdek milliy qonunchilikni takomillashtirishga yo‘naltirilgan ilmiy va amaliy taklif, tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tadqiqotda “kibermakon” tushunchasining huquqiy mazmuni ochib berilib, u raqamli huquqlar va raqamli mulk mavjud bo‘ladigan mustaqil muhit sifatida talqin qilinishi va shu asosida kibermakonda mavjud bo‘lgan obektlarning meros huquqi obektlari sifatidagi o‘rni qayta ko‘rib chiqilib, ularni fuqarolik-huquqiy tartibga solish zarurati hamda o‘ziga xos xususiyatlari ilmiy jihatdan asoslantirilgan;
meros huquqi va notarial faoliyatni raqamlashtirish jarayonlari o‘zaro uzviy bog‘liq ekanligi aniqlanib, raqamli meros institutini rivojlantirishda shaxsni ishonchli identifikatsiya qilish muhim huquqiy omil sifatida asoslab berildi hamda notarial harakatlarni amalga oshirishda shaxsni aniqlash tartibining zamonaviy identifikatsiya vositalari orqali mustahkamlanishi raqamli mulk va meros huquqlarini himoya qilishning zaruriy sharti ekanligi ilmiy jihatdan asoslantirilgan;
meros munosabatlarida raqamli dalillarning ahamiyati ortib borayotgani asosida, notarial amaliyotda internet tarmog‘idagi ma’lumotlarni tasdiqlash, raqamli obektlarni ko‘zdan kechirish va ularni huquqiy jihatdan mustahkamlash mexanizmlarini joriy etish zarurati ilmiy asoslantirildi hamda buning natijasida raqamli meros obektlarining mavjudligi va ularga bo‘lgan huquqlarni isbotlashda yangi yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qilishi ilmiy jihatdan asoslantirilgan;
merosni qabul qilish yoki undan voz kechish jarayonlarining yozma shaklda amalga oshirilishi haqidagi amaldagi qoidalar raqamli muhitga moslashtirilishi zarurligi asoslab berilib, raqamli arizalar va elektron hujjatlar orqali meros huquqlarini amalga oshirish konsepsiyasi taklif etildi hamda mazkur yondashuv raqamli mulklar bilan bog‘liq meros munosabatlarini soddalashtirish va ularning huquqiy aniqligini ta’minlashga xizmat qilishi ilmiy jihatdan asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Raqamli mulklar merosini fuqarolik-huquqiy tartibga solishga doir olingan ilmiy natijalardan quyidagilarda foydalanilgan:
kibermakon – axborot texnologiyalari yordamida yaratilgan virtual muhit ekanligi to‘g‘risidagi taklifdan “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasi to‘rtinchi xatboshisini shakllantirishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2026-yil 13-apreldagi №3/08-86-sonli dalolatnomasi). Ushbu taklif huquqiy atamani qonuniy ta’rifga yaqinlashtirish va normativ-huquqiy tizimda izchillik yaratish maqsadiga xizmat qilgan;
notarial harakatni amalga oshirishni so‘rab murojaat qilgan kishining shaxsini aniqlashtirish tartibiga oid taklifdan O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 26-dekabrdagi 343-I-sonli “Notariat to‘g‘risida”gi qonunning 32-moddasining ikkinchi qismini 2022-yil 14-martdagi O‘RQ-759-sonli “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Notariat, advokatura va huquqiy xizmatlar boshqarmasining 2026-yil 20-apreldagi 20/23-7046/8-sonli dalolatnomasi). Ushbu taklif raqamli meros munosabatlarida shaxsni tasdiqlash bilan bog‘liq jarayonni tartibga solishda muhim ahamiyat kasb etgan;
dalillarni ta’minlash maqsadida notarius ashyoviy, yozma va raqamli dalillarni ko‘zdan kechiradi va guvohlantiradi, shuningdek internet jahon axborot tarmog‘idagi faktlarni tasdiqlashi to‘g‘risidagi taklifdan O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 26-dekabrdagi 343-I-sonli “Notariat to‘g‘risida”gi qonunning 702-moddasi 2-qismini 2024-yil 21-noyabrdagi O‘RQ-1003-sonli “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga raqamli dalillar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq shakllantirilishida inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Notariat, advokatura va huquqiy xizmatlar boshqarmasining 2026-yil 20-apreldagi 20/23-7046/8-sonli dalolatnomasi). Ushbu taklif raqamli mulklar merosini amalga oshirishda raqamli dalillarning rolini oshirish va qonunchilikda ifodasini topishda xizmat qilgan;
merosni qabul qilish yoki undan voz kechish haqidagi arizalar yozma ravishda berilishi kerakligi haqidagi taklifdan O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 26-dekabrdagi 343-I-sonli “Notariat to‘g‘risida”gi qonunning 50-moddasi 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq shakllantirilishida inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Notariat, advokatura va huquqiy xizmatlar boshqarmasining 2026-yil 20-apreldagi 20/23-7046/8-sonli dalolatnomasi). Ushbu tavsiyalar notarial amaliyotda raqamli mulklarni vasiyat qilish tartibini belgilash va raqamli merosni rasmiylashtirish mexanizmlarini takomillashtirishga, shuningdek, meros ochilgan joy bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish