Xorijiy davlatda ilmiy daraja va ilmiy unvon olganlik to‘g‘risidagi hujjatni tan olish tartibi tubdan qayta ko‘rib chiqilib, jarayon Davlat xizmatlari agentligi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Bu haqda Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Anjumanda OAK faoliyatidagi tizimli ishlar, natijalar va ustuvor vazifalar, tizimga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, rivojlantirish, hujjatlar ijrosi, murojaatlar bilan ishlash va ijro intizomini mustahkamlashga doir masalalar xususida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, matematika, kimyo va geologiya kabi fanlar yo‘nalishida erishilgan asosiy natijalar, kelgusidagi muhim vazifalar haqida to‘xtalib o‘tildi.
– Bugun mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida kechayotgan yangilanish va o‘zgarishlar ilm-fan, ta’lim sohasida ham yuqori darajalarda bo‘y ko‘rsatmoqda, – dedi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi raisi Ahmadbek Yusupov. – Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash, attestatsiyadan o‘tkazish masalasiga yuksak darajada e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2013-2019 yillar davomida 3 ming 450 nafar talabgorning 1 ming 175 nafari fan doktori, 2 ming 275 nafari falsafa doktori ilmiy darajalariga tasdiqlandi. Shulardan fan doktori ilmiy darajasiga tasdiqlangan talabgorlarning 787 nafari, falsafa doktori darajasida tasdiqlanganlarning esa barchasi, ya’ni 2 ming 275 nafari 2017 yil 1 iyuldan keyingi davrda ilmiy darajalarga erishdilar.
2017 yil 1 iyulga qadar respublikamizning oliy ta’lim va ilmiy- tadqiqot muassasalarida 40 ta ilmiy kengash faoliyat yuritgan bo‘lsa, endilikda ularning soni 160 tani tashkil qilmoqda. O‘tgan 2019 yilda Oliy attestatsiya komissiyasi rayosatida jami 1612 ta attestatsiya ishi ko‘rib chiqildi. Jumladan, 321 fan doktori ilmiy darajasi, 1139 falsafa doktori ilmiy darajasi, 131 professor, 82 katta ilmiy xodim va 417 nafar kishi dotsent ilmiy unvonlariga tasdiqlandi. 2 ta fan doktori, 28 ta falsafa doktori diplomlari nostrifikatsiya qilindi. 41 ta attestatsiya ishiga esa rad javobi berildi.
Yana bir e’tiborga molik masala shundaki, fan doktori ilmiy darajasiga tasdiqlanganlarning 33 foizini, falsafa doktori ilmiy darajasiga tasdiqlanganlarning 37 foizini ayollar tashkil etmoqda.
Himoya qilingan barcha dissertatsiyalarning ilmiy natijalari amaliyotga joriy qilindi.
Mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va innovatsion taraqqiyotini jadallashtirishda ilmiy va ilmiy-pedagogik salohiyatni takomillashtirish, samarali ilmiy faoliyatni rag‘batlantirish, oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasini tashkil etish sifatini oshirish bo‘yicha bir qator takliflar ishlab chiqildi. Jumladan, Binar (ikkitalik) himoya tizimi asosida ilmiy ishlanma yaratgan falsafa doktori yoki unga tenglashtirilgan ilmiy darajaga ega talabgorga fan doktori, ilmiy natijalarni amaliyotga tatbiq etgan talabgorga falsafa doktori ilmiy darajalarini berish tartibi joriy etilmoqda. Attestatsiya sohasida oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari mustaqilligiga erishish uchun dotsent, katta ilmiy xodim va professor ilmiy unvonlarini mustaqil berish vakolati tajriba tariqasida OTM reytingi bo‘yicha yuqori turuvchi 30 ta oliy ta’lim muassasasiga hamda Fanlar akademiyasi tavsiyasi asosida ilmiy-tadqiqot muassasasi kengashlariga berilmoqda.
Manba: http://uza.uz