Ma’lumki, mamlakatimiz Prezidentining 2019 yil 24 may kuni O‘zbekiston milliy universitetida ta’lim va ilm-fan sohasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida binar (ikkitalik) himoya tizimi asosidagi dissertatsiya himoyasi amaliyotini joriy qilish vazifasi belgilab berilgan va 2019 yilning 11 iyulida “Oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” (PQ-4391-son) Prezident qarori e’lon qilingan edi.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan 2020 yil 10 fevral` kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Binar (ikkitalik) himoya tizimi asosida talabgorlarga fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini berishni tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi.
Ushbu qarorga muvofiq, 2020 yilning 1 martidan e’tiboran O‘zbekiston milliy universiteti bazasida binar (ikkitalik) himoya tizimi asosida dissertatsiya himoyasini tashkil etish va ilmiy darajalarni talabgorlarga mustaqil berish amaliyoti tajriba tariqasida uch yil muddatga joriy etildi.
Binar (ikkitalik) himoya tizimi asosida tayyorlangan dissertatsiya – o‘rnatilgan tartibda mavzusi tasdiqlanib, nazariy tadqiqotlar va ilmiy natijalarini amaliyotga joriy qilish jarayoni ikki nafar izlanuvchi tomonidan hamkorlikda tashkil etilgan, tadqiqotning mazmun-mohiyati belgilangan talablarga javob bergan, tugallangan va mazmunan yaxlit ilmiy ish sifatida nazariy ilmiy yangiliklari tizimli ravishda asoslangan (fan doktori (DSc) uchun) va innovatsion ilmiy yangiliklari amaliyotga maqsadli joriy etilgan (falsafa doktori (PhD) uchun) qo‘lyozma huquqiga ega bo‘lgan ilmiy asar.
Binar (ikkitalik) himoya tizimi asosida dissertatsiya tayyorlash, uni himoya qilish va talabgorlarni tegishli ravishda fan doktori (DSc), falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarida tasdiqlash oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash va ularni attestatsiyadan o‘tkazishga oid normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq amalga oshiriladi.
Normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan qoidalarga rioya qilgan holda binar (ikkitalik) himoya tizimi asosida dissertatsiya himoyasini tashkil qilish quyidagi xususiyatlarga ega:
birinchidan, muayyan fan tarmog‘i bo‘yicha bitta dissertatsiya ikki nafar, jumladan, falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega talabgor va ilmiy darajaga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan tayyorlanishi;
ikkinchidan, tadqiqotning ilmiy natijalari bo‘yicha ixtiro yoki seleksiya yutuqlariga patentlar olinib, ularning amaliyotga joriy etilishi va salmoqli samara olingan bo‘lishi;
uchinchidan, ilmiy natijalar amaliyotga joriy qilingan tashkilot tomonidan falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga talabgorning ilmiy natijalarni amaliyotga joriy etishdagi alohida xizmatlari va joriy etishdan olingan (kutilayotgan) salmoqli samarasi yuzasidan asosli xulosa (dalolatnoma) berilishi;
Shu o‘rinda yana bir jihatga alohida to‘xtalish lozimki, falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun talabgor o‘z ilmiy faoliyatini mustaqil izlanuvchilik instituti asosida olib boradi.
Ilmiy kengash ilmiy darajalarni berish (bermaslik) to‘g‘risida yagona qaror qabul qiladi va bu qaror har ikki talabgorga nisbatan teng qo‘llanadi.
Bir so‘z bilan aytganda, binar (ikkitalik) himoya tizimi innovatsion xususiyatga ega tadqiqotlarni rivojlantirish, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini chuqurlashtirish, ilmiy natijalarni amaliyotga tezkor joriy etishning samarali mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish, ilmiy darajalarni berish vakolatini bosqichma-bosqich ravishda ilmiy kengashlarga o‘tkazishning fundamental asosini yaratish, iqtidorli yoshlarning ilmiy faoliyatga qiziqishlarini oshirish, qolaversa, jamiyatda ilmiy faoliyat nufuzini yanada ko‘tarishga xizmat qiladi.