Hojiev Alisher Mirzoevich
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmogʻi nomi): “Er osti kon ishlarida xodimlar mehnat sharoitlari xavfsizligini oshirish usullarini takomillashtirish”, 05.10.01 – Mehnatni muhofaza qilish va inson faoliyati xavfsizligi; (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3.PhD/T6054
Ilmiy rahbar: Kalandarov Ilyos Ibodullaevich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar  universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat transport universiteti universiteti huzuridagi DSc.10/2025.27.12.T.01.03 raqamli Ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Abdiazimov Shavkat Xakimovich, texnika fanlari doktori (DSc), dotsent; Narziev Shovqiddin Murtozaevich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), professor.
Yetakchi tashkilot: Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti.
II. Tadqiqotning maqsadi: er osti kon ishlarida xodimlar mehnat sharoitlari xavfsizligini oshirishdagi xavf omillarini kompleks tahlil qilish va real vaqt rejimida aniqlash hamda baholash usullarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ishlab chiqarish muhiti omillarini (gaz, chang, mikroiqlim) statistik va korrelyasiyali tahlili asosida kompleks baholash ko‘rsatkichlarini shakllantirish hamda real vaqt rejimida monitoring qilish orqali integral baholash hamda prognozlash usuli ishlab chiqilgan;
xavfli vaziyatlarda qaror qabul qilish yondashuvlariga tayangan holda ogohlantirish hamda xodimlarni xavfsiz hududga tezkor yo‘naltirishni ta’minlash modeli va algoritmi ishlab chiqilgan;
xavf darajasini kamaytirish tizimining integratsiyalashgan konseptual modeli ishlab chiqarish muhiti parametrlarini ko‘p mezonli baholash, real vaqt rejimida monitoring, xavf darajasini prognoz qilish va profilaktik boshqaruv qarorlarini avtomatlashtirilgan tarzda shakllantirish mexanizmlarini yagona tizimga integratsiya qilish hisobiga takomillashtirilgan;
ishlab chiqarish muhiti xavflari va xodimlarning kasbiy tayyorgarligini kompleks baholash natijalarini integratsiyalash, o‘qitish jarayonini adaptiv boshqarish hamda malaka oshirish samaradorligini monitoring qilish imkonini beruvchi dasturiy ta’minot ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Er osti kon ishlarida xodimlar mehnat sharoitlari xavfsizligini oshirish usullarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
ishlab chiqarish muhiti omillarini statistik va korrelyasiyali tahlili asosida kompleks baholash ko‘rsatkichlarini shakllantirish hamda real vaqt rejimida monitoring qilish orqali integral baholash, prognozlash usuli hamda xavfli vaziyatlarda qaror qabul qilish nazariyasi, algoritmlashtirish yondashuvlariga tayangan holda ogohlantirish va xodimlarni xavfsiz hududga tezkor yo‘naltirishni ta’minlovchi matematik model va algoritm “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ Janubiy kon boshqarmasi Zarmitan konida joriy qilingan (Navoiy kon-metallurgiya kombinati AJning 2025-yil 28-noyardagi 02-07/02/12225-son ma’lumotnomasi). Tadqiqotlar natijasida er osti konida sodir bo‘ladigan xavfli vaziyatlarda tibbiy xarajatlar, jarohatlar, uskunalar to‘xtab qolishi, ish jarayoni to‘xtashi kabi kutilgan moliyaviy zararlar 5%ga kamayib, ushbu vaqtda xodimlarni ogohlantirish orqali tezkor harakatlanishlari vaqti 15%ga qisqarishiga erishilgan;
er osti kon ishlarida xodimlar mehnat sharoitlari xavfsizligini oshirish, ishlab chiqarish muhiti xavf darajasini kamaytirish tizimining integratsiyalashgan konseptual modeli va mehnat sharoitlari xavfsizligini oshirish tizimini takomillashtirish jarayonida xodimlar o‘qishini tashkil etish hamda malakasini oshirishning integrallashgan dasturi asosida mehnat unumdorligini funksional baholash modeli “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ Janubiy kon boshqarmasi Zarmitan konida joriy qilingan (Navoiy kon-metallurgiya kombinati AJning 2025-yil 28-noyardagi 02-07/02/12225-son ma’lumotnomasi). Natijada, xodimlar mehnat sharoitlari xavfsizligini ta’minlash tizimi takomillashtirildi, baxsiz hodisalar 10%ga kamayib xodimlar sog‘lig‘i va hayot faoliyatiga salbiy ta’sirlar haqidagi ma’lumotlarni to‘plash va tizimli tahlil qilish orqali mehnatni muhofaza qilishni boshqarish axborot tizimi yaratilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish