Abduxakimov Aziz Abdukaxarovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasisiz ixtiro patenti e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): “Ekologik xavfsizlikni ta’minlashda pestisidlarni neytrallashtiruvchi innovatsion texnologiya yaratish”, 11.00.05 - Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.1.PhD/T294.
Ilmiy rahbar: Pulatov Baxtiyor Alimovich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/2025.27.12.V.01.15
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: pestisidlarning atrof-muhitga zararli ta’sirini kamaytirish va agroekotizimlarda ekologik xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan gumin asosli organo-mineral qo‘shimcha tayyorlash texnologiyasini ishlab chiqish hamda uning pestisidlar toksikligini neytrallashdagi samaradorligini ilmiy asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
pestisidlarning atrof-muhitga antropogen yuklamasini kamaytirishga xizmat qiluvchi, gumin moddalari asosidagi organo-mineral neytrallovchi qo‘shimcha olishning yangi texnologiyasi ishlab chiqilgan;
pestisidlar bilan birgalikda qo‘llanilganda ularning toksik ta’sirini kamaytiruvchi organo-mineral qo‘shimcha tarkibining optimal komponent nisbatlari aniqlangan va ilmiy asoslangan;
gumin asosli qo‘shimchalarni pestisid ishchi eritmalariga kiritish orqali toksikantlarning tuproq-o‘simlik tizimidagi migratsiyasini cheklash va ekologik xavfsizlik darajasini oshirish imkoniyati eksperimental isbotlangan;
gumin asosli organo-mineral qo‘shimcha miqdoriga qarab pestisidlarning sorbsiya jarayoni va toksiklik darajasini boshqarish imkoniyati aniqlangan;
pestisidlar va organo-mineral qo‘shimcha o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir jarayonlarida “tarkib-struktura-xossa” tizimidagi korrelyasion bogʻliqlik qonuniyatlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ilmiy tadqiqot ishi doirasida ishlab chiqilgan va № IAP 8100 raqamli ixtiro patenti bilan himoyalangan texnologiya Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidagi Tomorqachilikni rivojlantirish milliy markazi bazasida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2026-yil 17-martdagi 03-03/3-4826-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur tashkilotlarda yaratilgan qo‘shimchani pestisid eritmalariga qo‘shish orqali ularning toksik ta’sirini kamaytirish, tuproqning agroekologik holatini yaxshilangan. Taklif etilgan texnologiya 2024-yilning dekabr oyidan 2025-yilning may oylariga qadar har-xil sharoitlarda amaliy sinovlardan o‘tkazilgan. Sinovlar turli xil o‘simliklar ustida o‘tkazilib, preparatning samaradorligi, xavfsizligi va texnologik qo‘llanish imkoniyatlari tekshirilgan.Olib borilgan tadqiqotlar natijasida quyidagi ijobiy jihatlar qayd etilgan: Preparat pestisid qoldiqlarini 50-80% gacha neytrallashtirish qobiliyatiga ega; O‘simliklarning vegetatsiya jarayoni jadallashgan va tuproqning foydali mikrobiologik faolligi saqlab qolingan; Texnologik jarayonning soddaligi va mahalliy xomashyoga asoslanganligi hisobiga qo‘llash xarajatlari kamaygan.Ushbu preparat tomorqachilik va qishloq xo‘jaligida keng qo‘llanilishi mumkin bo‘lib, aholi salomatligini muhofaza qilish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida katta hissa qo‘shish imkoniyati yaratilgan