O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 26 maydagi PF–98-son Farmoni bilan yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan islohotlar doirasida 2027 yil 1 yanvardan boshlab ilmiy darajalar berish tartibida muhim o‘zgarishlar joriy etilmoqda. Xususan, ilmiy kengashlar faoliyati samaradorligi va mustaqilligini oshirish maqsadida Oliy attestatsiya komissiyasining fan tarmoqlari bo‘yicha ekspert kengashlari tomonidan dissertatsiyalarni ilmiy ekspertizadan o‘tkazish hamda himoya qilingan dissertatsiyalar bo‘yicha ilmiy kengash qarorlarini Rayosat qarori bilan tasdiqlash amaliyoti bekor qilinadi.

Bu esa ilmiy darajalar berish jarayonida asosiy mas’uliyat ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar hamda ular huzuridagi ilmiy seminarlar zimmasiga bosqichma-bosqich o‘tishini anglatadi. Shu munosabat bilan dissertatsiya himoyasiga taqdim etiladigan hujjatlarning, xususan, dissertatsiya va dissertatsiya avtoreferatining belgilangan normativ-huquqiy hujjatlar va me’yoriy-texnik talablarga muvofiq rasmiylashtirilishi uchun javobgarlikni bosqichma-bosqich ilmiy kengash va ilmiy seminarlar zimmasiga o‘tkazish va ularning shaxsiy mas’uliyatni yanada kuchaytirish talab etiladi.
Shu nuqtai nazardan, ilmiy seminarlar faoliyatini takomillashtirish, avtoreferatlarning mazmunan va me’yoriy-texnik jihatdan sifatli ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlash hamda mazkur jarayonda shaxsiy mas’uliyatni kuchaytirish zarur. Zero, 2027 yil 1 yanvardan dissertatsiya himoyasi to‘g‘risidagi e’lonlarni Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan qabul qilish va e’lon qilish tartibi bekor qilinadi.
Shunga ko‘ra, Ilmiy kengashlar tomonidan joriy yilning sentyabr` oyidan boshlab OAK veb-saytida dissertatsiya himoyasiga e’lon berish uchun taqdim etiladigan hujjatlarning nizom talablariga mos kelishi, jumladan dissertatsiya avtoreferatining kirish qismi matni tahriri, ilmiy yangiligi mazmun-mohiyati talablarga muvofiq ochib berilishi, ilmiy natijalarning amaliyotga joriy qilinishi, chop etilgan ilmiy ishlarning mavjudligi va internet tarmog‘ida joylashtirilganligini xolis va shaffof baholash Ilmiy kengashlar mas’uliyatiga to‘liq o‘tkaziladi. Shuningdek, 2027 yil 1 yanvardan dissertatsiya himoyasi to‘g‘risidagi e’lonlarni OAK tomonidan qabul qilish va e’lon qilish tartibi ham bekor qilinadi.
Shundan kelib chiqib, barcha oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlar, shuningdek, ular huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar hamda ilmiy seminarlar rahbariyati va a’zolari dissertatsiya himoyasiga oid hujjatlarning tayyorlanishi va OAKga taqdim etilishida belgilangan talablarga qat’iy rioya etilishini ta’minlashi zarur.
Mazkur talablarning to‘liq bajarilishi ilmiy darajalar berish jarayonining ochiqligi, shaffofligi va sifatiga xizmat qiladi hamda kelgusida ilmiy kengashlar faoliyati samaradorligi reytingini baholashda muhim mezonlardan biri hisoblanadi.

OAK Axborot xizmati

Yangiliklarga obuna bo‘lish