Ergashov Maqsudjon Muzaffarovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “SARS-CoV-2 bilan bog‘liq pnevmoniya istiqbolini belgilashda S-reaktiv oqsil, prokal`sitonin va sitokinlarning ahamiyati” 14.00.10 – Yuqumli kasalliklar (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/Tib2449.
Ilmiy rahbar: Obloqulov Abdurashid Raximovich tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti, DSc.06/2025.27.12.Tib.05.01.
Rasmiy opponentlar: Xikmatullaeva Aziza Saydullaevna, tibbiyot fanlari doktori, dotsent; Yarmuxamedova Nargiza Anvarovna tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qozog‘iston Respublikasi Xoja Ahmad Yassaviy nomidagi xalqaro qozoq-turk universiteti (Qozog‘iston).
II. Tadqiqotning maqsadi: SARS CoV-2 etiologiyali COVID-19 kasalligi bilan bog‘liq pnevmoniyaning istiqbolini belgilashda S-reaktiv oqsil, prokal`sitonin va sitokinlar kabi tizimli yallig‘lanish biomarkerlarning ahamiyatini o‘rganish orqali amaliyotga joriy qilishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
SARS-CoV-2 infeksiyasida ta’m va hid bilishning buzilishi, kon’yunktivit, angiit, eritematoz va eshakemi ko‘rinishidagi teri o‘zgarishlari hamda ayrim hollarda pufakchali toshmalarning kuzatilishi COVID-19 ning ko‘p tizimli kasallik ekanligini asoslab berdi va ushbu belgilarning erta diagnostik ahamiyati aniqlangan;
prokal`sitonin darajasining oshishi COVID-19 pnevmoniyasida ikkilamchi bakterial infeksiya qo‘shilganligining muhim markeri ekanligi isbotlangan va uning ko‘rsatkichlari asosida antibakterial terapiyani o‘z vaqtida tanlash, davomiyligini belgilash va davolashni individuallashtirish imkoniyati asoslangan;
ilk bor trombotsitlar soni, protrombin vaqti, D-dimer va fibrinogen ko‘rsatkichlarining o‘zgarishi COVID-19 bilan bog‘liq koagulopatiyaning erta prediktorlari ekanligi hamda ularning yallig‘lanish biomarkerlari bilan o‘zaro progressiv musbat korrelyasion bog‘liqlik borligi aniqlangan; 
ilk bor NLR, SRO, PKT, IL-6, IL-8 va boshqa biomarkerlarning klinik, immunologik ko‘rsatkichlar hamda instrumental tekshiruv xulosalari bilan o‘zaro dinamik bog‘liqligi tahlil qilinib, COVID-19 pnevmoniyasining kechishini prognozlash va boshqarish algoritmi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
SARS-CoV-2 bilan bog‘liq pnevmoniya istiqbolini belgilashda S-reaktiv oqsil, prokal`sitonin va sitokinlarning ahamiyati bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
birinchi ilmiy yangilik: SARS-CoV-2 infeksiyasida ta’m va hid bilishning buzilishi, kon’yunktivit, angiit, eritematoz va eshakemi ko‘rinishidagi teri o‘zgarishlari hamda ayrim hollarda pufakchali toshmalarning kuzatilishi COVID-19 ning ko‘p tizimli kasallik ekanligini asoslab berdi va ushbu belgilarning erta diagnostik ahamiyati aniqlanganiga oid tadqiqot natijalari Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Buxoro filialida 2025 yil 3 dekabrdagi 119-sonli hamda Navoiy filialida 2025 yil 22 dekabrdagi 123-sonli buyruqlar asosida klinik amaliyotga joriy etildi. Ijtimoiy samaradorligi: COVID-19 ning tizimli klinik belgilariga e’tibor qaratilishi kasallikni erta tashxislash, bemorlarni o‘z vaqtida saralash va asoratlar xavfini kamaytirish imkoniyatini oshirdi. Iqtisodiy samaradorligi: kasallikni erta aniqlash va maqsadli klinik yondashuvlarni qo‘llash orqali ortiqcha diagnostik tekshiruvlar hamda uzoq muddatli statsionar davolanish holatlari qisqarishiga erishildi. Xulosa: SARS-CoV-2 infeksiyasida kuzatiladigan nevrologik, oftal`mologik va dermatologik o‘zgarishlarni kompleks baholash COVID-19 ning ko‘p tizimli kechishini erta aniqlash va klinik nazorat samaradorligini oshirishga xizmat qildi.
ikkinchi ilmiy yangilik: prokal`sitonin darajasining oshishi COVID-19 pnevmoniyasida ikkilamchi bakterial infeksiya qo‘shilganligining muhim markeri ekanligi isbotlangan va uning ko‘rsatkichlari asosida antibakterial terapiyani o‘z vaqtida tanlash, davomiyligini belgilash va davolashni individuallashtirish imkoniyatini asoslashga oid tadqiqot natijalari Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Buxoro filialida 2025 yil 3 dekabrdagi 119-sonli hamda Navoiy filialida 2025 yil 22 dekabrdagi 123-sonli buyruqlar asosida amaliyotga joriy etildi. Ijtimoiy samaradorligi: prokal`sitonin ko‘rsatkichlari asosida ikkilamchi bakterial infeksiyani erta aniqlash imkoniyati kengayib, antibakterial terapiyani maqsadli qo‘llash samaradorligi oshirildi. Iqtisodiy samaradorligi: antibiotiklarni asossiz qo‘llash holatlari kamayishi va davolash taktikasining optimallashtirilishi natijasida dori vositalari hamda statsionar davolash xarajatlarini qisqartirish imkoniyati yaratildi. Xulosa: COVID-19 pnevmoniyasida prokal`sitoninni monitoring qilish ikkilamchi bakterial infeksiyani o‘z vaqtida aniqlash va antibakterial terapiyani ratsional olib borishda muhim ahamiyat kasb etdi.
uchinchi ilmiy yangilik: ilk bor trombotsitlar soni, protrombin vaqti, D-dimer va fibrinogen ko‘rsatkichlarining o‘zgarishi COVID-19 bilan bog‘liq koagulopatiyaning erta prediktorlari ekanligi ularning yallig‘lanish biomarkerlari bilan progressiv musbat korrelyasion bog‘liqligiga va shu bilan birga, koagulopatiyasining DVS-sindromdan farq qiluvchi xususiyatlarini asoslashga oid tadqiqot natijalari Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Buxoro filialida 2025 yil 3 dekabrdagi 119-sonli hamda Navoiy filialida 2025 yil 22 dekabrdagi 123-sonli buyruqlar asosida klinik amaliyotga joriy etildi. Ijtimoiy samaradorligi: COVID-19 bilan bog‘liq koagulopatiyani erta aniqlash va trombotik asoratlar xavfini baholash imkoniyati kengaydi hamda og‘ir holatlarning oldini olish samaradorligi oshirildi. Iqtisodiy samaradorligi: koagulyasion buzilishlarni o‘z vaqtida aniqlash orqali og‘ir asoratlar va reanimatsiya davolashiga ehtiyoj kamayib, tibbiy xizmat xarajatlarini tejash imkoniyati yaratildi. Xulosa: gemostaz va koagulogramma ko‘rsatkichlarini kompleks baholash COVID-19 bilan bog‘liq koagulopatiyani erta prognozlash va uni DVS-sindromdan farqlashda muhim diagnostik ahamiyatga ega bo‘ldi.
to‘rtinchi ilmiy yangilik: ilk bor NLR, SRO, PKT, IL-6, IL-8 va boshqa biomarkerlarning klinik, immunologik hamda instrumental ko‘rsatkichlar bilan o‘zaro dinamik bog‘liqligi asosida COVID-19 pnevmoniyasining kechishini prognozlash va boshqarish algoritmiga oid tadqiqot natijalari Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Buxoro filialida 2025 yil 3 dekabrdagi 119-sonli hamda Navoiy filialida 2025 yil 22 dekabrdagi 123-sonli buyruqlar asosida klinik amaliyotga joriy etildi. Ijtimoiy samaradorligi: COVID-19 pnevmoniyasining kechishini erta prognozlash va bemorlarni xavf guruhlari bo‘yicha saralash imkoniyati yaxshilanib, asoratlar xavfini kamaytirish samaradorligi oshirildi. Iqtisodiy samaradorligi: bemorlarning holatini biomarkerlar asosida baholash va davolashni optimallashtirish orqali statsionar davolash muddati qisqarib, tibbiy resurslardan samarali foydalanish imkoniyati oshdi. Xulosa: biomarkerlar va klinik ko‘rsatkichlarning kompleks tahlili COVID-19 pnevmoniyasining kechishini prognozlash hamda davolash taktikasini individuallashtirishda yuqori amaliy ahamiyatga ega ekanligi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Olingan natijalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni Saqlash vazirligi huzuridagi ilmiy texnik kengashning 2026 - yil 3 fevraldagi qarori asosida 02/33-sonli yagona xulosa olingan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish