Yarashova Nasiba Jumaevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqidagi e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «XXI asr o‘zbek bolalar adabiyoti tili va uslubiyati (Xudoyberdi To‘xtaboev ijodi misolida)», 10.00.01–O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1PhD/Fil701.
Ilmiy rahbar: Murodova Nigora Qulievna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Navoiy davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.02.03.
Rasmiy opponentlar: Karimov Suyun Amirovich, filologiya fanlari doktori, professor; Yuldashev Ma’rufjon Muhammadjonovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Xudoyberdi To‘xtaboev asarlaridagi bolalar nutqi vositasida yozuvchi asarlarining tili hamda uslubiy jihatlarini, shuningdek, fonetik, leksik, grammatik xususiyatlarini milliy-madaniy, stilistik nuqtai nazardan tadqiq qilishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
bolalar nutqini milliy-madaniy, stilistik xususiyatlari Xudoyberdi To‘xtaboev asarlari orqali ijodkorga xos individuallik jihatlari ochib berilgan;
bolalar nutqida qo‘llanilgan fonografik-uslubiy vositalarning fonostilistik jihatlari XXI asr o‘zbek bolalar adabiyoti ijodkorlari asarlaridan olingan misollar bilan qiyoslash orqali isbotlangan;
bolalar nutqining fonetik, leksik, grammatik tahlili orqali ular nutqini tipiklashtirishda fonetik aspektning ustunligi aniqlangan;
bolalar nutqida ayrim grammatik formalarning adabiy me’yor darajasida qo‘llanganligi, funksional-stilistik imkoniyatlari, sintaktik qurilmalarning struktur-semantik hamda milliy-madaniy jihatlari, uslubiy-tasviriy vositalarning bola nutqi individualligini ta’minlashdagi o‘rni dalillangan;
bola tafakkuri va lug‘at boyligini belgilaydigan leksik birliklar, noodatiy semantik qo‘llanishlar, frazemalarning struktur-semantik komponentlaridagi o‘zgarishlarning o‘rinlashishi faktik materiallar asosida aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Xudoyberdi To‘xtaboev asarlarining tili va uslubiyatini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
XXI asr o‘zbek bolalar adabiyotining tili hamda uslubiy jihatlarini yoritishda Xudoyberdi To‘xtaboev asarlaridagi bolalar nutqining asosiy o‘rin tutishi kabi masalalari 2012-2016 yillarda bajarilgan FA-F1-GOO3 raqamli, “Hozirgi qoraqalpoq tilida funksional so‘z yasalishi” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2019 yil 10 sentyabrdagi 186/1-son ma’lumotnomasi). Natijada Xudoyberdi To‘xtaboev asarlarida qo‘llanilgan turli til vositalari orqali qahramonlar nutqini individuallashtirish, to‘laqonli xarakterlar yaratish, bola shaxsi ruhiy holatini ochish, yozuvchi g‘oyaviy maqsadini ifodalash, davr manzarasini yorqin, kishilarni jonli tasvirlash, asarning milliy mentalitetini ta’minlash kabi masalalarni yoritishda dissertatsiyada ishlab chiqilgan usullardan foydalanilgan;
Xudoyberdi To‘xtaboev asarlari qahramonlari – bolalar tomonidan ishlatilgan fonetik takrorlar va iboralarning xususiyatlariga murojaat qilish masalalari XT-F-2-004 raqamli «O‘zbek xalq pedagogikasi va fol`klor an’analari» (2008–2010) nomli fundamental loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 7 noyabrdagi 89-03-4328-son ma’lumotnomasi). Natijada insoniyatning badiiy tafakkuri mahsuli bo‘lgan xalq pedagogikasi, o‘zbek bolalar fol`klorini o‘rgatishda semantik-stilistik bilimlardan foydalanish o‘quvchilarning ijodiy kompetentligini oshiruvchi vosita ekanligini aniqlash kabi masalalarni yoritishga xizmat qilgan;
Xudoyberdi To‘xtaboev asarlaridagi bolalar nutqida qo‘llanilgan leksik birliklar, ularning leksik-semantik jihatlari, noverbal vositalarning leksik qatlamga ta’siri, izohli lug‘atlarda leksik tarkibning tavsifi va takomillashtirish vazifalari, o‘zbek tili frazeologik lug‘atida ma’nodosh hamda shakldosh frazeologik birliklar tavsifi kabi masalalarning xususiyatlarini tadqiq qilish masalalari ITD-1-07 raqamli «Tilshunoslik asoslari fanidan darslik, o‘quv-uslubiy majmua va ularning elektron nusxalarini yaratish» nomli amaliy loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 7 noyabrdagi 89-03-4328-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalarini joriy qilish bolalar nutqida har bir leksik birlikning qanday o‘rin egallashini aniqlashga olib kelgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish