Shamsieva Mahfuzaxon Xo‘ja qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonda xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilishda davlat va nodavlat notijorat tashkilotlarning o‘rni (1991–2010 yy)», 07.00.01–O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.PhD/Tar38.
Ilmiy rahbar: Murtazaeva Rahbar Hamidovna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Ergasheva Yulduz Alimovna, tarix fanlari doktori, professor; Sultonova E’tibor Siddiqovna, siyosiy fanlar doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston Respublikasida xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish siyosatining mohiyati va bu borada davlat va nodavlat notijorat tashkilotlar hamkorlik faoliyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekistonda huquqiy jihatdan xotin-qizlar jamoat tashkilotlari tashkil topishi va rivojlanishiga ko‘ra to‘rt bosqichga bo‘linib, ushbu tarixiy bosqichlar davomida “uchinchi sektor”ni shakllanishi va rivojlanishi uchun barcha tashkiliy-huquqiy va moddiy-texnik sharoitlar yaratilgani ochib berilgan;
onalik va bolalikka g‘amxo‘rlikni kuchaytirish, ayollar salomatligini mustahkamlash borasidagi “Sog‘lom ona-sog‘lom bola” umummilliy davlat dasturini amalga oshirilishi natijasida ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, ayollarda ekstragenital, ginekologik va onkologik kasalliklar ko‘rsatkichi hamda turli patologik kasalliklar tufayli nogiron sifatida ro‘yxatga olingan ayollar soni ko‘payib borayotganligi, shu boisdan xotin-qizlarning ijtimoiy ko‘makka muhtoj qismiga amaliy yordam ko‘rsatishda hududiy nodavlat notijorat tashkilotlarining rolini kuchaytirish zarurligi asoslab berilgan;
bozor iqtisodiyotining talab va takliflari asosida xotin-qizlarning kasbiy malakasini oshirish va qayta tayyorlashda “Tadbirkor ayol” uyushmasi “Mehrimiz sizga” ayollarni qo‘llab-quvvatlash markazi (Andijon viloyati) kabi nodavlat notijorat tashkilotlari misolida xotin-qizlarga biznes yuritish asoslarini o‘rgatish, kasb-hunar egallashiga ko‘mak berish uchun davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida maqsadli loyihalarni amalga oshirishdagi hamkorlikning ahamiyati aniqlangan;
odam savdosi va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarga tibbiy, psixologik, huquqiy yordam ko‘rsatish sohasida hududlardagi “Mehrimiz sizga” (Andijon), “Sabr” (Samarqand), “Oydin nur” (Buxoro), “Istiqbolli avlod” (Toshkent) kabi xotin-qizlar tashkilotlari o‘rganilib, ular muammolarni bartaraf etish yo‘lida faqat ijrochilik vazifasini bajarayotgani hamda vaqtincha ish bilan band bo‘lgan va qishloq xo‘jaligi sohasida mehnat qilayotgan ayollarni qo‘llab-quvvatlash masalalari e’tibordan chetda qolayotganligi yoritib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekistonda xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilishga oid ishlab chiqilgan ilmiy xulosalar va takliflar asosida:
xotin-qizlarga oid dolzarb muammolar-odam savdosi qurboniga aylanib qolish, ayollar o‘rtasida jinoyatchilikni ko‘payishi va uning oldini olish, qishloq ayollari bandligini ta’minlashga oid dissertatsiya materiallaridan O‘zbekiston Respublikasi Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assosiatsiyasining ayollar va yoshlar yo‘nalishiga oid loyihalarda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assosiatsiyasining 2018 yil 29 yanvardagi 04-06/21-01-son ma’lumotnomasi). Dissertatsiya yuzasidan bildirilgan ilmiy xulosa va takliflar xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish tizimidagi faoliyatlarini yanada takomillashtirishga xizmat qilgan;
ijtimoiy sherikchilikka mahalliy darajada yondashish, xalq deputatlari viloyat kengashlari huzurida tashkil etilgan jamoat komissiyalari jamoat fondini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, nodavlat notijorat tashkilotlarning ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy sohalarni rivojlantirishga qaratilgan loyihalarini homiylik, mahalliy byudjet, xalqaro hamkorlik hisobidan moliyalashtirish, moddiy yordam ko‘rsatayotgan yuridik va jismoniy shaxslarga soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash bo‘yicha qonun doirasida imtiyozlar berish kabi takliflaridan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi axborot tahlil materiallarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondining 2019 yil 25 iyundagi OX-07-son ma’lumotnomasi). Mazkur dissertatsiya natijalari amaliyotda mahalliy boshqaruv organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida ijtimoiy sherikchilik mexanizmini takomillashtirishga xizmat kilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish