Abduazizov Doniyor Baxtiyor o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: «Predprinimatel`sko-pravovie voprosi zloupotrebleniya prevosxodnoy peregovornoy siloy v konkurentnom prave», 12.00.03 – Fuqarolik huquqi.Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq (yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/Yu1733
Ilmiy rahbar: Xodjaev Baxshillo Kamolovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/2025.27.12.Yu.01.03.
Rasmiy opponentlar: Hamroqulov Bahodir Mamasharifovich, yuridik fanlar doktori, professor, Maqsudov Alisher Maqsud o‘g‘li, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori, sudya.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi shartnomaviy munosabatlarda ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilishning huquqiy tabiatini kompleks tahlil qilish, uni aniqlash va huquqiy baholash bo‘yicha nazariy asoslar va huquqiy yondashuvlarni ishlab chiqish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ustun muzokara kuchini aniqlash mezonlari (masalan, kontragentning iqtisodiy qaramligi mavjudligi, muqobil kontragentga o‘tish imkoniyatining cheklanganligi, muhim daromad manbasini yo‘qotish xavfi, taklif etilgan shartlarni rad etish bo‘yicha real erkinlikning mavjud emasligi), shuningdek, ushbu kuchni suiiste’mol qilishning shartnomaviy munosabatlar doirasidan chetga chiqadigan ekspluatatsion shakllarini (masalan, shartnoma shartlarini bir tomonlama o‘zgartirish, shartnoma predmetiga taalluqli bo‘lmagan shartlarni majburan qabul qildirish, qo‘shimcha xarajatlarni majburiy yuklash, tovarni asossiz qaytarish yoki uni qabul qilishdan bosh tortish, to‘lovni kechiktirish va boshqalar) huquqiy baholash mezonlarini ishlab chiqish, shu jumladan ustun muzokara kuchiga ega xo‘jalik yurituvchi subektlarni e’tirof etishda qo‘llaniladigan belgi va sifatlar majmuasini belgilash zaruriyati asoslantirilgan;
tovarni realizatsiya qilish va olishda kamsituvchi shart-sharoitlarni majburan yuklashning huquqiy tabiati, uning ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilishning mustaqil shakli sifatida e’tirof etilishi zarurligi asoslantirildi;
raqamli platformalar tomonidan ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilishning o‘ziga xos belgilari va mezonlari (masalan, platformaning raqamli bozorga kirish ustidan nazorati, tadbirkorlar va foydalanuvchilarning platforma infratuzilmasiga qaramligi, tovar va xizmatlarni realizatsiya qilishning muqobil kanallari cheklanganligi, tarmoq effektlarining mavjudligi, katta hajmdagi ma’lumotlarni to‘plash va ulardan foydalanish va boshqalar) tizimli ravishda asoslab berildi;
raqamli platformalarda iste’molchilar va tadbirkorlar o‘rtasidagi shartnomaviy munosabatlarda kamsituvchi shartlarni majburan qabul qildirishning huquqiy oqibatlari, mazkur amaliyot turini suiiste’mollikning mustaqil shakli sifatida normativ-huquqiy jihatdan tartibga olish zarurligi asoslantirildi.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ilmiy-tadqiqot ishining ilmiy natijalaridan quyidagilarda foydalanilgan:
ustun muzokara kuchini va uning ekspluatatsion shakllarini aniqlashning huquqiy mezonlarini ishlab chiqish, xususan, xo‘jalik yurituvchi subektlarni ustun muzokara kuchiga ega deb e’tirof etishda qo‘llaniladigan belgilar va xususiyatlar majmuini belgilash bo‘yicha takliflar O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni 14-moddasini ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining 2025-yil 22-oktyabrdagi 2306/03-32-son dalolatnomasi). Mazkur taklif ustun muzokara kuchini e’tirof etishda hisobga olinishi lozim bo‘lgan mezonlar va xususiyatlarni aniqlashning huquqiy asoslarini belgilashga xizmat qilgan;
shartnoma predmetiga taalluqli bo‘lmagan shartlarni, shu jumladan moliyaviy mablag‘lar, boshqa mol-mulk yoki mulkiy huquqlarni boshqa shaxsga topshirish haqidagi asossiz talablarni majburiy qabul qildirish bo‘yicha taklif O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni 18-moddasi birinchi qismini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining 2025-yil 22-oktyabrdagi 2306/03-32-son dalolatnomasi). Mazkur taklifning amalga oshirilishi ustun muzokara kuchiga ega bo‘lgan shaxs tomonidan o‘z kontragentiga tomonlarning shartnomaviy majburiyatlari doirasidan tashqariga chiqadigan adolatsiz va asossiz shartlarni yuklash kabi insofsiz amaliyotni aniqlashning huquqiy asoslarini belgilashga xizmat qilgan;
raqamli platforma operatorining ko‘rsatilayotgan xizmatlar shartlariga, jumladan narx, sifat, hajm va hududga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatish imkoniyati mavjud bo‘lganda, bunday holatlarni baholash bo‘yicha taklif O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 1-maydagi 256-son “Tovar va moliya bozorlarida monopoliyaga qarshi tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga 2-ilovaning 3-bobi 15-bandi 4-kichik bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining 2025-yil 22-oktyabrdagi 2306/03-32-son dalolatnomasi). Mazkur taklifning amalga oshirilishi raqamli platformalar tomonidan kontragentlarga nisbatan ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilish belgilarini aniqlashning huquqiy asoslarini belgilashga xizmat qilgan;
foydalanuvchilardan shartnoma predmetiga taalluqli bo‘lmagan shartlarni majburiy qabul qilishni talab etish hamda tovarni realizatsiya qilish yoki xarid qilishda diskriminatsion shartlarni belgilash, shu jumladan tovarlardan foydalanish shartlarini kiritish bo‘yicha takliflar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 1-maydagi 256-son “Tovar va moliya bozorlarida monopoliyaga qarshi tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga 2-ilovaning 5-bobi 19-bandi 15 va 16-kichik bandlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining 2025-yil 22-oktyabrdagi 2306/03-32-son dalolatnomasi). Mazkur taklifning amalga oshirilishi raqamli platformalarda ustun muzokara kuchini e’tirof etishda tadbirkorlar va iste’molchilarga nisbatan shartnomaviy diskriminatsiya belgilarini aniqlashning huquqiy asoslarini belgilashga xizmat qilgan.